“O`zbekiston temir yo`llari” AJning “O`ztemiryo`lmashta`mir” unitar korxonasida “Mamlakat xavfsizligi va barqarorligini ta`minlash – bosh maqsadimiz” mavzusida yig`ilish o`tkazildi.
Tadbirda korxona bosh direktori Nusratillo Abdullaev, O`zbekiston temir yo`llari Sog`liqni saqlash xizmati boshlig`i, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati O`TI Ma`naviyat va ma`rifat kengashi a`zosi targ`ibot- tashviqot guruh rahbari, O`zbekiston temiryo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi rayosat a`zosi, sosiologiya fanlari nomzodi Toshpo`lat Matibaev hamda korxonaning 300 nafar ishchi-xodimlari qatnashdi.
Toshpo`lat Baltabaevich so`zga chiqar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O`zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig`ilishida Parlament a`zolari oldiga qo`yilgan vazifalar xususida so`zladi.
Xususan, o`tgan davrda Prezidentning aholini qiynab kelayotgan muammolar, joylarda islothotlarning jadallik bilan amalga oshirilishi yo`lidagi mavjud kamchilik va nuqsonlar atroflicha tahlil qilinishga e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi.
Prezidentning “Deputat bo`lish, xalq ishonchini qozonish va uni munosib ravishda oqlash-bu oson emas. Bunday sharaf hammaga ham nasib etmaydi.” degan fikrlari barcha deputatlarni hushyorlikka chaqirdi desak mubolag`a bo`lmaydi. Xalq deputatlardan juda ko`p narsa kutayotgani ham sir emas. Prezident o`z ma`ruzasida deputatlik faoliyatining mashaqqatli shu bilan birga sharafli ekanligini “o`zining tashkilotchiligi va tashabbuskorligi, mas`uliyati bilan xalq ishonchini qozongan har qaysi parlament a`zosi va partiya vakili hech qachon e`tiborsiz qolmaydi” deya ta`kidlab, “Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat”, “Mehnatkash deputat” degan nomlar berishni, sidqidildan va samarali ishlagan, vakolati tugagan deptutalarga “Faxriy deputat” maqomini berib, ularning oyligiga ustama haq to`lash tizimini joriy etishni taklif etdi.
“Partiyalar fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning g`oyaviy, mafkuraviy ehtiyojlarini qondirishi shart. Agar partiyalar bunga erisholmasa, bu bo`shliqni g`araz niyatli kuchlar to`ldirishga harakat qilishi shubhasiz”, degan fikr mutlaqo to`g`ri va buni inkor etib bo`lmaydi. Shunday ekan har bir deputat, davlat vakili kerak bo`lsa har bir xonadonga kirib borib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o`rganishi shart. Davlatimiz rahbari ta`kidlaganiday Oliy Majlis palatalarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga bevosita daxldorligini eng dolzarb masalalarni hal etish borasidagi tashabbuskorligini oshirish zarur”, deya fikrini muhtasar qildi T.Matibaev.
Yig`ilish so`nggida T.Matibaev korxona ishchilarini qiynab kelayotgan muammolar bilan bevosita tanishdi, ularning har biri bilan alohida suxbatlashib, ularni qiynayotgan masalalarga echim topdi hamda doimo har bir saylovchisining muammolari bilan tanishishga tayyor ekanligini aytib o`tdi.








