Iroqning Mosul shahrini “Islom davlati” terrorchilik guruhi jangarilaridan ozod etishda 40 ming nafar tinch aholi halok bo`ldi, deb yozdi kurd razvedkasi havolasiga tayangan holda Independent gazetasi, deya xabar berdi Ria.ru nashri.
Mosul shahri aholisi jangarilar, Iroq armiyasi va avia otishmalar qurboni bo`lgan. Kurd siyosatchisi va Iroq TIV sobiq rahbari Hoshiyor Zebariyning ma`lum qilishicha, halok bo`lganlarning jasadlari dafn etilmay, hamon vayronalar tagida turibdi.
Mosulni “Islom davlati” jangarilaridan ozod qilish kampaniyasi o`tgan yilning oktyabr oyida boshlangan edi. Operasiyada maxsus topshiriqlarni bajaruvchi otryad, federal polisiya va hukumat armiyasi qatnashgan. Iroq harbiy kuchlariga havodan AQSh rahbarligidagi xalqaro koalisiya aviasiyasi yordam bergan.
Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy o`tgan haftada uch yil davomida jangarilar nazoratida bo`lgan Mosul shahrining terrorchilardan ozod etilganligini rasman ma`lum qilgan edi. Operasiyaga rahbarlik qilgan amerikalik general Stiven Tausend shaharni jangarilardan batamom tozalash uchun yana bir necha hafta zarurligini bildirdi.
BMTning ma`lum qilishicha, Mosul shahri aholisini ta`minlash uchun 450 million dollar, shaharning infrastrukturasini tiklash uchun esa milliard dollar mablag` zarurdir.






