AsosiyJamiyat

​2017 yilning o`tgan davrida respublikaning 5 253 ta mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi

'​2017 yilning o`tgan davrida respublikaning 5 253 ta mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi'ning rasmi

29 mart kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to`qqizinchi yalpi majlisi o`z ishini davom ettirdi. Unda senatorlar O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini eshitdilar.

Hisobotda qayd etilganidek, respublika ichki ishlar organlarining o`tgan yildagi faoliyati mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, huquqbuzarliklarning oldini olishga, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, jamoat tartibi saqlanishini ta`minlashga, fuqarolar huquqlarini himoya qilishga, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga, faoliyatning shu sohalarida aniq natijalarga erishishga qaratildi.

Ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishga zamon talablariga javob beradigan yangi yondashuvlarni tatbiq etish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga jamoatchilikning keng qatlamlarini jalb qilish, profilaktika inspektorlarining bevosita aholi orasida ish olib borishini tashkil etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida joriy yilning o`tgan davri mobaynida respublikaning 5 253 ta mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Jinoyatning asosiy ko`rsatkichlari, shu jumladan, avval sudlanganlar, jinoyatchi guruhlar va voyaga etmaganlar tomonidan sodir etiladigan o`ta og`ir jinoyatlar, huquqbuzarliklar soni ancha kamayishiga erishildi. Shaxsga qarshi jinoyatlarni ochish va tergov qilishda, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga, odam savdosiga, terrorizmga, diniy ekstremizmga va uyushgan jinoyatchilikka, shuningdek, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishda muayyan ijobiy natijalarga erishildi.

Hisobotni muhokama qilish chog`ida senatorlar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, xodimlar, ayniqsa, profilaktika inspektorlari uchun munosib xizmat va maishiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar berildi.

Boshqa yangiliklar