AsosiyJamiyat

Ogohlik. “Ehtiyot bo`l, u erda ko`rganlaring haqida hech kimga og`iz ochma”

Bu satrlarni qoralar ekanman, bundan olti-etti yil ilgari vaqti kelib, qamoqxonaning sovuq beton devorlariga kiftimni tirab, qilgan xatolarim haqida qog`oz qoralash xayolimga ham kelmagandi. To`g`risi, qalam tebratish layoqatim yo`q. Ammo, ayni damda - o`zim bilan o`zim yolg`iz qolganda, o`tmishimni sarhisob qilib, nimalarnidir yozgim kelyapti.

Asli toshkentlikman. 1979 yilda tug`ilganman. Oilaliman, olti farzandning otasiman. Bundan o`ylab qarasam, umrning ham yarmi o`tib ketibdi. Men esa, uch marta sudlanib, to`rtincha bor yana panjara ortimda o`tirganimni  aytmasam, boshqa biror ishni qoyillatganim yo`q. 2013 yildan buyon xibsdaman. 

Nima sababdan “o`tirganim” sizni qiziqtiryaptimi? Unda eshiting. Na qo`limda diplomim, na tuzukroq hunarim yo`qligi uchun ancha payt ish qidirib yurganim rost. Uchragani esa, ko`nglimga o`tirmadi. 

Aslida menga o`xshaganlar xorijda ham tuzukroq ish topolmasligini bilsam-da, 2008 yili  Rossiyaga jo`nadim. Avval bu erda ham u er-bu erdan kunimni ko`rib yurdim. 

Ko`p o`tmay Moskvada Ravil ismli bir yigit bilan tanishib qoldim. Ancha kirishimli, taqvodor yigit ekan. Menga arzimagan ishlarni qildirib, yaxshigin haq to`lar, buning sababini so`rasam:

- Barcha musulmonlar aka-ukadirlar. Sen mening inimsan, senga yordam qilsam, nima qipti? – deb yurardi. 

U bilan tez-tez uchrashib turadigan bo`ldim. U meni uyiga chaqirib turar, mehmon qilar, turli videolavhalar, fimlar qo`yib berar, u bilan asosan diniy mavzuda suhbatlashardik. Shu tariqa u menga ancha jiddiy ta`sir ko`rsatdi. Men ham bora-bora unga o`xshab fikrlaydigan bo`ldim. 

Ravilning uyida turli qurollar ham saqlanardi. U menga bu qurollardan qanday foydalanishni tushuntirar, shuningdek, jihod qilish qoidalari va zarurati haqida ham ko`p gapirardi. Ochig`i, men bu so`zni avval ham eshitgan bo`lsam-da, ma`nosiga yaxshi tushunmasdim. Bu ham urushning bir turi bo`lsa kerak, deb o`ylardim. Ravilning aytishicha, jihod bu biz musulmonlarning ustidan hukmronlik qilayotgan, zug`um o`tkazayotgan kofirlarga qarshi muqaddas urush ekan. (Keyinchalik, bu tushunchaning asl ma`nosi va maqsadini tushunib etganimda, kech bo`lgandi).

-Bugungi kunda jihod qilish har birimizning burchimiz, - derdi u. – Agar jihod qilmasak, o`qigan namozimiz qilgan ibodatlarimiz ham qabul bo`lmaydi. 

-Men qaerda, kimga qarshi jihod qilaman? – so`radim bir kuni uning gaplariga chandon qiziqib.

-Sen jihodga qat`iy bel bog`lasang, o`zim seni o`sha joyga yuboraman, - dedi Ravil negadir xursand bo`lib. 

Shu payt ko`z oldimga jang maydonidagi otishmalar, portlashlar, qirg`inbarot janglar, undan keyin esa, yo`limga mo`ltirabgina ko`z tikib turgan bolalarim keldi. 

-Men-ku, jon deb borardim, - dedim xo`rsinib. – Lekin oilam, bolalarim nima bo`ladi? Ularga kim qaraydi?

-Mana men-da, - dedi Ravil ko`ksiga mushtlab. - biz o`z birodarlarimizning oilasini xor qilib qo`ymaymiz. Sen jihod qanchalik ulug` ishligini, uning savobini  bilganingda edi, oilang, yaqinlaringni ham o`ylab o`tirmagan bo`larding.

Xullas, u mening boshimni shu qadar aylantirib tashladiki, o`z ixtiyorim bilan jihod qilib, hatto shahid bo`lishga qanday rozi bo`lganimni sezmay ham qoldim. Ravil shu kundan boshlab, meni jihodga yuborish tadorigini ko`ra boshladi. 

Bir kuni u meni yoniga chaqirdi. 

-Sen hozircha yurtingga qaytib, pasport va boshqa hujjatlaringni tayyorlab tur. Avval  Toshkentdagi Misr elchixonasiga borib, viza olasan. Keyin nima qilishni o`zim aytaman.

Hammasini u aytgandek bajardim. 2010 yilning may oylarida Toshkentga qaytdim. Uyimdagilar mendagi o`zgarishlardan hayron. Men esa, o`zimning xom-xayollarim bilan bandman. Oilamga “xorijdan yaxshigina ish topdim, shunga hujjat to`playapman” deb qo`ya qoldim. 

Xorijga chiqish uchun ruxsatnoma va Misr vizasini olib bo`lgach, Ravilga telefon qildim. U menga elektron chipta va yo`l xarajatlari uchun anchagina pul jo`natdi. 

Mazkur chipta yordamida avval Moskvaga, keyin esa Misr poytaxti - Qohira shahriga uchdim. Uning ko`rsatmasi bilan Qohiraga etib borgach, avvaliga mehmonxonaga joylashdim. Keyin ko`chadan mahalliy aloqa kompaniyasi  sim-kartasini  sotib olib, Ravilga qo`ng`iroq qildim.

-Juda yaxshi, - dedi Ravil xursandchiligini yaqqol sezdirib. – Endi bitta raqam aytaman, shuni eslab qolasan va unga telefon qilib, o`zingni “Marsel” deb tanishtirasan. 

Bu gal ham u aytgandek yo`l tutdim. Telefonni olgan kishi ruschani buzib, antiqa talaffuzda gapirarkan. Meni qaysi mehmonxonada turganimni so`radi. Keyin ertalab menga mashina jo`natishini aytib, telefonni o`chirdi. 

Chindan ham ertasi kuni mehmonxona eshigi tagida sariq rangli taksi mashinasi turardi. 

-“Marsel?” – so`radi qora tanli haydovchi menga yuzlanib. Men bosh irg`ab mashinaga o`tirdim. Eski Qohiraning tirband ko`chalari bo`ylab ketib borardik. Baland-baland binolarning hammasi bir xil – negadir kirchil rangda. Bu shaharning sahro o`rtasida joylashgani, mashinalarning haddan tashqari ko`pligi, chang va tutun tufayli bo`lsa kerak.

Biz etib kelgan manzil “Yangi Qohira” kvartali deb atalsa-da, yangiligi unchalik sezilmasdi. Ko`chaning bir chetida qoramag`iz, o`rta yoshlardagi kishi va undan xiyla yoshroq, chamasi biz tengilar erkak  bizni kutib turardi.  Yoshi kattarog`i kecha men telefonda gaplashgan kishi bo`lib, uning ismi Idris ekan, u yonidagi sherigini menga Xolid deb tanishtirdi. 

-Hozir u sizni o`z uyiga olib ketadi, - deb tushuntirdi Idris. – Ertaga tushdan keyin tayyorlanib turinglar. Men chaqirganda chiqasizlar.

Xullas bir oqshom Xolidning yonida qoldim. Chamasi u ham men singari musofir. Qaysidir arab davlatidan chaqirib olingan edi. Ochig`i u bilan muloqot qilmadim hisob. Na u o`zbekcha yo ruschadan xabardor, na men ingliz yo arab tilini bilaman. 

Ertasi kuni tush paytida telefonimga Idris qo`ng`iroq qildi:

-“Marsel”, sheriging bilan hamma narsalaringin olib pastga tushinglar!

Men bu erda xuddi ongsiz qo`g`irchoqdek his qilardim o`zimni. Qaerga keldim, kim bilan uchrashdim, qaerga ketyapman – hech narsani anglamasdim. Qiziq, jihodni qachon, qaerda qilarkinman? Indamay yuraveray-chi, o`zlari aytishar!

Yana Idrisning mashinasida tiqilinch ko`chalardan imillab ketyapmiz.

-Qaerga boryapmiz? –so`radim sabrim chidamay. 

-Istanbulga, - dedi Idris yo`ldan ko`zini uzmay. – Aeroportda sizlarga yana besh-oltita birodarimiz qo`shiladi. 

Shunday deya u men bilan Xolidga yo`l chiptasini tutqazdi. Qohira aeroportida, Idris aytgandek, turli millatlarga mansub yana uch-to`rt yigit bizga qo`shildi. 

Sheriklarimiz bilan Istanbulga uchdik. U erda bizni Hamza ismli turk yigiti kutib oldi. Gap-so`zsiz bizni aeroport tashqarisida turgan mashina tomon boshladi. O`sha oqshom yaqin oradagi mehmonxonalardan birida tunadik. 

Istanbul Qohiraga nisbatan ancha toza, ozoda shahar bo`lsa-da, ko`chalarning tirbandligi undan qolishmasdi. Bu erda atigi bir oqshomgina qoldik, xolos. Ertasi kuni kechqurun Hamza bizni mehmonxonadan chaqirib tushdi va yana aeroportga borishimzni aytdi. 

Bu gal Eronga uchishimiz kerak ekan. Bir tarafdan xursandman. Har qalay shu paytgacha tushimga ham kirmagan shaharlarni, yurtlarni ko`rib yuribman. Kecha  Misrda edim, bugun Turkiyadaman, ertaga esa Eronda bo`laman. Ikkinchi tarafdan bu sayohatlarning uzluksizligini ko`nglimni g`ash qilardi. Yana qaysi mamlakatlarga yuborisharkin?

Samolyotda uchib ketyapmiz-u, miyamda savollar g`ujg`on uynaydi: Nega buncha shaharma-shahar olib yurishmasa? Bir hafta ichida beshinchi davlatga uchib ketyapman. Bira-to`la Eronning o`ziga jo`natib qo`yaverishsa,  bo`lardi-ku? 

Samolyotimiz Mashhadga qo`ngach, u erda bizni Ahmad ismli eroniy yigit qarshi oldi. Bir oqshom u boshlab borgan kvartirada yotib qolgach, ertasi kuni kechqurun bizni allaqanday mashinada olib ketishdi. Avval Seiston-Belujiston viloyatinnig markazi -  Zohidonga bordik, keyin u erdan avtobusga o`tirib, Pokiston chegarasiga yaqin hududdagi Sarovon shahriga qarab yo`l oldik. Avtobus 18 soat yo`l bosib, nihoyat  manzilga etib keldi. 

Biz Abdulmo`min ismli odamning uyida bir kecha tunab qoldik. Bu erda bizdan tashqari yana 20 nafarcha odam bor ekan. Ertalab Abdulmuminnining uyidan chiqqanimizda eshik oldida yana mashinalar qator turishardi. Ularga o`tirib, chegara postiga etdik. Chegaradagi tekshiruvlar anchaga cho`zildi.

Pokiston hududiga kirib,  Panj-Go`r degan shaharchaga etib borganimizda qosh qorayib qolgandik. Yana tog`lar oralab ancha yo`l bosdik. Tog`-toshlar orasidagi bir qishloqda bizni qaysi millatga mansubligini bilib bo`lmaydigan bir qorasoqol kimsa qarshi oldi. U ingliz tilida bizga o`zini “Master” deb tanishtirdi. Uning boshchiligida tog`lar oralab ikki-uch kun “sandiraqladik”. 

Ochig`i, bu sargardonlik meni rosa holdan toydirgandi. Atrofimdagilarning tiliga tushunmayman. Ularning ko`pchiligi arablar va forslardan iborat. Yana men tushunmaydigan allaqanday tillarda gapirishadi. Kvetta shahriga etib borganimizdan so`ng bir kun dam olib, ertasi kuni Afg`oniston hududi orqali Vaziriston tomonga ravona bo`ldik. 

Keyinchalik bilishimcha, Vaziriston Pokistonga qarashli viloyat bo`lib, uch-to`rt yil ilgari bu erda bir qancha “birodarlarimiz”  Afg`onistonning Tolibon kuchlari yordami bilan davlat to`ntarishini amalga oshirgan va “Vaziriston islom davlati”ni e`lon qilgan ekan. Ammo, ko`p o`tmay Amerika harbiylari yordamida Pokiston hukumati Vaziristonning katta hududini  qaytadan qo`lga kiritgan, Shimoliy Vaziristonning bir qismigina “mujohidlar” qo`lida qolgan edi. 

Nihoyat Vaziristonning markazi - Mironshoh shahridan qo`nim topdik. Shaharda tez-tez otishmalar, qurolli to`qnashuvlar bo`lar, xususan Amerika harbiylar biz turgan hududda turli harbiy operasiyalarni o`tkazib, havo zarbalarini berib  turardi. Jangarilarning rahbari bizni iliq qarshi oldi. Kichiki bir yig`ilish qilib, urdu va arab tillarida uzundan-uzoq ma`ruza qildi. Uning nutqi orasidan “islom”, “jihod”, “hijrat”, “kofir” singari so`zlarnigina anglardim. 

U gapiryapti-yu, men o`z ona shahrimni, Toshkentning tinch osuda ko`chalarini, bolalarimning beg`ubor chehralarini ko`rgim kelar, ammo, men ularni qaytib ko`rmaydigandek edim. Yo`q, chalg`imasligim kerak. Men bu erga muqaddas maqsad – jihod qilishni ko`zlab kelganman-ku?

Shu tariqa, harbiy tayyorgarlik mashg`ulotlari boshlandi. Mashg`ulotlar asosan tog`lar orasida o`tkazilar, bizga portlovchi moddalar tayyorlash, o`qotar qurollardan foydalanish, razvedkaga chiqish, snayperlik singari harbiy harakatlar puxta o`rgatilardi. 

Biz – “askarlar” bir-birimiz haqimizda hech narsa bilmaymiz. Bilishnig imkoni ham yo`q. “Yuqoridan” buyruq bo`lgan, “askarlar” bir-biri bilan tanishmasligi, gaplashmasligi kerak. Ular faqat rahbarlarini tanishi va ularning amriga so`zsiz tobe bo`lishlari lozim. 

Bu erda har tong tirik holatda ko`z ochish mo``ziza bilan teng edi. Axir Amerika va Pokiston harbiylarining birlashgan  kuchlari hamda biz va  bizning tarafdorlarimiz orasida shiddatli janglar, otishmalar  bo`ladi. Nechta askar tanishim ko`z o`ngimda qurbon bo`lgani, bombalar ostida qolib yoki mina ko`milgan joyga qadam  bosib, parchalanib ketganini o`z ko`zim bilan ko`rganman. 

Bundan tashqari gohida harbiylar bizning lagerimizga davlat yoki Amerika kuchlari bilan aloqada bo`lgan, ularga qaysidir ma`noda yordm bergan, “josuslik” qilgan mahalliy aholi vakillarini  tutib kelishar, keyin bizning ko`z o`ngimizda  ayovsiz suratda jazolashardi. Masalan bir kuni bir chol va uning nevarasini amerikalik harbiylarga egulik olib borgani uchun otib tashlashdi. Chol komandirimizning oyog`iga yiqilib bir nimalarni pushtunchalab gapirgani, yosh boladek ho`ngrab yig`lagani esimda. Chamasi, u o`ziga emas, loaqal yoshgina nabirasiga rahm qilishlarini so`rab yolvorardi. 

Komandir uning gaplariga parvo ham qilmadi. Shartta beliga qistirilgan to`pponchani olib, avval bolaning qoq miyasiga bir necha marta o`q uzdi. Bolaning bosh chanog`in maydalanib ketdi. Chol ham  oh degancha yiqildi. Xuddi shu asnoda keyingi o`qlar uning ko`krak qafasidan joy oldi. Hamma miq etmasdan bu qonli tomoshani kuzatib turardi. 

Ko`p o`tmay, “amerikalik kofirlarga sotilgan”likda gumon qilingan yana etti-sakkiz nafar erkakni tutib kelib, hammaning ko`z oldida boshlarini kesishdi. Tanasidan uzilib, erda dumalab yotgan kallalar hali-hamon tushlarimga kirib chiqadi.

Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Mironshoh markazida maxsus bir maydon bo`lib, bu erda asosan zinokor erkak va ayollar toshbo`ron qilinardi. Kunlarning birida 15-16 yoshlardagi qizchani shu maydonga olib kelishdi. Til bilmaganim uchun uning qanday gunoh qilganini aniq bilmayman. Har qalay eriga xiyonat qilganlikda ayblangan bo`lsa kerak. Hukm o`qib bo`lingach, avval soqoli ko`ksiga tushib turgan bir chol qizchaga yong`oqdek tosh otdiyu, yuzini berkitgancha yig`lab yubordi. Uzuq-yuluq anglaganim shu bo`ldiki, bu chol qizchaning otasi ekan. Olomon qizchani toshbo`ron qilib o`ldirgach, hamma tarqaldi. Beligicha ko`milgan qizchning jonsiz tanasi oldida o`sha choldan boshqa hech kim qolmadi...

Bunda dahshatli qatl tomoshalarini kunda-kunora ko`rish mumkin edi. Gohida men ham ko`pchilik bu manzaralarni hissiz tomosha qilar, barchasini Yaratganning hukmi, irodasi sifatida qabul qilardim. Gohida esa, menga noma`lum bo`lgan gunohlari uchun boshi kesilgan, toshbo`ron qilingan, otib tashlangan yosh-yosh o`g`il-qizlarga ichim tuzdek achishardi. Axir mening ham bolalarim xuddi shularning yoshidagi o`smirlar-ku?

AQSh harbiylarining havo zarbalari ham muttasil davom etardi. Mironshohning turli mahallalariyu qishloqlari uzra yog`ilgan raketalar, bombalar yoshu qarini, kattayu kichikni, do`stu dushmanni ayab o`tirmasdi.  Biz singari “boshlang`ich” askarlarga komandirlarimiz ba`zan xarobalar orasida sochilib ketgan jasadlar va ularning parchalarini to`plab yaqin oradagi qabristonlarga eltib ko`mish topshirilardi. Qizig`i, bu jasadlarni hech kim musulmon urf-odatlariga ko`ra, yuvib kafanlamas, hech kim janoza ham o`qimas, xuddi tilsiz jonivorlarning o`ligidek, chuqurlar qazilib, ustidan tuproq tortilardi. 

Parchalanib ketgan jasadlarni sheriklarim bilan tuproqqa qo`yarkanmiz, men ham bir kunmas-bir kun ana shunday ahvolga tushishimni o`ylab, dahshatga tushardim. Gohida “mayli, har qalay bekorga o`lib ketmasman, shahid bo`lib, Yaratganning roziligiga erisharman” deb o`ylar, gohida esa, bunga o`zimning ham ishongim kelmasdi. Axir, nahotki, shu qonli janglar, bemaqsad urushlar, shafqatsiz qatllar Allohga xush kelsa, deb o`zimga o`zim savol berardim.  

Biz joylashgan lagerdagi harbiylar tez-tez almashib turardi. Mashg`ulotlarimiz goh Shimoliy Vaziriston tog`larida, goh shahardagi  harbiy qismlarda bo`lardi. Bir kuni Mironshohdagi toliblar markazida o`tayotgan  mashqlar paytida bir kishi menga zimdan qarab turganini payqadim. Tanaffus paytida u menga yaqinlashib, salom berdi:

-O`zbekmisiz, birodar? – so`radi sekin. Anchadan beri o`zbekcha so`z eshitmaganim uchun xursandchilikdan sakrab yuboray dedim. 

-Ha, - dedim, quvonchim ichimga sig`may. – Anchadan beri birorta o`zbekni toparmikinman, deb yurgandim.

U bilan ancha gaplashib o`tirdik. Ismi Abdurahim bo`lib, asli vodiylik  ekan. 

-Toliblar safida ekansiz-da? – so`radi zimdan tikilib. Ochig`i, o`zim ham qaysi guruhdan ekanimni aniq bilmasdim. Bilganim shuki – men Alloh yo`lida, kofirlarga qarshi jihod qilar, yoki shunga tayyorgarlik ko`rardim. Rahbarlar nimani buyursa shuni qilib ketaverardim. 

– Boshqa millat vakillari  orasida bir o`zingiz zerikmayapsizmi?

– Ochig`ini aytsam, juda ham siqilb ketdim. Dardingni kimga aytishni bilmaysan, kishi.

–Unda gap bunday. Siz bizning guruhga - “Islomiy jihod” tashkiloti safiga o`ting.

–Meni yuborisharmikin? – so`radim ajablanib.

–Biz toliblar bilan ittifoqchimiz. Bir-birimizga yordam beramiz. Hammamizning maqsadimiz bir. Faqat, bizning guruhda o`zbeklar ko`proq. Istasangiz, rahbarlaringiz bilan o`zim gaplashaman.

Abdurahim aytganini qildi. Men shu tariqa “Islomiy jihod” jangarilari safiga o`tdim. Mashg`ulotlarda deyarli o`zgarish yo`q. Goh shaharda bo`lsak, goh tog`damiz. Abdurahim harbiy tayyorgarlik mashg`ulotlarida menga yaqindan yordam berib turdi. 

Gohida oilam, bolalarimni o`ylab, dunyo ko`zimga tor ko`rinib ketardi. Ularga “xorijga ishlagani ketyapman, ko`p pul topib qaytaman” deganimcha yo`q bo`lib ketdim. Hozir nima qilishayotgan ekan? O`zim-ku, Toshkentga qaytib borolmasman. Lekin oilamni yonimga chaqirib olsammikin? 

Xuddi shu asnoda kimdir qulog`imga quyardi:

“Axmoq, o`zing-ku, bu gadoy topmas joylarda uloqib yuribsan, har qadamingda o`lim xavf solyapti, endi o`z bolalaringni ham shu jahannamga tiqmoqchimisan?”

Shu ondayoq qarama-qarshi bir fikr uyg`onardi:

“Boshqa ilojing yo`q. U erda oilangni tinch qo`yishmaydi. Bolalaringga ham kun berishmaydi. U erda kimlarningdir qo`liga qarab, och-nahor yurishganidan ko`ra, o`z yoningda bo`lishgani yaxshi-ku? Xotining ham yoningda bo`lishi kerak. Axir qanaqa ersanki, ahli ayolingni yolg`iz tashlab o`zing bu erlarda yuribsan?”

Xullas, Abdurahimga qanday bo`lmasin, oilamni bu erga olib kelmoqchi ekanimni aytdim. Abdurahim avvaliga biroz o`ylanib qoldi. 

-Umuman olganda, mujohidning oilasi uning yonida bo`lgani yaxshi, - dedi u soqoli ostidan iyagini qashib. – Juda ko`p birodarlarimiz oilasini shu erga olib kelgan. Ammo, oilangizni olib kelish uchun O`zbekistonga borsangiz, qo`lga tushib qolasiz. Ularni Rossiya yoki Turkiyaga chaqirishingiz kerak. U erda o`zingiz kutib olasiz va ular bilan  qaytib kelasiz.

Bu ishning iloji borligini bilib, ko`nglim yorishdi.

-Rahbariyat Turkiyaga borib kelishim uchun ruxsat berarmikin?

-Xavotir olmang, o`zim so`rab ko`raman, - dedi Abdurahim iljayib.

2011 yil sentyabrning o`rtalari edi. Xuddi o`sha kunlari Vaziriston tog`larida harbiy mashg`ulotlar payti Amerika harbiylari otgan raketadan qattiq yaralandim. Elkamga o`q tekkanda ko`z oldim chaqnab ketgan, “o`ldim” deb o`ylagandim. Biroq, ko`zimni ochsam, eski bir erto`lada yotibman. Tepamda “birodarlarimiz”dan biri turibdi. 

-Afsus, - dedi haligi yigit achingandek bosh chayqab. – Shahidlik nasib etmagan ekan. Tirik qoldingiz.

Shu tariqa noyabrgacha uydan chiqmay davolanishimga to`g`ri keldi. Shu ikki oyda o`zimdan o`tganin o`zim bilaman. Elkamdagi jarohatni davolash uchun oddiy dorilar ham topilmaydi. Shifoxonaga borishning esa, iloji yo`q. Pokiston polisiyasi ushlab olsa,  qamoqqa olishlari aniq. Mahalliy tabiblar, “o`zimizning” yigitlar ko`magida sal o`zimga keldim. 

Bir amallab, Turkiya yo Rossiyada oilamni chaqirtira olsam, bu erga qaytishni o`ylab ko`raman. Balki, o`sha erda qolib, biror joyda ish toparman. “Shahidlik” orzusi ham borgan sayin xiralashib bormoqda edi. 

Men sal o`zimga kelgach, yana oilamni olib kelish uchun yo`lga chiqishga qaror qildim. Noyabrning o`rtalarida kavkazlik chechen yigitlar hamrohligida otlandik. Meni Abdurahimning o`zi kuzatarkan:

-“Marshrut” aniq belgilangan, har bir “bekat”da sizni o`zimizning odamlar kutib oladi va keyingi manzilga kuzatib qoladi.

...Tishimning kavagida asrab yurgan dollarlarni belimga bog`lab, yo`lga ravona bo`ldim. Ilgarigidek mashinalar qayoqda? Hammayoqni amerikalik harbiylar nazoratga olgan. Faqat piyoda yurishimiz kerak. Kunduzi yursak payqab qolishadi. Asosan kechqurunlari yo`l bosamiz. Yaxshiyam harbiy mashg`ulotlarda tog`lar oralab yo`l yurish, yulduzlarga qarab mo`ljal olishni o`rgatishgan. Elkamda qurol, og`ir yukxalta, buyam etmagandek hali to`la tuzalib ketmagan jarohatim zirqirab azob beradi. 

Naq uch oydan ko`proq yo`l bosib, mart oyining boshlarida Eron sarhadlariga etdik. Amallab chegaradan yashirincha o`tib olganimizdan so`ng yana Sarovon shahridagi “birodar”larimiz bizni kutib olishdi. Bu erda o`zini Murtazo  deb  atagan bir o`zbekistonlik bilan ham tanishdim. Keyin bilishimcha, Sarovonda “Islomiy jihod” tashkilotiga qarashli ancha-muncha jangarilarni o`z ichiga olgan guruh yashirincha faoliyat ko`rsatar, ular orasida o`zbeklar ham bor ekan. Ammo, bizni ular bilan gaplashgani qo`yishmadi. 

Bir necha kun Sarovonda qolgach, bizni mashinada viloyat markaziga – Zohidonga jo`natishdi. Bu erda “Al-Qoida” terroristik tashkiloti vakillaridan biri Sulaymon ismli shaxs menga soxta turk pasportini tutqazdi. Men endi turk fuqarosi sifatida bemalol ushbu davlatga kira olardim. Ammo, Dovud men va sheriklarimni Zohidon-Mashhad yo`nalishidagi avtobusga o`tkazib, u erda tegishli odamlar bizni kutib olishlarini aytdi. 

Men esa, ular aytgan yo`nalishdan yurishga majbur edim. Har bir “bekat”da bizni avvaldan belgilangan shaxslar kutib olar, ma`lum vaqtgacha yotoq bilan ta`minlar, keyin o`zi istagan tarafga yo`naltirardi. Xullas, Mashhadda Abbos ismli eroniy yigitning uyida bir oycha qolib ketdik. Ochig`i, bu sarsongarchilik jon-jonmdan o`tib ketgan, shunday paytlarda Toshkentdagi o`z uyimizda, oila a`zolarim davrida beg`am-betashvish o`tkazgan damlarim esimga tushib, xo`rligim kelardi.

“Yuqoridan” ko`rsatma bo`lgan shekilli, kunlarning birida Abbos ertalab yo`lga tushishimizni aytdi. Avtobusda ikki kun yo`l bosib, Eronning Turkiya chegarasidagi  G`arbiy Ozarboyjon viloyatiga etib keldik. Aylanma yo`llar bilan chegarani buzib, Turkiya hududiga o`tib oldik. Endi amallab Istanbulga borib olsam bo`lgani. U erdan ayolim va bolalarimni chaqirtirib olaman. Balki shu erda qolib, biror tirikchilik qilarman. Lekin yana Pokistonga, jangarilar orasiga qaytgim yo`q edi. 

Turkiya sharqidagi Van shahri aeroportidan Istanbulga uchish uchun chipta olmqchi bo`lib turganimda, ko`k kiyimli polisiya zobiti meni imlab yoniga chaqirdi. Yuragim dukillab ketdi. Qo`limdagi pasport mutlaqo boshqa odamga tegishli edi. Suratdagi odam men emasligimni har qanday odam bir qarashda farqlay olardi. 

-Pasaportunu go`ster, bakalim, (pasportingni ko`rsat, ko`raylik – turk.)- dedi turk polisiyachi menga shubhali tikilarkan. 

U pasportdagi suratga qarab, miyig`ida kulimsiradi. 

-Ben sene kenli pasaportunu, go`ster, dedim, abiy (men senga o`z pasportingni ko`rsat dedim, uka).

Noiloj o`z pasportimni ko`rsatishga majbur bo`ldim. Shundan so`ng polisiyachi meni o`z bo`linmasiga, boshlig`ining yoniga olib kirdi. Boshliq har ikkala pasportni sinchiklab tekshirgach, kimgadir telefon qildi. Meni esa, alohida xonada ushlab turishni buyurdi. To`rt-besh soat o`tib, meni tutib olgan polisiyachi qo`lida mening haqiqiy pasportim bilan qaytib keldim. Uning aytishicha. Men Turkiya hududiga noqonuniy kirganim uchun bu erdan ketishga majbur ekanman. Pasportimga ham deportasiya muhrini bosib, Tbilisi chiptasi bilan qaytarib berishdi. 

Aeroportning kutish zalida o`tirarkanman, boshim qotgan, endi qanday yo`l tutishni bilmasdim. Yaxshiyam yonimda telefonim bor. Turkiyaga o`tishim bilan “Turksel” sim-kartasini sotib olgandim.  Abdurahim bilan bog`lanolmasdim. Chunki, Vaziristondagi jangarilar telefon ishlatishmas, bu ularning qo`lga tushib qolishlariga sababchi bo`lishi mumkin edi. Xuddi shu payt esimga Ravil tushdi. Axir men uning raqamini yoddan bilaman-ku? Darhol Rossiya kodi bilan uning raqamiga sim qoqdim. 

Ravil go`shakni olgach, gapni qog`ozga o`rab bo`lsa-da, Pokistonda ancha payt “kerakli odamlar bilan birga bo`lganimni”, rahbarlar ruxsati bilan oilamni chaqirib olish uchun Turkiyaga kelganimda, soxta pasport bilan qo`lga tushganim va  meni Gruziyaga  deportasiya qilishganini aytdim.  

-Chatoq bo`pti, - dedi Ravil biroz o`ylanib qolgach. – Mayli, bir soatlarda telefon qiling, men biror yo`lini qidirarman. 

Bir soatdan so`ng,  Ravilga  qayta bog`landim. 

-Rahbariyat bilan gaplashib hammasini hal qilib qo`ydim, - dedi Ravil. – Sen  bexavotir Gruziyaga uchaver. Tbilisida yigitlarimiz seni kutib olishadi va Rossiyaga etib olishingga yordam berishadi. Faqat ehtiyot bo`l, u erda ko`rganlaring haqida hech kimga og`iz ochma. Oilangni chaqirib olsang, menga  xabar qilasan. Orqaga qaytib borishingni  ham o`zimiz tashkillashtirib beramiz. 

Chindan ham Tbilisi aeroportidan chiqishim bilan tepakal, soqolli ikkita yigit kutib turardi. Ular mening kimligimni aniqlab olishgach, mashinada olib ketishdi. Ular mendan hech narsa so`rab o`tirshmadi. Men ham jim ketyapman. Nihoyat meni shaharning bir chetidagi kvartiraga olib kelib joylashtirishdi. 

-Bir-ikki kun shu erda kutib turasiz, batano,- dedi yigitlardan biri rus tilida gruzincha talaffuz bilan. – Sizni qaerga yuborishlarini aniqlab, o`zimiz kuzatib qo`yamiz.

Ikki kun kvartiradan chiqmay o`tirdim. Yaxshiyam yigitlar ikki kunga etadigan oziq-ovqatni tashlab ketishgan. Bu ikki kun menga ikki haftadek uzoq tuyuldi. Nihoyat uchinchi kun ertalab eshik taqilladi. Qarasam, meni kutib olgan yigitlardan biri turibdi. 

-Batano, mana sizga Xarkovga chipta, - dedi qo`limga samolyot chiptasini tutqazarkan. – U erda sizni yana “o`zimiznikilar” kutib olib, Rossiyaga yuborishadi. 

Qisqsi, avval Ukrainaga - Xarkovga uchdim. U erdan yana “birodarlarimiz” yordami bilan Rossiyaga, Sochiga yo`l oldim. 2012 yilning iyul oylari. Men Sochidagi oshxonalardan birida, bir oshxonada ishlayman. Keyin uyimdagilarga sim qoqdim. Mendan rosa xavotir olib o`tirishgan ekan. 

-Dadasi, - dedi ayolim yig`lab. – Qaerlarda yurgandingiz? Bir og`iz “men tirikman” deb qo`ymaysizmi? Ikki yildan beri dom-daraksiz yuribsiz.

- Hammasini keyin tushuntiraman, - dedim nafasim bo`g`zimga tiqilib. – Sen bolalarni olib, Rossiyaga, Sochiga kelish chorasini qil. Bu erda hamma sharoitlar bor. 

Avvaliga xotinim ko`nmadi:

-Dadasi, shu erda ham yaxshi yashayapmiz, bolalaringiz ham o`qib yurishibdi. Hech narsadan kamimiz yo`q. O`zingiz qaytsangiz yaxshi bo`lardi.

Ammo, dag`dag`alardan keyin, kelishga rozi bo`ldi. Bir-bir yarim oy deganda xotinim bolalarim bilan Sochiga etib keldi. Ayniqsa bolalarimning quvonchi cheksiz edi. Ularni birma-bir bag`rimga bosib, to`ymas, ko`z-yoshlarimni arang tiyib turardim. Shu tariqa ular bilan bitta ijara uyda yashay boshladim. 

Bu orada, “birodarlar”  telefon qilib qo`yishmaydi:

-Birodar, oilangizni chaqirgan bo`lsangiz, tezroq kelavermaysizmi? Yo fikringiz o`zgarib qoldimi?

Bilaman, agar fikrim o`zgargudek bo`lsa, ular meni baribir tinch qo`yishmaydi hamma joyda odamlari bor. Men-ku, mayli, oilamga ham biror ziyon tegishi mumkin. 

Xullas, oilamni Turkiyaga ketishga ko`ndirdim. Avvaliga ularning o`zini jo`natadigan, birozdan so`ng,  o`zim boradigan bo`ldim. Chunki, pasportimga  “deport” muhri bosilgani uchun bu bilan Turkiyaga kirolmayman. Demak, yangi pasport topishim kerak. Bu esa ma`lum vaqtni oladi. Istanbulda oilamni tegishli odamlar kutib, mehmonxonaga joylashtiradi, men ham etib borganimdan so`ng, qanday harakatlanishni o`zlari aytishadi.  

Oilamni Sochi aeroportidan Istanbulga yuborib, ijaraxonamga qaytib kelarkanman, oldimda meni nimalar kutatyotgani haqida o`ylardim. Nimalar qilib qo`ydim? O`zimning Turkiyaga borishim so`roq ostida bo`lsa-da, xotinim va bolalarimni etti yot shaharga qaysi kalla bilan yubordim?

Men juda hatarli o`yinga aralashib qolgandim. Ortga yo`l yo`q edi. Endi bu yo`ldan oxirigacha borishim shart. Har qalay, bu yo`lda men jonimni xatarga qo`yib, o`limni bo`ynimga olib chiqqandim. 

O`zim yashaydigan uy yo`lagiga kirgan ham edimki, qaerdandir paydo bo`lib qolgan, yuziga niqob taqqan baquvvat yigitlar meni ushlab qo`limni orqamga qayirib, kishan solishdi. “Qo`lga tushdim”, - o`shanda xayolimdan kechgani shu bo`ldi...

Federal xavfsizlik xizmati xodimlari meni obdon so`roq qilishgach, boshimdan o`tganlarni oqizmay-tomizmay aytishdan boshqa choram qolmagandi. Keyin ular meni o`zbekistonlik huquq-tartibot idolari vakillariga topshirishdi. Toshkentdan ozod qush bo`lib uchib ketgandim, o`z nodonligim sabab qo`limda kishan bilan ona yurtimga qaytib keldim. 

Ayolim va bolalarim ham ana ovoragarchilik, sarson-sargandordonlikdan so`ng, hukumatimizning yordami bilan Istanbuldan uyga qaytib kelishibdi. 

...2013 yilda Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining hukmiga ko`ra, jinoyat kodeksining qator moddalariga binoan ayblanib,  uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildim. 

Qanchalik jaholat botqog`iga botganim, nur deb zulmatga talpinganim, jihod qilaman deb o`ylab, o`z Vatanimga, xalqimga ota-onamga xiyonat qilganimni kech anglab etdim. 

Har bir ota-ona “o`sib-ulg`ayib bir kunimizga yaraydi, qarisak, boqib parvarishlaydi, o`lsak, tepkilab ko`madi, ortimizdan chirog`imizni yoqadi, naslimizni davom ettiradi” deb farzand o`stirishadi. Mening ota-onam ham bir kuni kelib, shu o`g`limizning ortidan ko`krak kerib, faxrlanib yuraylik, deb niyat qilishgani shubhasiz. Men ham ana shu maqsadda uylanib, bola-chaqa orttirganman. Ammo, ota-onam ham, ayolim ham, farzandlarim ham men tufayli boshlarini egib qolishdi. Buning uchun men o`zimni kechirolmayman.

Ravil singari ablah, zulmat gumashtalarining gapiga kirib, miyam zaharlanganini, o`z hayotimni ham, farzandlarim kelajagini ham barbod qilganimni sezmay qolibman. 

Endi esa... 

Barcha  qilmishlarim xato ekanini, islomiy tushunchalarni mening ongimga mutlaqo noto`g`ri tarzda singdirishganini tushunib etganimda, g`isht qolipdan ko`chib bo`lgan ekan.

Mana shunaqa gaplar!...

    Boshqa yangiliklar