Ortiqcha santimetrlardan xalos bo`lishga necha martalab urinsangiz ham bari besamar ketyaptimi? Xo`sh, nima sababdan olmali, tarvuzli, qatiqli yohud grechixali parhezlar foyda bermadi? To`g`rirog`i, ozishga ozdingiz-u, ammo bir oydan keyin to`lin oydek «to`lishish»da davom etyapsiz. Bunga yo`l qo`ymaslik usullari va vaznni bir me`yorda ushlab turish yo`llari haqda dietolog Dmitriy Vdovin ma`lumot beradi.
BARI NATIJASIZ...
Parhezlar befoydami? Amal qilmaydiganlar uchun, albatta, befoyda. Ba`zi dietologlar uni hatto, zararliga chiqarib qo`yishmoqda, parhezdan keyin vazn ortishi tayin, deb ta`kidlashadi. Ko`pchilikayollar esa kun mobaynida och yurishni parhez deb tushunadi. Aslida surunkali ochlik bilan tanadagi yog`lardan emas mushaklarimiz og`irligi va suvdangina xalos bo`lamiz. Yog`lar parchalanishi uchun esa kundalik sarflagan kalloriyalarimiz miqdori kelib tushayotganlariga teng bo`lishi kerak.
KALLORIYa ETMASA HAM SEMIRAMIZ?!
Atay taomlarimiz kalloriyasi kamroq bo`lsin deb nafsimizni tiysagu kamiga semirsak shu ham insofdanmi? Buni qarangki, inson organizmi shunday dasturlangan. Keling tushunarli bo`lishi uchun quyidagi misolni ko`rib chiqsak. Aytalik, kundalik harajatlaringizga uchun 10 000 so`m kerak, ammo vaziyat tanglashib, ikki hafta davomida faqat 5 000 so`mdan sarflaysiz. Qo`lingizga maosh tekkach esa 15 000 dan sarflash imkoniyati mavjud, biroq «qora kunlar» uchun o`sha 5000 so`mni saqlab qo`yasiz. Inson ongi ham huddi shunday. Ikki hafta davomida surunkali ochlikka mubtalo bo`lgan organizm, parhez tugagach ham kundalik sarflar, «qora kunlar» uchun ham yog`larni g`amlab qo`yadi. Natijada moddalar almashinuvi sekinlashadi, vazn esa mushaklar hisobiga kamayadi va oxir oqibat «o`zimizning» yog`larimiz bilan qolaveramiz. Aslida bunday vaziyatda avvalgi holingizga qaytsangiz xursand bo`lish kerak, chunki odatda ko`pchilik yanada to`lishadi.
SEMIRIB KETMASLIK UChUN ESA...
Ortiqcha vazndan xalos bo`lish uchun avval boshdan to`g`ri ovqatlanish tartibiga rioya etish darkor. Bundan tashqari haftada ikki bor engil taomlar kunini uyushtirib turish ham foydadan xoli bo`lmaydi. Aytaylik, har yakshanba, kun bo`yi faqat qatiqli, tarvuzli, guruchli, ivitilgan grechixali, tvorogli taomlardan birini tanovul qiling. Bu amaliyot moddalar almashinuvini yaxshilagani tufayli ayniqsa vaznni bir me`yorda ushlab turishga yordam beradi. Va albatta rasiondan shakarni butunlay chiqarib tashlash lozim. Shuningdek, xolesterin va uglevodli eguliklarni aralashtirish ta`qiqlanadi. Olimlarning ta`kidlashicha ular o`zaro birlashib, qon tomirlarida yog` to`planishiga sabab bo`ladi.
Saodat tayyorladi.
Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi





