Oilada to`rt farzandmiz, uch opam va men. Uch qizdan keyin dunyoga kelganim uchunmi yoki bitta o`g`il bo`lganim uchunmi xullas uyimizda hamma mening ko`nglimga qarardi. O`n olti yoshga kirganimga qadar erkatoy bo`lib yurdim. Rahmatli otam men uchun hamma narsani muhayyo qilardi. Sovuq qish kunlarining birida otam yurak xuruji tufayli to`satdan olamdan o`tdi. Bu ko`rgilikdan ancha paytgacha o`zimga kelolmay yurdim. Nima bo`lganda ham ko`nikishga majbur edim. Onam va opalarimni o`ylab, oz bo`lsa-da, ro`zg`orga foydam tegishi uchun o`qishdan so`ng qarindoshimizning do`konida sotuvchilik qila boshladim. Uch yil ko`z ochib yumguncha o`tib ketdi. Kollejni tamomladim. Institutga hujjat topshirish o`rniga o`zim ijaraga do`kon olib yurita boshladim. Ikki yil deganda o`zimizni tiklab oldik. Endi iqtisodimiz ancha yaxshi tomonga o`zgara boshladi. Shu orada Shohista opamni turmushga berdik. Shundan so`ng onam va qarindoshlar meni uylantirish payiga tushib qolishdi. O`zimga qolsa hali bir-ikki yilsiz uylanish niyatim yo`q edi. Biroq, onamning “men ham ko`zim ochiqligida nevara suyishni hohlayman. Qachongacha kelishingni kutib, uyda yolg`iz zerikib o`tiraman. Otang rahmatli bo`lganida allaqachon uylantirib qo`ygan bo`lardi” deb yig`lab-sihtaganidan keyin rozilik berdim. Uydagilar va qarindosh-urug`lar qiz izlashga tushishdi. Mana endi hayotning shirin, shu bilan birgalikda anchayin jiddiy va mas`uliyatli daqiqalari boshlanayotgan edi. To`g`rida bir umr birga yashaydigan umr yo`ldosh tanlash masalasi, menimcha, har qanday manaman degan yigitni o`ylantirib qo`ysa kerak. Menga yoqqaniga o`zim ma`qul kelmayman yoki uydagilari berishmaydi. Xullas, qiz qidirib ikki-uch oy ovora bo`ldik. Va nihoyat onamning dugonasi Rahima holaning qo`shnisi Nafisa ismli qiz bilan bir-birimizga ma`qul keldik. Birinchi ucharashuvdayoq hijob o`ragan, oppoqqina bu qiz menga yoqib qoldi. Uning hijobda ekanligidan iboli, hayoli, oqila qiz bo`lsa kerak deb o`yladim. Hatto, suyunganimdan o`z baxtimni topib bergani uchun Rahima holaga to`yimizda boshdan-oyoq sarpo qilishga va`da berdim. Shu tariqa ne orzu-umidlarda to`y qilib, elga osh berdik. Bir oylarcha baxtli hayot kechirdik.
To`ydan bir oylar chamasi vaqt o`tgach, Nafisa turli arzimagan bahonalar topib, janjal chiqara boshladi. Menga va onamga bo`lgan munosabati yomon tomonga o`zgara boshladi. Bora-bora bizni hurmat qilmay qo`ydi. Hatto, uy ishlarini ham butunlay onamga topshiradigan bo`ldi. Men-ku mayli, lekin ellik yoshdan oshgan onamga qilgan munosabatini ko`rib, u bilan ajrashishga qaror qildim. Shu paytgacha ko`zimga og`ir-vazmin, iboli, hayoli bo`lib ko`rinib yurgan bu “hijobli farishta” aslida niqobdagi yalmog`iz ekanligini ko`rsata boshladi. Bir-ikki marta ota-onasini chaqirib, vaziyatni yotig`i bilan tushintirdik. Ular ham qizlarini koyib, kerakli maslahatlarini berib ketishdi. Axir, har bir ota-ona o`z farzandining baxtli bo`lishini istaydi. Hech bir urinishimiz foyda bermasdi. Nima qilishga hayron edim, boshimni changallagancha o`yga tolardim.
Bir kuni Nafisa bilan ajrashishga ortiq o`zimni ham onamni ham qiynamaslikka qaror qildim. Biroq, onamning “sabr qil o`g`lim insof berib, o`ziga kelib qolar, mahalla-kuy oldida meni sharmanda qilma” deya ho`ng-ho`ng yig`lashi Nafisa bilan ajrashishga imkon bermadi. Onam bechora mening peshonamga ajrashgan degan tamg`a yozilishidan qo`rqib yashardi. Shuning uchun kelinidan qanchalik zug`um ko`rmasin mening baxtim uchun hammasiga chidardi. Nafisaning harhashalariga chidash hatto erkak bo`la turib ba`zida menga og`irlik qilardi. Bu hayotning menga bergan bir sinoviligiga, hali hammasi iziga tushib ketishiga ishonib Nafisa bilan salkam uch yil birga yashadim. Shu orada qizim Nigina tug`ildi. Uning tug`ilishi oilamizga quvonch olib keldi. Onam ham men ham bundan benihoya suyundik. Zora endi Nafisaga insof kirib qolar deb o`yladik. Yo`q bunday bo`lmadi u meni va onamni behurmat qilgani kabi o`z farzandi ya`ni qizimiz Niginani ham qadrlamas unga mehrsiz edi. Jigarbandiga bu qadar bee`tibor va mehrsiz onani birinchi marta ko`rishim. Bo`ldi ortiq sabrim etmasdi. U bilan ajrashishga qaror qildim, onamga ham yotig`i bilan tushintirib, vaqt borida Nafisa bilan orani ochiq qilish kerakligini, keyin kech bo`lishi mumkinligini uqtirdim. Shunday qilib, Nafisa bilan ajrashdim.
Uning qizimizga bo`lgan salbiy munosabati yuzasidan Sudga ariza berib, Niginani o`zim bilan olib qoldim. Nafisa onalik huquqidan mahrum etildi. Lekin u bundan zarracha ham achinmadi, tushkunlikka ham tushmadi. Hatto hursandchiligini yashirmay, Sud zalidan “Endi erkin qushman, bilganimday yashayman” deya kulib chiqib ketdi. Insoning tashqi ko`rinishiga, kiyinishiga qarab baho berib bo`lmasligi mening hayot yo`limda o`z isbotini topdi. Tashqi ko`rinish aldamchi bo`lishiga yana bir bor amin bo`ldim. Zero, “yaltiragan har narsa ham oltin emas” degan maqol bejiz aytilmas ekan. Boshimga tushgan ko`rgiliklarni hech bir yigitga ravo ko`rmayman!
Asqar Nosirov,
Toshkent shahri





