AsosiyJamiyat

​PREZIDENT 20 AVGUSTGA QADAR HAR BIR O`QUVChINING O`QIShNI DAVOM ETTIRISh MASALASINI HAL ETIShNI TOPShIRDI

'​PREZIDENT 20 AVGUSTGA QADAR HAR BIR O`QUVChINING O`QIShNI DAVOM ETTIRISh MASALASINI HAL ETIShNI TOPShIRDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2017 yil 2 avgust kuni umumta`lim maktablari va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari o`rtasida o`zaro integrasiyani ta`minlagan holda, 11 yillik o`rta ta`lim tizimini joriy etish, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimini tubdan isloh qilish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi, deb yozadi O`zA.

Yig`ilishda Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, joylarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, xalq ta`limi va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi hududiy boshqarmalari boshliqlari, oliy ta`lim muassasalari rektorlari, o`qituvchi va pedagoglar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ma`lumki, davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida aholi, jamoatchilik vakillari bilan o`tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlar chog`ida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga ota-onalardan bo`layotgan murojaatlarda umumta`lim maktablarida 10-11-sinflarni tashkil etish yuzasidan ko`plab takliflar bildirilmoqda.

Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, oliy ta`lim muassasalari rektorlari, keng jamoatchilik vakillaridan tuzilgan ishchi guruh a`zolari tomonidan joylarda ota-onalar va o`quvchilar hamda keng jamoatchilikning 2017-2018 o`quv yilidan boshlab 9-sinf bitiruvchilari umumta`lim maktablarining 10-sinflarida, akademik lisey yoki kasb-hunar kollejlarida o`qishni davom ettirishiga oid fikrlari o`rganildi.

Bu jarayonda umumta`lim maktablarining 466 ming nafar 9-sinf bitiruvchisidan 352 ming nafari 10-sinfda, 114 ming nafari akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida o`qishni davom ettirish niyatida ekani aniqlandi.

Yig`ilishda ota-onalar va bolalarning shu boradagi xohish-istaklarini to`liq hisobga olish va ro`yobga chiqarish zarurligi, ularning ovora bo`lishiga yo`l qo`ymaslik, shunday holatlar yuz bergan taqdirda tegishli tumanlar hokimlari, xalq ta`limi bo`limi va ta`lim muassasalari rahbarlariga nisbatan qat`iy choralar ko`rilishi ta`kidlandi.

O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, Xalq ta`limi vazirligi rahbarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shu yil 20 avgustga qadar har bir o`quvchining aniq maktab, lisey yoki kasb-hunar kollejida o`qishni davom ettirishini ta`minlash vazifasi yuklatildi.

Selektor yig`ilishida o`quvchilar va ota-onalarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda o`quvchilarga kasb-hunar o`rgatishning yangi tizimi – o`quv-ishlab chiqarish majmualarini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Yangi o`quv yili boshlangunga qadar bu majmualarni o`quv jihozlari, kasb-hunar o`rganish uchun zarur anjom va uskunalar bilan ta`minlash bo`yicha mas`ul idora va shaxslar belgilandi.

Mahalla faollari, nuroniylar, profilaktika inspektorlari, O`zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang`ich tashkilotlari, tuman, shahar hokimlariga umumta`lim maktablarida ta`lim-tarbiya sifatini oshirish, har payshanba ­– profilaktika kunida o`quvchilarning davomatini o`rganish va tahlil natijalarini tanqidiy muhokama qilib borish vazifasi topshirildi.

Yangi o`quv yili boshlanguncha kasb-hunar kollejlarining o`quv ustaxonalari negizida o`quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil qilib, ularga yaqin atrofdagi maktablarni biriktirish, kollejlardan uzoqda joylashgan umumta`lim maktablari o`quvchilari uchun maktabning o`z bazasida o`quv-ishlab chiqarish majmuasi yaratish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi.

O`quv-ishlab chiqarish majmualarida chuqurlashtirilgan maxsus tayyorgarlikni talab etmaydigan chilangar, tikuvchi, haydovchi, oshpaz, sartarosh, kashtachi, kulol, qandolatchi, novvoy, duradgor, suvoqchi, bo`yoqchi kabi jami ellikdan ziyod kasb-hunar o`rgatiladi. Bu majmualarda kasb egallagan o`quvchilarga 11-sinfni yakunlaganidan so`ng etuklik attestati bilan birga mehnat faoliyati bilan shug`ullanish imkonini beradigan davlat namunasidagi hujjat ham taqdim etiladi.

Yig`ilishda kasb-hunar kollejlarida faoliyat ko`rsatayotgan, dars soatlari hajmi kamaygan har bir o`qituvchini ijtimoiy himoya qilish, ularni yangi o`quv yili boshlangunga qadar o`z mutaxassisligi bo`yicha ish bilan ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratilib, mutasaddi shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.

2017-2018 o`quv yilidan boshlab maktablarning 10-sinf o`quvchilarini yangidan ishlab chiqilgan o`quv rejasi va dasturlari asosida zamonaviy darsliklar bilan ta`minlashga oid masalalar muhokama qilindi, tegishli tashkilotlarga darsliklarni vaqtida va sifatli nashrdan chiqarish bo`yicha uyushqoqlik bilan ish olib borish vazifasi yuklandi.

Yig`ilishda iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalarida 10-11-sinflarni tashkil etish, nodavlat ta`lim muassasalari tarmog`ini kengaytirish masalalari ham ko`rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga joriy yilning 20 avgustiga qadar ta`lim muassasalarini yangi o`quv yili, kuzgi-qishki mavsumga sifatli tayyorlash hamda Investisiya dasturiga kiritilgan ta`lim ob`ektlarida olib borilayotgan qurilish-ta`mirlash va jihozlash ishlarini yakunlash bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar