AsosiySUG'DIYONA

SOCh TO`KILIShIDA YoRDAM BERUVChI MEZOTERAPIYa BORMI?

'SOCh TO`KILIShIDA YoRDAM BERUVChI MEZOTERAPIYa BORMI?'ning rasmi

— Sochim ko`p to`kiladi. Yaqinda bir maqolada o`qidim: mezoterapiya soch uchun ham foydali ekan. Bu muolaja yordamida soch to`kilishining oldini olib, davolash mumkinmi?

Muhayyo, Samarqand shahri

Bosh mezoterapiyasi yangi uslub bo`lib, u kosmetologiyada endi ommalashmoqda. Haqiqatan ham u soch to`kilishi, uchlarining “ gullash”ini davolashda, zaif sochlarni baquvvatlashtirishda yaxshi samara bermoqda. Mutaxassislar bosh va soch ildizlarining qon aylanishini yaxshilaydigan moddalar, mikroelement, aminokislota va vitaminlarni saralab olishadi. Shu shaklda soch uchun kerakli ozuqalarga boy bo`lgan vosita ishlab chiqiladi. Bu uslub har bir mijozning muammosini o`rganib chiqqan holda qo`llaniladi. Natijada soch o`sishi faollashadi, tashqi ko`rinishi yaxshilanib, kepaklar ham yo`qoladi. Bu uslub soch to`kilishi muammosiga echim bo`la oladi hamda soch oqarishini ham to`xtatadi.

Qay hollarda mumkin emas?

  • O`t pufagi kasalliklarida;
  • qon quyuqlashganda;
  • homiladorlikda;
  • operasiyadan keyingi davrda;
  • saraton kasallishida.

Emizikli ayollarga ham mezoterapiya tavsiya qilinmaydi. Shuningdek, ayol gormonal konraseptiv vositalar qabul qilsa, buni shifokorga bildirishi zarur. Mezoterapiya uchun tayyorlangan in`eksiya har bir mijoz organizmining xususiyatlarini o`rgangan holda tayyorlangani bois qabul qilinayotgan dori vositalari yoki kasalliklar ham aytilishi maqsadga muvofiq.

Yoshga doir cheklovlar bormi?

Yo`q. Mezoterapiyani qarish alomatlari paydo bo`la boshlagan yoshdan qo`llash mumkin. Ammo mutaxassis bu uslubni tavsiya qilishda bemorning teri holatini o`rganadi va shundan kelib chiqib muolajani belgilaydi.

Yana nimalarga davo?

Mezoterapiya kosmetologiyada ko`pgina muammolarni hal qilishda yordam beradi. Jumladan:

  • muammoli yuz terisi (husnbuzar toshmalari);
  • sellyulit;
  • ortiqcha vazn;
  • «ikkinchi» baqbaqa;
  • yuz osilib qolishi;
  • ko`z osti «qopcha»lari;
  • ajinlar;
  • yuzdagi tomirchalar (kuperoz);
  • yuzdagi turli izlar;
  • dog`lar;
  • soch to`kilishi kabi holatlarni davolaydi va yo`qotadi.

Muolajani necha marta olish kerak?

Mezoterapiyaning bir kursi 5 ta muolajadan iborat va haftasiga bir marta qilinadi. Yarim yildan so`ng takrorlanadi.

Qaerda qilinadi?

Mezoterapiya albatta plastik jarrohlik markazida shifokor tomonidan amalga oshirilishi zarur. Shifokor bemorning holatini o`rganib chiqqan holda mezoterapiya uchun in`eksiya hozirlaydi va muolajani amalga oshiradi. Teri ostiga nina yordamida amalga oshirilgani sababli gigiena qoidalariga amal qilinishi shart.

Manba: «SUGDIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar