AsosiyDunyo

MURUVVATLI LEONARDO DI KAPRIO

'MURUVVATLI LEONARDO DI KAPRIO'ning rasmi

“Rouz, cho`ntagimda besh sentgina pulim bor, ammo seni baxtli qilish qo`limdan keladi!” “Rouz, sen tirik qolib, bir etak farzand ko`rishing kerak...” Ushbu so`zlar yodingizdami? Ha, barakalla. Bu o`sha, biz hamon sevib tomosha qiladigan rejissyor Jeyms Kameronning “Titanik” filmidagi olijanob oshiq rassom Jekning dil so`zlaridir. Ana shu Jek rolini qoyilmaqom qilib ijro etgan Leonardo di Kaprio mehr-muruvvatli inson ekanligini yana bir bor isbotladi.

Di Kaprio – millionlab ayollarning qalbini o`g`irlagan jozibador aktyordir. Lekin uning naqadar bag`rikeng inson ekanligini hamma ham bilavermaydi. Leonardo – dunyoga dong`i ketgan kinoaktyor, rejissyor va prodyuserdir. Hozirgi kungacha o`n beshdan ziyod kinofilmlarda asosiy rollarni ijro etgan. “La`natlanganlar oroli”, “Buyuk Getsbi”, “Qo`lingdan kelsa, meni ushla”, “Aviator”, “Uoll-Stritdan chiqqan bo`ri”, “Omon qolgan”, “Ibtido”, “O`zgarishlar yo`li”, “Tezkor va jonsiz”, “Romeo+Juletta” singari falsafiy-dramatik filmlarda bir-birini takrorlamas obrazlarni yaratgan, desak, mubolag`a bo`lmaydi. “Titanik”dagi olijanob Jekni-ku aytmasak ham bo`ladi. Bugungi kunga kelib sevimli aktyorimiz nafaqat mashhur, qolaversa, boy-badavlat hamdir.

Leonardo tabiatni asrab-avaylaydiganlardan. U “GREENPEACE” xalqaro tabiatni asrash va himoyalash tashkilotining mas`ul vakilidir. Aktyor fillar, gorillalar, amur yo`lbarslarini himoyalash uchun ancha-muncha pulni ayab o`tirmaydi.

Nima, Leo faqat jonivorlargagina yordam beradi, deysizmi?! Adashasiz! Shu kunlarda aktyor avtohalokatga uchradi. To`qnashuvdan so`ng Leoning mashinasi ta`mirlab bo`lmas holatga keldi. YTH aybdori meksikalik musofir ayol bo`lib chiqdi. Boyaqish ayolda na o`zining mashinasini sozlashga, na Di Kaprioga tovon puli to`lashga sariq chaqasi ham yo`q edi. Ustiga ustak, mabodo Leo polisiya chaqirdanida bormi, sho`rlikning sho`riga sho`rva to`kilardi, axir u noqonuniy ravishda AQShga ko`chib kelgandi.

Ammo bizning Leonardomiz polisiya chaqirmadi, boz ustiga, ayol o`z avtomobilini ta`mirlatib olishi uchun unga pul ham berdi. Ana shunaqa, Leonardo Di Kaprio nafaqat mashhur aktyor, balki tom ma`nodagi buyuk inson ekanligi bilan muxlislari ko`nglini iydirdi.

Rozitivno.me nashri.

    Boshqa yangiliklar