AsosiyShou-biznes

Mashhurlar hayotlaridagi eng uz-u-u-u-un kun haqida so`zlab berdilar

Ba`zida vaqt to`xtab qolgandek tuyuladi. Soat millari shunchalik imillaydiki, dunyolarga sig`may ketasiz. Eslang, maktabda hech o`zlashtira olmaydigan faningizdan nazorat ishi olishgan soatlarni? Yoki kimnidir orziqib kutayotganingizdagi hayajonni. Gohida esa aksincha, kunlar uchib o`tgandek. Hech qachon tugamasligini istagan damlaringiz ko`z-ochib yumguncha sizni tark etadi. Xo`sh, mashhurlarimiz asrga tatigan kunlari haqida nima deyishadi?

«Kelinlik libosini kiygan kunim…»
Zuhra SOLIEVA, aktrisa: 

—  To`yim kuni. Kelin bo`lib, er chizib o`tirishdan juda zerikkandim. To`ylarga borib, kelinsalomlar aytib yurganimda vaqt tez o`tardi-da.


«G`olib bo`lganimda...»
Dilniyoz G`AFFOROV, «Eldido» guruhi xonandasi: 

— Xursandchilik onlarini tez o`tib ketadi, deyishadi. Menda esa aksincha. Masalan, hozir 2007 yil, 19 yoshimda yosh ijrochilar Respublika ko`rik-tanlovida gran-pri sohibi bo`lgan quvonchli onimni esladim. Kutish, muvaffaqiyatga erishish va boshingizning ko`kka etishi soniyalarni yillarga uzaytirgandek bo`ladi. 

«Yuzimga tabassum qaytguncha...»
Ozod RAVShAN, radioboshlovchi: 

— Mening fikricha, quvonchli kunlar oqar suvdek, ularga to`ymay qolasiz, qo`msab yashaysiz... Og`ir va alamli kunlarning bir soniyasi ham ortiqcha! Judayam hissiyotlarga beriluvchan insonman, ko`ngilsizliklarni yuragimga yaqin olaman va ularning o`tib ketishi uchun ba`zida  bir uxlab turishim ham kamlik qiladi. 
2014 yilning noyabr oyida jarrohlikni boshimdan o`tkazdim, fikru xayolim uni tezroq o`tishi va yana yuzimga tabassum qaytishida edi... Aynan operasiyagacha bo`lgan 1 soat ichida vaqt bir oy muddatga to`xtab qolgandek edi go`yo...


«Hamon kutayapman....»
Narimon SULTOXO`JAEV, klipmeyker:

— Bu kunni qanchalik orziqib kutayotganimni bilsangiz edi. Zo`r kino suratga olib, uning katta ekranlarda premerasini tomosha qilgan kunim men uchun ming yilga teng kun bo`ladi. Ha!  

«Baxtli onlar...»
Muhiddin ALI, fotosuratchi: 

— Intizorlik bilan kutadigan kunlarim oldi doimo shunday holatga duch kelaman. Deylik, bolaligimda yozgi sog`lomlashtirish oromgohiga jo`nashdan avval har kun juda uzoq o`tgandek tuyulardi. Maktab davrida esa 1 sentyabr tunida vaqt to`xtab qolardi go`yo. Sababi ertasi kuni o`qish boshlanadi-da. Baxt kunim hayotimdagi eng uzun va eng barakali kun bo`lgan. Atrofimda barcha yaqinlarim, do`stlarim, mehmonlar tashrifi, to`y udumlari, tantanalar — bari bir kunlik uzoq vaqtni qamrab olgan voqea sifatida xotiramga muhrlangan. 

«Bunaqasi bo`lmagan...»
Shahzoda MATChANOVA, aktrisa:
 
— Yo`q, shu paytgacha o`tgan kunlarimning hech birida vaqt to`xtab qolgandek tuyulmagan. Doim kunlarim yanada uzun bo`lishini istaganman…  

«Fazoda o`tgan damlarim...»
Odil AHMEDOV, futbolchi: 

— Boshqa davlatdan o`z yurtimizga qaytayotganim kunim. To manzilga etguncha bir yilim samolyotda o`tgandek tuyuladi. Sog`ingan onlaringiz yaqinlashganda, soat millari toshbaqadek harakatlanadi-da...

«Bolajonimni qo`limga olgunimcha...»
Munojat ALIMBOEVA, aktrisa: 

— Ilk bora ko`zim yoriganda, to «narkoz»dan chiqib, bolajonimni bag`rimga bosgunimcha bo`lgan vaqt asrlarga cho`zilgandek tuyulgan. O`zim hushimga kelolmayapman-u, tezroq yuragimning bir parchasini qo`limga olishni istab, ko`zlarimni ochishga urinardim. Ilk murodimni qo`llarimga berishganida uning jajji qo`lchalaridan o`pib, cheksiz baxtni his qilganman.

«Kutish bekati...»
Yigitali MAMAJONOV, aktyor:

— Hayotimizda bunday vaziyatlar ko`p bo`ladi. Ayniqsa, nimanidir yoki kimnidir chin dildan kutsak, qaysidir masala tezroq echimini topishini istasak, sabrsizlanib, maqsadamizga tezroq erishishni xohlasak. Esimda, bir marta juda qattiq kasal bo`lib uyda yotib qolgandim. O`n kuncha ko`chaga chiqish mumkinmas. Mening esa o`ynab-kulib yurgan hayotimga oshiqaman. O`shanda o`ziyam o`n kunim o`n yildek cho`zilgan.

MUXLISA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar