— Bir-biridan shirin uch qizim bor. Ayolimga hech qachon «menga o`g`il tug`ib ber» deb janjal qilmaganman. Bilsangiz agar, qizlarimni o`nta o`g`ilga ham almashmayman. Kattasi kollejda, ikkita kichigi maktabda o`qiydi. O`n olti yil birgalikda tinch-totuv, ahil yashagan ayolim to`satdan og`ir xastalikdan vafot etdi. Uch qizim bilan bo`zlab qoldik. Ikki yildan buyon etmish ikki yoshli onam bilan birga yashayapmiz. Onamning bod kasali bo`lsa ham, o`qiyotgan qizlaring qiynalmasin deb, ro`zg`ordagi ishlarni o`zi bajarishga harakat qiladi. Atrofimda onam, qizlarim parvona, lekin elkadoshing, dardkashing bo`lmasa, erkak kishiga qiyin ekan. Olti oy ilgari befarzandligi sabab birinchi turmushidan ajragan 36 yoshdagi ayol ishxonamizga ishga kirdi. Shu ayol bilan gaplashsam, o`zimni erkin his qilaman, xuddi uni butun umr bilgandekman. Bir-birimizga befarq emasmiz. Turmush qurish taklifi bilan chiqqanimda, qarshi emasligini aytdi. Onamga yotig`i bilan tushuntirsam, «Yosh bola emassan, o`zing to`g`ri deb bilgan ishni qil, farzandlaringga mehribon, oqila ayol bo`lsa, bas» dedi. Lekin, qizlarimga kelganda masala biroz mushkullashdi. Ular meni onasiga xiyonatda ayblashyapti. Ayniqsa, katta qizim men bilan umuman gaplashishni istamayapti. Ertaga ular ham turmush qurayotganida ona maslahati kerak bo`ladi-ku. «Buvinglarni ham qiynab qo`ydik» desam, ko`nmayapti. Balog`at yoshidagi qizlarim bilan umuman kelisholmayapman…
Maslahat: — Qizlaringiz hali yosh va turmush qurmagani uchun ham sizni tushunmayapti. Ertaga turmush qurib, farzandli bo`lgachgina otasini tushunadi. Hozir esa ular bilan amma-xolalari yotig`i bilan, ochiqchasiga gaplashib olishsa, balki tushunishar. Ertaga, Xudo asrasin, otasi betob bo`lib qolsa, qizlari otasiga uyalganidan ham yaxshi qarolmaydi. O`zingiz ham qizlaringiz bilan gaplashing, ularning onasining o`rnini hech kim bosolmasligini ayting. Uylanmoqchi bo`lgan ayolingizni xuddi o`z opangizdek qabul qilsangiz ham mayli deng.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






