AsosiySUG'DIYONA

KELINLAR, «UYDAN KETISh OPERASIYaSI» BEKOR QILINADI!

'KELINLAR, «UYDAN KETISh OPERASIYaSI» BEKOR QILINADI! 'ning rasmi

«Olti oydan beri ota uyimdaman. Erimning qiliqlari, qaynonamning dahmazalaridan to`yib ketdim. Ota uyimga ketsam, qadrimga etib, aqllari kirib qolar, deb o`ylagandim. Mening ham o`zimga yarasha fe`lim, ortimda suyanchiqlarim borligini bilishsa, muomalalari o`zgarar, degan umidda edim. Qayda, chuchvarani xom sanagan ko`rinaman. Avvaliga bolalaridan xabar olib turgan dadajonimiz uch oydirki, qorasini ko`rsatish tugul, qo`ng`iroq ham qilmaydi. Eng alam qilarlisi, qaynonam bir joyga sovchilikka ham boribdi...»

Gulzoda, 29 yosh

Xo`sh, ketaman deb, erni qo`rqitish ish beradimi? Qaynonaga qanday ta`sir qiladi? Gulzodaning vaziyatidan ko`rib turganingizdek, uydan ketib, yutmaysiz, yutqazasiz. Quyida ruhshunos Barno ILhOMOVA buni 12 fikr bilan asoslab beradi.

  • Qo`rqitolmaysiz. Insonda qo`rquv hissi qachon bo`ladi? Xavf tug`ilganda. Xavf bartaraf bo`lgach esa o`z-o`zidan yo`qoladi. Deylik, siz tugunlaringizni yig`ishtirib, uydan ketib, eringizni qo`rqitib qo`ymoqchisiz. Xo`p-xo`p, u qo`rqdi ham, deb hisoblaylik. Keyin qaytib kelasiz-ku! Turmush o`rtog`ingiz hammasi bekorligini tushunganida, xotinim ajrashib ketsa-ya, bolalarim nima bo`ladi, degan o`ylar bulutdek tarqab ketadi. Bir marta ketib qo`rqitarsiz, ikki marta qo`rqitarsiz, uchinchisidan keyin u qo`rqmaydi. O`yiningizga ko`nikib qoladi.
  • O`zingizni ko`rsatasiz. Faqat kuchliligingizni emas. Ojizligingizni. Chunki muammodan qochish, bu — ojizlik. Muammo hech qachon tashqarida bo`lmaydi. U ichingizda yashaydi. Ota uyingizga ketasizmi, ikki-uch oy ijara uy olib yashaysizmi, muammolaringiz ham etagingizdan qolmaydi. Borgan joyingizda esa uni hal qilmaysiz. Eng yomoni, eringiz, qaynonangizda salbiy tasavvur uyg`otasiz: «O`zining tinchgina yashash niyat yo`q, bo`lmasa, ketmasdi» kabi.
  • Xato ustiga xatoga yo`l qo`yasiz. Shoshdingiz, yoshlik qildingiz va kelinlik uyingizdan ketdingiz. Ota uyga borib olgach ham tinchimaysiz-ku! Hali eringizga qo`ng`iroq qilib, alamingizni to`kib solasiz, hali kechirim so`rab, xabar jo`natasiz. Hech bo`lmasa, eringizning uzoq qarindoshimi, qo`shnisimi, kim bilandir «dardlashib», janjalni yanada avjlantirib, qaytish yo`llarini yopib o`tirasiz.
  • Oilangizni mustahkamlamaysiz, aksincha buzishingiz mumkin. Chunki bunyod etish, asrash yo`lini emas, buzish yo`lini tanladingiz. Har bir harakatingiz oila devoridan bitta g`ishtni ko`chirishga hizmat qilsa-qiladiki, aslo mustahkamlamaydi.
  • Erimni jazolayman deb adashasiz. Masalan, bolalarni ko`rsatmaslik yo`li bilan hech narsaga erishmaysiz. Erkaklarning ko`pchiligi bolalari orqali xotinini ortiga qaytarmoqchi bo`ladi. Siz esa yo farzandlarini ko`rsatmasdan jazolamoqchi bo`lasiz, yoki «Men emas, faqat bolalar kerak sizga», deya iddaolar qilasiz. Yig`ingiz, jazolaringiz, minnatlaringizdan to`ygan erning esa, hatto, siz bilan telefonda gaplashishga ham yuragi bezillab qoladi.
  • Yo`qligimda qadrimga etadi, deb yanglishasiz. Yaxshi tomonlaringiz bilan birga «-» laringiz ham yaqqol ko`zga tashlanib qoladi yo`qligingizda. Bilsangiz, ayollarning arazlab ota uyiga ketishi erkaklarning oilaviy hayotdan ta`tilga chiqishidek gap. Ha, qulog`ining tagida tanbur chertadigan, tanbeh beradigan, tergaydigan xotin yo`q ekan, nima g`amlari bor. Bora-bora turmush o`rtog`ingiz bunday yallamo yorim hayotga ko`nikib qolsa, nima qilasiz?
  • Qaynonangiz tavbasiga tayanmaydi. Avvalo, qaynona haydasa ham, uydan ketishga haqqingiz yo`q. Sizning boshingizda xo`jayiningiz — turmush o`rtog`ingiz bor. Onasining gapi bilan ostona hatlasangiz, «Men seni haydaganmidim? Nega o`zbilarmonlik qilib ketding?» deya umr yo`ldoshingizning jahli chiqishi hech gapmas. Keyin yana bir gap, qaynonangizning ovozi ko`tarilib, ota-onangizni chaqiring, olib ketsin, desa, darrov telefonga yopishmang. Ota-onangiz birinchidan, qudaning oldida izza bo`ladi, ikkinchidan, bu xonadonga yana qaytishingiz haqiqiy masalaga aylanadi.
  • Ota uyingizda ham obro`ngiz oshib qolmaydi. Goh yuzingizga, goh izingidan, «O`zining fe`li yomon-da, sirkasi suv ko`tarmaydi, bo`lmasa, tinch yashardi», degan gaplar yog`ilishi tabiiy. Otangizning qaddi bukilishi, onangizning otangiz oldida, el oldida elkasi qisilishini-ku aytmay qo`ya qolaylik.
  • Jigarlaringizga salbiy ta`sir ko`rsatasiz. Turmushga uzatilmagan singillaringizning ongida «Erga tegsam, hayot shu ekan-da. Yig`lab kelib o`tirarkanman. Erlarning hammasi zolim, qaynonalarning bari bemehr bo`larkan», degan qo`rquv paydo bo`ladi. Uylanmagan aka-ukangizda esa ayol zotiga nafrat uyg`ona boshlaydi. Axir siz har kuni turmush o`rtog`ingizdan nolib, unga loy chaplaysiz-da. Yigit kishi esa bu gaplarni eshitib, o`zicha xulosa yasaydi: «Uylansam, xotinimni mahkam ushlayman. Toki uyimning sirini ko`chaga tashimasin, meni hammaga yomonlamasin».
  • Ketganingiz ovoza bo`ladi. Mahalla-ko`y, qarindosh-urug` degan gaplar bor. Kimdir aql o`rgatgan, kimdir gapirgan. U uydan-bu uyga gap tashilishi ham, rejangizdagi «tarbiyalash operasiyasini» ajrim ostonasiga olib borib qo`yishi mumkin. Mayli, faraz qilaylik, eringizning ko`zi moshdek ochilib, yo`qligingizda farishtaga aylandi va sizni oilasiga qaytardi. Bu gap oilangiz a`zolari tomonidan o`rni kelganda eslanib, sizga o`q bo`lib otilishi turgan gap. Tag`in uzoq qarindoshmi, yaqin qo`shnimi, «Yaxshi bo`p kettinglarmi, huv anuvda bir otangiznikiga ketib qolgandingiz-a», deya bilib-bilmay yarangizni tirnasa, mulzam bo`lib qolasiz.
  • O`zingizga o`zingiz choh qazimang. Janjalsiz oila, muammosiz ro`zg`or yo`q. O`zingizdan ham o`tgan ayblar ham bordirki, turmushingiz notinch. Sabrni unutib, «Bir qadrimga etishsin», deya ota uyga ketib, o`zingizga-o`zingiz tuzoq qo`ymang. Qaynonalarning ham arazchi kelinga toblari yo`q. Eringiz, qaynonangiz sizdan bo`lar-bo`lmasga norozi bo`laversa ham, chidang va ularning ko`nglidagidek bo`lishga harakat qiling. Bo`lmasa, siz ostona hatlashingiz bilan o`g`lini uylantirib qo`yish tashvishiga tushadiganlar ham bor. Magarki, allaqachon tugun tugib, ota uyingizga ketgan va kim kelib olib ketarkan, deya yo`l poylayotgan bo`lsangiz, darhol izingizga qayting. Va to`g`ri xulosa chiqaring. Ya`ni oilangizdagilarga bu makringiz o`tmaydi.
  • Maqsadingiz yo`lida to`g`ri harakatlaning. Ya`ni shu oilada yashash imkoni bormi, nega endi undan bir kunga bo`lsa-da, ketishingiz kerak? Ajrashish emasmi maqsadingiz, o`zingizcha erni odam qilish, qaynonaning ko`zini ochish uchun bunday keskin qaror qabul qilmang. To`g`ri, hayotda istisno vaziyatlar bor. Giyohvand, doim ayolini uradigan, pastkashlarcha xo`rlaydigan erlar bilan umrguzaronlik qilishning iloji yo`q. Ruhan va jismonan sog`lingizga xavf mavjud bo`lgan joydan ketishingiz talab etiladi. Shuning uchun, vaziyatingizga qarab qadam tashlang.

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, oilangizdan ajrashishingizga katta sabab yo`qmi, maqsadingiz xonadoningizda xotirjamlik, osoyishtalik bo`lishini ta`minlashmi, unda ketaman so`zini tilingizga chiqarmang. Sabr, oqillik va mehr bilan istagingizga, albatta, erishasiz!

MUXLISA.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar