AsosiyJamiyat

​“O`zekspomarkaz”da oltita ixtisoslashtirilgan xalqaro ko`rgazma ish boshladi

'​“O`zekspomarkaz”da oltita ixtisoslashtirilgan xalqaro ko`rgazma ish boshladi'ning rasmi

“O`zekspomarkaz” milliy ko`rgazmalar majmuida “Uzbekistan Industrial Forum – 2017” IX xalqaro sanoat forumi boshlandi. Anjuman oltita ixtisoslashtirilgan xalqaro ko`rgazmani birlashtirgan, deb xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi, Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, Toshkent shahar hokimligi va boshqa idora hamda tashkilotlar ko`magida «IEG Uzbekistan» ko`rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirning ochilishida mamlakatimizda yangi, ilg`or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish korxonalarini zamonaviy texnikalar bilan qayta jihozlash, innovasion faoliyatni rivojlantirishga qaratilayotgan e`tibor sanoat salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo`layotgani ta`kidlandi.

Joriy yilgi forum doirasida “UzMetalMash” – metallurgiya, metallga ishlov berish, mashinasozlik va payvandlash, “UzTechTransExpo” – maxsus texnika, transport va logistika xizmatlari, “UzMiningExpo” – tog`-kon sanoati uchun texnologiya va uskunalar, “UzChemPlastExpo” – kimyo sanoati, plastmassa va kauchuk ishlab chiqarish, “UzSecureExpo” – xavfsizlik tizimlari, mehnat muhofazasi va yong`in xavfsizligi hamda “InterPackExpo” – qadoqlash sanoati va omborga joylash ixtisoslashtirilgan ko`rgazmalari o`tkazilmoqda.

Forumda O`zbekiston, Germaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Eron, Belarus, Ukraina, Rossiya, Sloveniya, Chexiya kabi davlatlardan oltmishga yaqin kompaniya ishtirok etayotir. Qatnashchilarning yarmidan ortig`ini xorijiy korxonalar tashkil etayotgani xalqaro kooperasiya munosabatlari rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbir shakli tasodifan tanlangan emas. Har xil ko`rgazma loyihalarining qo`shilishi sanoatning asosiy tarmoqlarini qamrab olish imkonini beradi. Ko`rgazmalarning asosiy maqsadi ishbilarmonlik muloqotlari va kommunikasiyalari uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, ishlab chiqarishning turli tarmoqlarida zamonaviy sanoat imkoniyatlarini namoyish etishdir.

Tog`-kon ishi mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Xorijiy ishtirokchilarning «UzMiningExpo» xalqaro ko`rgazmasiga bo`lgan qiziqishi ortib borayotgani sohadagi xalqaro hamkorlikning muhim ekanidan dalolat beradi.

«ReylTransXolding» kompaniyasi (Rossiya), Novokramatorsk mashinasozlik zavodi (Ukraina), «Teknotak industrial group» kompaniyasi(Eron)ning tog`-kon ishida zarur bo`ladigan uskunalari mamlakatimiz mutaxassislari diqqatini jalb etmoqda.

«UzTechTransExpo» – maxsus texnika, transport va logistika xizmatlari ko`rgazmasi markaziy ko`rgazmalardan biri hisoblanadi. Bu erda maxsus texnikalar, transport va logistika, ombor majmualari va terminallaridan foydalanish xizmatlari, transport sohasidagi innovasion echimlar namoyish etilmoqda.

«Ist-Batterflay» korxonasi (O`zbekiston) tomonidan namoyish etilayotgan engil avtomobillar uchun tirkamalar va sisternali avtotirkamalar tashrif buyuruvchilar e`tiborini tortmoqda. Ochiq ko`cha ekspozisiyasida Gorkiy avtozavodi (Rossiya), Minsk avtomobil zavodi (Belarus) singari avtomobilsozlik korxonalari o`z yangiliklarini namoyish etmoqda.

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tuzilgan, xalqaro standartlarga javob beradigan «Temiryo'l-sug'urta» qo`shma korxonasi turli sug`urtalash xizmatlarini taklif etmoqda. Kompaniyada temir yo`l harakat tizimini sug`urtalash, yuklarni har xil tasodiflardan sug`urtalash, umumiy fuqarolik kasb javobgarligini sug`urtalash kabi logistik faoliyatning barcha turlarini qamrab oluvchi qulay sug`urtalash shartnomalari ishlab chiqilgan va joriy etilmoqda.

Ekspozisiyaning ahamiyatli segmentlaridan biri xavfsizlik texnologiyalari bo`yicha «UzSecureExpo» xalqaro ko`rgazmasidir. Ko`rgazmada sanoat ob`ektlarida xavfsizlikni ta`minlash texnik vositalari, ogohlantirish tizimlari, kompleks xavfsizlikni ta`minlash jihozlari, o`t o`chirish mashinalari, rasiyalar, shaxsiy himoya vositalari, o`t o`chirgichlar, audio va video kuzatuv, aqlli uy, texnika, texnologiyalar, halokat va ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish jihozlari namoyish etilmoqda.

Ko`rgazma stendlarida sohaning etakchi kompaniyalari o`z mahsulotlarini omma e`tiboriga havola qilmoqda. “VIP Security” (O`zbekiston), “MICROSENS GmbH & Co. KG” (Germaniya), «AGT Sistems» (Rossiya) kabi kompaniyalar shular jumlasidan.

Muxtasar qilib aytganda, “Uzbekistan Industrial Forum – 2017” xalqaro forumi sanoatchilar, biznesmenlar, davlat hokimiyati organlari va ilmiy doiralar vakillarining o`ziga xos amaliy muloqot maydoniga aylanib, korxona va tashkilotlar, investorlar o`rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar