Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi 859-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo`lagini transplantasiya qilish tartibi haqida Vaqtinchalik nizom” huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.
Qarorda belgilanishicha, mazkur Nizom “Inson organlari, to`qimalari va (yoki) hujayralarini transplantasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirish kunigacha amalda bo`ladi.
Vaqtinchalik nizom talablariga ko`ra, o`n sakkiz yoshga to`lmagan, belgilangan holatda o`zini-o`zi boshqarolmaydigan deb topilgan, ozodlikdan mahrum qilingan, 1 va 2-guruh nogironlari, homilador ayollar, narkomaniya, surunkali alkogolizm va toksikomaniyadan azob chekayotgan shaxslardan transplantasiya maqsadida buyrak va (yoki) jigar bo`lagini olishga yo`l qo`yilmaydi.
Transplantasiya faqat Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy jarrohlik tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Vaqtinchalik nizomda belgilanishicha, transplantasiyani amalga oshirish huquqiga ega bo`lgan tibbiyot muassasalari donor (resipientga o`z xohishi bilan a`zosi, to`qimasi va (yoki) hujayralarini berayotgan odam) va resepient (inson a`zosi, to`qima va (yoki) hujayralari transplantasiya qilinayotgan odam)ni kamida uch yil profilaktik dispanser ko`rigi, shuningdek, ambulatoriya nazoratida bo`lgan bemorlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli dori vositalari bilan ta`minlash majburiyatini ham oladi.






