Prezident Shavkat Mirziyoev tavallud ayyomi munosabati bilan tabrik yo`llaganlarga minatdorchilik bildirdi.
Minatdorchilik so`zlari Prezidentning rasmiy saytida e`lon qilindi.
"Tug`ilgan kunimga 60 yil to`lishi munosabati bilan uzoq-yaqindan qutlovlar, tabriknoma va maktublar yo`llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarimga o`zimning samimiy minnatdorligimni izhor etaman.
Mening sha`nimga bildirilgan ezgu tabrik va tilaklarni, avvalambor, O`zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatimizning bugungi va ertangi kuniga bo`lgan ishonch ifodasi sifatida qabul qilaman. Fursatdan foydalanib, mehnatsevar, bag`rikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin qalbimdan farzandlik mehrimni bildiraman. Ko`p millatli O`zbekiston xalqining baxtu saodati va farovonligi yo`lida sadoqat bilan xizmat qilish uchun bundan buyon ham bor kuch va g`ayratim, bilim va tajribamni safarbar etaman."
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






