Joriy yilning 10-17 oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo`shin razvedkachilari o`rtasida bo`lib o`tgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida ilk bor ishtirok etgan O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 29 mamlakatdan kelgan 139 ta jamoa ichida faxrli ikkinchi o`rinni egallashga muvaffaq bo`lishgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Mamlakatimizning mudofaa yo`nalishidagi kuch-qudratini dunyoga namoyon etishda o`z hissalarini qo`shgan harbiy xizmatchilar 21 oktyabr kuni ertalab Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantana bilan kutib olindi. Unda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o`quvchi yoshlar va xalqaro tanlov ishtirokchilarining yaqinlari ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qurolli Kuchlar davlat muzeyida sovrindor jamoani taqdirlashga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi. Unda Mudofaa vazirining buyrug`iga ko`ra tanlov ishtirokchilariga «Namunali xizmati uchun» II darajali ko`krak nishonlari tantanali tarzda topshirildi.






