Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil 7 fevraldagi farmoni bilan 2017-2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning ekspertlik va jamoatchilik muhokamasini samarali tashkil etish borasidagi sa`y-harakatlarni birlashtirish, ularni mukammal amalga oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini, ekspertlar va olimlarni mamlakatimizni demokratlashtirish hamda modernizasiya qilish jarayonlariga faol jalb etish maqsadida poytaxtimizda Taraqqiyot strategiyasi markazi tashkil etildi.
“Zarafshon” konset zalida mazkur markaz ochilishi munosabati bilan taqdimot marosimi o`tkazildi. Tadbirda mamlakatimiz parlamenti a`zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat va jamoat tashkilotlarining rahbar va mutaxassislari, mamlakatimizdagi qator xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Taraqqiyot strategiyasi markazining ijrochi direktori Akmal Burhonov, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov, EXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori J.Makgregor va boshqalar Harakatlar strategiyasi O`zbekistonda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash, chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish borasida taraqqiyotning yangi «o`zbek modeli» ekanini ta`kidladi.
Taraqqiyot strategiyasi markazi Harakatlar strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o`rtasidagi ochiq muloqotni ta`minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o`ziga xos zamonaviy media-maydon vazifasini o`taydi.
Markaz – nodavlat notijorat tashkiloti bo`lib, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston advokatlar palatasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assosiasiyalari muassisligida tashkil etildi.
Markazning xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy hamda ta`lim muassasalari bilan hamkorligini yo`lga qo`yish rejalashtirilmoqda. Uning yana bir asosiy vazifasi – Harakatlar strategiyasi va uning asosidagi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar bo`yicha aholining fikr-mulohazalarini o`rganish, ular yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Taraqqiyot strategiyasi markazi Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bilan hamkorlikda dastlabki media maydonchasini tashkil qildi. Mazkur zal zamonaviy interer, axborot-kommunikasiya vositalari bilan jihozlangan. Bu erda Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi, yangi qonun va qonunosti hujjatlari, mamlakatimizda ro`y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayon jamoatchilik muhokamasidan o`tkaziladi. Shu maqsadda muntazam ravishda brifing, tok-shou, bahs-munozaralar, intervyu va matbuot anjumanlari tashkil qilinadi. Bu Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishi jarayonini jamoatchilik tartibida tzimli monitoring qilish imkonini beradi.






