Mamlakatimizda 11-12 mart kunlari o`tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 22 milliondan ortiq kishi ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida mart-aprel oylari mamlakatimizda obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish oyligi deb e`lon qilindi. Uning doirasida 11-12 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi «Mahalla» xayriya jamoat fondidan ma`lum qilishlaricha, umumxalq xayriya hashari mamlakatimizning barcha hududlari, qishloqlar, mahallalar, tashkilot va muassasalarda ko`tarinki ruhda o`tgan.
Hashar kunlari 48 ming gektardan ziyod maydonda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. 32 ming kilometr ariq-zovurlar, lotoklar tozalanib, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirilgan. Bundan tashqari, hashar kunlarida qariyb 22 million tup daraxtga shakl berilib, oqlangan. 24 million tup mevali, manzarali daraxt ko`chati, 17 million tup gul ekilgan.
Bu yil ham Navro`z bayrami munosabati bilan mahallalar hududida ko`plab ijtimoiy-madaniy, savdo inshootlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Hashar kunlari o`z ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirgan har bir korxona, muassasa, tashkilotlar xodimlari ham umumxalq xayriya hashariga o`z ulushini qo`shdi.






