Mamlakatimiz sud espertiza tizimiga axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda, deb yozadi O`zA.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 8 fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida alohida e`tibor qaratilgan. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 apreldagi «O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertlarining malakasini oshirish tizimini tashkil qilish to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida ayni paytda kompyuter ekspertizasini amaliyotga joriy etish ustida ish olib borilmoqda. Bu kompyuterlar yordamida qilingan jinoyatlarni fosh etishda muhim o`rin tutadi.
Poytaxtimizda “Sud ekspertizasi faoliyatida axborot texnologiyalarini qo`llashning ahamiyati” mavzuida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so`z yuritildi.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligining Ekspert-kriminalistika bosh markazi, Sog`liqni saqlash vazirligining Sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosida amalga oshirilayotgan ishlar, tergov organlari va ekspertiza muassasalari idoralararo faoliyatini elektron-axborot tahliliy kommunikasiya texnologiyalari asosida takomillashtirish, kriminalistikada fototasvir va videotasvirga raqamli ishlov berish, sud ekspertiza faoliyatiga kompyuter texnikasi va texnologiyalarni tatbiq etish istiqbollariga oid ma`ruzalar tinglandi.
27.10.2017 17:00
KOMPYuTER EKSPERTIZASI JORIY ETILADI






