AsosiySUG'DIYONA

PARDOZ BORASIDA 5 TA UYDIRMA VA HAQIQAT

'PARDOZ BORASIDA 5 TA UYDIRMA VA HAQIQAT'ning rasmi

Har bir ayolning tashqi ko`rinishini parvarishlash bo`yicha bir qator qonun-qoidalari bo`ladi. Biroq ba`zi go`zallik sirlari xaqiqatdan yiroq ekanini bilishimiz zarur. Quyida pardoz-andoz borasidagi xato va to`g`ri fikrlarni keltiramiz…

1-uydirma. Kremlar tarkibidagi konservantlar teri uchun zararli.

Ko`p hollarda bunday emas. Zamonaviy kosmetik vositalarda konservantlar sifatida birinchi navbada parabenalardan foydalaniladi. Odatda ular teriga ziyon etkazmaydi. Biroq parabenali kremlardan tez tez foydalanilsa, bu moddalar terida pardozni ketkazishga mo`ljallangan vositalarning ham kuchi etmaydigan ko`rinmas qatlam xosil etadi. Buning natijasida esa husnbuzarlar paydo bo`lishi mumkin.

2-uydirma. Sochni tez-tez tarash ularning to`kilishiga sabab bo`ladi.

Aksincha. Sochni tez tez tarab turish bosh terisida qon aylanishini yaxshilab, massaj ta`siriga ega bo`ladi. Natijada sochingiz yanada sog`lomlashadi. Bundan tashqari, mazkur yo`l bilan siz sochni pardozlash vositalari qoldiqlari va changdan xalos etasiz. Ammo taroq tanlashda adashmasligingiz zarur. Tabiiy tishli taroq cho`tkalari ayni muddao. Arzon plastik taroqlar esa sochingizga chindan ham zarar etkazishi mumkin.

3-uydirma. Tirnoq bo`yog`i tirnoq plastinalarini quritib yuboradi.

Mazkur fikrni to`liq tasdiqlash mumkin emas. Hammasi tirnoq bo`yog`iga va birinchi navbatda bo`yoq asosiga bog`liq. Muhimi, bo`yog`ingiz formaldegiddan xoli bo`lib, tarkibida kalsiy, A va D vitaminlari bo`lishi kerak. Shunda tirnoqlarni ehtiyot qilibgina qolmay, ularni yaxshi parvarish hamda samarali ozuqa bilan ta`minlaysiz. Bundan tashqari, tirnoq va kutikulalarga muntazam ravishda mustahkamlovchi maxsus yog`larni surtishga harakat qiling. Muolajani haftasiga ikki marotaba amalga oshirsangiz, doimiy manikyurga qaramay tirnoqlaringiz mustahkam va sog`lom bo`ladi.

4-uydirma. Tush sabab kipriklar sinib, to`kiladi.

Yo`q. Zamonaviy tushlar kipriklarga ziyon etkazmaydi, aksincha, ularni atrof-muhitning salbiy ta`siridan himoyalaydi. Buning uchun tushga maxsus proteinlar qo`shiladi. Ammo uxlashdan oldin tushni yuvib yotmasangiz, kipriklaringiz tuzilishiga chindan ham ziyon etishi mumkin.

5-uydirma. Muammoli teri pilingga ko`p ehtiyoj sezadi.

Yo`q. Teringiz muammoli bo`lib, tez-tez husnbuzarlar toshsa ham, piling muolajasini haftada bir marotabadan ko`p amalga oshirib bo`lmaydi. Agarda piling muolajasini ko`p qildirsangiz, teringizni himoya qatlamidan mahrum etasiz va u bakteriyalarga ta`sirchan bo`lib qoladi. Natijada bakteriyalar yanada ko`payadi. Bundan tashqari, tashqi mexanik ta`sirdan teringiz yanada qurib ketadi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar