AsosiySUG'DIYONA

«BO`LAJAK KELINIM HUShIMNI UChIRDI…»

'«BO`LAJAK KELINIM HUShIMNI UChIRDI…»'ning rasmi

— Ikki o`g`il, ikki qizning onasiman. Turmush o`rtog`im bilan emay-edirib, kiymay-kiydirib o`stirgan farzandlarimizni oilali qilish uchun hanuzgacha tinim bilganimiz yo`q. Katta qizimni o`zimizning tumanga uzatganmiz. Vaqti bemahal biz undan, u esa bizdan xabar olib turadi. Nabiramni sog`inganimizda ham tez-tez borib, ko`rib turamiz. Endi esa magistraturani bitirib, poytaxtda ishlayotgan o`g`limni uylantirish arafasidamiz. Avvaliga o`g`limga poytaxtda emas, o`zimizning tumanda ishlashini aytganimizda, «Sizlar meni katta imkoniyatdan mahrum qilmoqchimisizlar? Shuncha yil bekorga o`qidimmi? Men ham karera qilmokchiman. Iltimos, orzularimga qarshi bo`lmanglar. Ishlarim yurishib, o`zimni o`nglab olsam, tumanda ham, poytaxtda ham ishlab yuraveraman», dedi. Men ham, dadasi ham bunga ko`ndik. Bir yil davomida o`g`limga bildirmay, tumanimizdan qiz qidirib, sovchilikka borib yurdim. Nihoyat, dadasiga ham, menga ham bir oila yoqdi. Qizi bolalar bog`chasida ishlar ekan. O`g`limga telefonda bu haqda yotig`i bilan tushuntirib, tumanga bir kelib ket, deganimda, «Mendan beso`roq nima ishlar qilib yuribsiz?» deb jahllandi. Shu bilan bir hafta na o`zi qo`ng`iroq qildi, na mening qo`ng`iroqlarimga javob berdi. Keyin uyga kelib: «Toshkentda bir qizni yoqtirib qoldim, hayotimni usiz tasavvur qilolmayman. Faqat u qiz Toshkentda alohida yashashimizni xohlayapti», dedi. Bu gap menga juda yomon ta`sirlantirdi. Lekin dadasi «O`g`lingning ko`ngliga qara, keyin attang deb yurmaylik», deb ko`ndirdi. Shundan so`ng «Mayli, u qizning manzilini ber, sovchilikka boraman» dedim. O`g`lim o`ng`aysizlanib, manzilni yozib berdi, uyalyapti deb o`ylabman. Asl sababni esa sovchilikka borib bildim. O`g`lim yoqtirgan qiz boshqa millatdan ekan. Biz shuncha sharoit yaratib, orzulari amalga oshsin deb harakat qilsagu, u esa bizni umuman o`ylamadi… Mana, ikki oydirki uyimizda tinchlik yo`q. Yaqinda shifoxonada yuragimni davolatib chiqdim. Qanday yo`l tutishga hayronmiz…

Maslahat: — Farzandingiz oliy ma`lumotli, ish joyi tayin ekan. Bu borada omadlisiz. Farzand karera qilaman deganida, albatta, qo`llab-quvvatlash kerak. Sevgan qizi boshqa millat vakili bo`lsa ham uni so`rab-surishtiring. Balki oilasi ham, qiz ham yaxshidir. Oldindan xulosa chiqarmang. O`g`lingizning tanloviga befarq bo`lmang. Agar farzand yaxshi tarbiya ko`rgan bo`lsa, masofa olisligiga qaramay, o`sha erdan turib ham uning xizmatini qilaveradi. Ertaga emay-edirib, kiymay-kiydirib katta qilgan farzandingiz baxtsiz bo`lib qolsa, unda siz ham qiynalasiz.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar