O`zbekiston milliy terma jamoasining hujumkor yarim himoyachisi Marat Bikmaev jarohati tufayli Eronga qarshi JCh–2018 saralash o`yinida ishtirok eta olmaydi, deya xabar beradi O`FF matbuot xizmati.
“Lokomotiv” a`zosi kecha, 6 iyun kuni Tailandga qarshi (2:0) o`tkazilgan o`rtoqlik o`yinida jarohat olib, 52-daqiqa maydonni tark etishga majbur bo`lgandi.
Dastlabki tibbiy tekshiruv natijalariga ko`ra, Marat Bikmaev Eronga qarshi JCh–2018 saralash o`yiniga qadar tiklana olmasligi ma`lum bo`ldi. Shu jumladan, Davron Xoshimov klubda orttirib olgan jarohatidan butunlay forig` bo`lmadi va u ham Tehron safarini o`tkazib yuboradi.
Avvalroq jarohatlari tufayli Vitaliy Denisov (“Lokomotiv” Moskva), Islom To`xtaxo`jaev (“Lokomotiv” Toshkent) va Aleksandr Merzlyakov (“Qo`qon-1912”) olingan jarohatlari sabab terma jamoaning Tailand va Eronga qarshi bellashuvlarini o`tkazib yuborishi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o`tamiz, Eron – O`zbekiston uchrashuvi 12 iyun, dushanba kuni Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanishi ko`zda tutilgan.






