AsosiyJamiyat

1 fevraldan Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi joylarda aholining muammolarini eshitishadi

Eng asosiy ustuvor vazifa – «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirish, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g`oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat. 

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida qayd etdi.

Aynan ana shu eng muhim vazifalar iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo`nalishlari va ustuvor vazifalariga jiddiy o`zgartirishlar kiritish uchun poydevor bo`lishi kerak. 

Buning uchun quyidagi vazifalarni bajarishimiz lozim, deydi davlatimiz rahbari. 

Birinchi – fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo`lga qo`yishning yangi samarali usul va mexanizmlarini tatbiq qilish, jumladan, barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etish kerak. O`ylaymanki, ana shu muhim ishda Qonunchilik palatasi va Senat qo`mitalari faol ishtirok etadi.

Joriy yilning 1 fevralidan boshlab Qonunchilik palatasi Spikeri – Nuriddinjon Mo`ydinxonovich Ismoilov va Senat Raisi – Nig`matilla To`lqinovich Yo`ldoshev ham joylarga chiqib, mavjud ahvolni shaxsan o`rganish asosida aholining eng muhim ehtiyojlarini hal etishda amaliy yordam ko`rsatishlari maqsadga muvofiqdir. 

Ikkinchi – O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etishni ta`minlash darkor. 

 

    Boshqa yangiliklar