O`zbekiston milliy terma jamoasining JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhidagi raqibi – Eron terma jamoasi kecha, 4 iyun kuni Chernogoriyaga qarshi o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazdi.
Podgorisa shahrida bo`lib o`tgan o`yinda eronliklar 2:1 hisobida zafar quchdi. O`yinning 10-daqiqasida Sardor Azmun hisobni ochgan bo`lsa, 32-daqiqada Stefan Yovetich muvozanatni tikladi. 60-daqiqada yana Sardor Azmun o`z nomini tabloga yozdirdi va Eron termasi g`alabani rasmiylartirdi.
Qayd etish joiz, uchrashuvning 79-daqiqasidan boshlab eronliklar 1 kishi kam bo`lib harakat qildi, ammo bu o`yin natijasiga ta`sir qilmadi.
O`zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi o`yindan avval Toshkentda Tailand termasi bilan to`qnash keladi. Ushbu o`yin 6 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida, soat 20:00 da boshlanishi ko`zda tutilgan.
Eslatib o`tamiz, “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, 13 ochko jamg`argan Janubiy Koreya ikkinchi pog`onada bormoqda. O`zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan uchinchi o`rinni band qilgan. 4–6 o`rinlarni mos ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) termalari egallagan.






