Qadim zamonlardanoq odamlar insonning yuziga qarab, uning nimalarga qodirligini o`qiy olishgan. Kimga hazil, kimga chin, keling, biz ham tashqi ko`rinishga qarab omadga erishish imkoniyatlarini «bashorat» qilib ko`ramiz.
Taqdir nishonalari
Bu boradagi mutaxassislar, ya`ni fiziognomistlar inson tashqi ko`rinishining bir-birini takrorlamaydigan sifatlari o`zida juda ko`p qimmatli ma`lumotlarni jamlaganini e`tirof etishadi.
Nafaqat xalqona irimlar, balki zamonaviy fiziognomistlarning hisob-kitoblari ham tanada xolning ko`p bo`lishi uning egasi boshqalardan ko`ra baxtliroq, karera borasida omadliroq bo`lishini ta`kidlaydi. Bunday hisob-kitoblarga ko`ra:
- quloqlardagi xollar pul bilan bog`liq masalalarda muvaffaqiyatga erishishni bildirarkan.
- Lablardagi xollar — muhabbat bobidagi omad belgisi.
- Iyakdagi xollar — boylik nishonasi.
- Elkalardagi xollar sizning insonlarni yaxshi ajrata bilishingiz va hayot tashvishlari, jumboqlaridan muvaffaqiyatli o`ta olishingizni bildiradi.
- Bilakdagi xollar — farzand ko`rishdagi muvaffaqiyatdan darak beradi.
- Yanoqlardagi xollar karera borasida o`rtamiyona omadni bildiradi. Bunday insonlarning shaxsiy hayotda ko`proq baxtli bo`lishi kutilarkan.
Yuzga qarab… o`qiymiz!
- Baland va keng peshana sohiblariga faoliyatning intellektual sohalarida muvaffaqiyatga erishish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Biroz harakat qilsangiz kifoya.
- Baland peshanani hoshiyalaydigan sochlarning aylana chizig`i ko`pincha mustaqil fe`l-atvor va maqsadga erishishdagi qat`iylik belgisi sanaladi.
- Yuzi uzunchoq bo`lgan kishilar — yaxshi tashkilotchi, ularni boshqaruvchilik lavozimlarida omad kutadi.
- Yirik, chaqnab turuvchi ko`zlar — ijodiy sohada muvaffaqiyatni kafolatlaydigan ijobiy energetika nishonasi.
- Biroz qiyshaygan burun — ayyorlik, ustomonlik yordamida karera pog`onasidan ko`tarilish mumkinligini bildiradi.
- To`g`ri burun omadga uning sohibini o`ziga bo`lgan ishonch va xotirjamlik olib borishini bildiradi.
- Ingichka burun — engiltabiatlik belgisi ekan.
- Keng burun esa karera haqida orzu qilmaydigan, lekin baxt va muhabbatni topishga qodir ochiqko`ngil, bag`rikeng insonlarga xos.
- Xizmat pog`onasidan ko`tarilish va ko`ngildagidek nikoh yirik burunli serg`ayrat va izzattalab insonlarga xos.
- Kalta va uchi yumaloq burun egasi ortiqcha asabiylashadigan, qizishib ketadigan bo`larkan. Bu esa ularning o`ziga ham, boshqalar bilan munosabatlarda ham xalaqit beradi.
Oyoqlar
Pedomansiya, bu — oyoq barmoqlarining shakli va o`lchamiga qarab insonning potensial imkoniyatlarini ochib berish san`ati. Unga ko`ra:
- oyoqning uzun, ingichka barmoqlari ko`zlaganiga erisha oladigan insonlarga xos. Ular nima bilan shug`ullanmasin — ilmmi, san`atmi yoki tadbirkorlik — barchasida muvaffaqiyat qozona olishadi.
- Kalta, qalinligi deyarli bir xil barmoqli insonlar o`ziga ishonmaydigan, asabiylikka moyil bo`lishadi. Aynan shuning uchun ularni ko`pincha omadsizlik va umidsizlik ta`qib etadi.
- Qalin barmoqlar sohibining matonat va mehnatsevarlik evaziga muvaffaqiyatga erishishini bildiradi.
- Elpig`ichni eslatadigan, ya`ni uchlari aylana barmoqlar o`zini bosa olmaydiganlarga tegishli. Ular har qadamda ziddiyatlarga duch kelishadi. Omadga esa kamdan-kam hollarda erishishadi. Lekin moliyaviy masalalarda ularga havas qilish mumkin.
- Oyoq barmoqlari har tomonga tarvaqaylagan insonlar qaysar, odamovi, muvaffaqiyatga faqat o`z o`jarligi bilan erishuvchilar hisoblanadi.
- O`ng oyoqdagi uzun va semiz bosh barmoq oilaviy hayotda muvaffaqiyat «va`da qiladi». Bundaylarning muhabbati kuchli, nikohi esa bardavom va mustahkam bo`ladi.
Qaysi birimizni taqdir siylagan?
Fiziognomistlarning ishonchi komil: quloq chanog`ining o`lchami va shakliga qarab nafaqat insonning fe`l-atvorini, hatto uning intilishlarini ham aniqlash mumkin.
- Uzunroq o`sgan solinchak — ta`sirchanlik, tug`ma faollik, qat`iylik nishonasi. Bunday insonlar xohlaganiga albatta erisha oladi. Lekin ular ko`pincha atrofdagilarning noroziligi va qarshiligiga duch kelishadi.
- Solinchakning yirik eti fe`l-atvor kuchi va muvaffaqiyat qozonish istagidan darak beradi.
- Quloq ko`zlarga nisbatan balandroqda joylashgan bo`lsa, bu ajoyib belgi. Bunday inson aqlli, tirishqoq, qanday ishga kirishmasin, muvaffaqiyatga erisha oladigan bo`ladi.
- Agar quloqning tepa qismi ko`zlarga nisbatan pastroqda joylashgan bo`lsa, bu — o`rtamiyona natijalarga erishish nishonasi.
- Shalpangquloqlik — musiqiy ijodda omadga erishish kaliti hisoblanarkan. Agar farzandingizning qulog`i shunday bo`lsa, uni musiqiy maktabga olib boring (albatta agar uning o`zi ham xohlasa). Balki undan buyuk bastakor, iste`dodli qo`shiqchi etishib chiqar.
- Uchi uchqur quloq o`z sohibining uddaburonligi, hiylagarligini bildiradi.
Nima bo`lganda ham yaxshi narsalarning barchasiga ishoning, o`zingizda ijobiy xislatlarni rivojlantiring. Salbiylarini esa e`tiborsiz qoldiring. Agar chin dildan harakat qilsangiz, omad sizni ko`p kuttirmaydi.
NILUFAR tayyorladi





