Poytaxtimizda joylashgan harbiy qismlardan birida “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” mavzusidagi ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan o`tkazligan ushbu tadbirda mamlakatimizdagi tegishli idora va tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolari ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur harbiy qism komandirining o`rinbosari, podpolkovnik Ulug`bek Bo`taev, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi bosh mutaxassisi Inobat Karimova, Toshkent shahar Yashnobod tumani bosh ginekologi Gulshod Abdullaeva, va boshqalar oilada erkak va ayolning vazifalari, oilalarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi, ayniqsa yoshlarning turli zararli oqimlar, qora niyatli kuchlar ta`siridan asrash singari muhim masalalar xususida fikr yuritishdi.
Tadbirda ta`kidlanganidek, bugungi kunda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni saqlash har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Harbiylarimizning Vatanga sadoqat, ishonch va shijoat bilan xizmat qilishida bevosita ularning oilasidagi muhit, oilaviy munosabatlar ham katta o`rin tutadi. Shu bois, Vatan himoyachisi bilan taqdir rishtalarini bog`lash, u bilan birga hayot kechirish, farzandlarni dunyoga keltirish va o`stirish alohida e`tibor va mas`uliyatni talab qiladi.
Ma`lumki, azaldan o`zbek ayoli o`zining ibo-hayosi, aqlu-zakovati, vafo va sadoqati bilan hamishga ibrat bo`lib kelgan. Bugun biz To`maris, Nodirabegim, Zebuniso, Uvaysiy singari momolarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Buyuk malika Saroymulkxonim davlat boshqaruvida ham Sohibqiron Amir Temurga jo`yali maslahatlarini bergani, Mirzo Ulug`bek singari donishmand nabiralarni tarbiyalagani tarixdan ma`lum.
Istiqlol yillarida hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi o`rni, mavqeini yuksaltirish, ularning dunyoqarashini boyitish, siyosiy va huquqiy savodxonligini oshirish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Bu borada qator farmon va qarorlar, me`yoriy hujjatlar qabul qilindi. Har sohada faol xotin-qizlarimiz uchun tanlovlar, yuksak mukofotlar ta`sis etildi.
Bugungi kunda ana shunday e`tibor va g`amxo`rlikka javoban, ayollarimiz jamiyatning turli sohoalarida mehnat qilib yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo`shib kelishmoqda. Bugun o`zbek ayoli siyosatda ham, iqtisodiyot tarmoqlarida ham, tadbirkorlik va ishbilarmonlik sohasida ham, fan, ta`lim yo`nalishlarida ham, san`at va madaniyatda ham o`z kuch va salohiyatini namoyon etib kelayotir.
Shu bilan birga xotin-qizlarimiz orasida bilib-bilmay jinoyat ko`chasiga kirib, nojo`ya ishlarga qo`l urayotgan, ma`naviytimizga, milliy qadriyatlarimizga yot oqimlar ta`siriga tushib qolayotganlarning uchrab turishi barchamizni ogohlikka, sergaklikka undamoqda. Binobarin, ularning siyosiy, ma`naviy-ma`rifiy dunyoqarashini boyitish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda mana shunday uchrashuvlar, tadbirlarning ahamiyati katta.
- Ayolning eri uchun qilgan xizmatlariga ham ajru savob beriladi: erining kuylaklarini yuvib, dazmollash, ovqatini tayyorlashda ham ayolga ajr bor. Ayol ajrdan umid qilgan holda xizmatlarini sidqidildan qilsa xonadoni obod, ozoda, va fayzli bo`ladi, - deydi O`zbekiston musulmonlari idorasi mas`ul xodimi Ilhom Marupov. - Aslida ayol uchun baxt o`z oilasi bag`rida xotirjamlikda hayot kechirishidadir. Afsuski, bugungi kunda buzg`unchi oqim a`zolari ayrim ayollarni “jihod” niqobi ostida o`z baxt koshonalari, farzandlaridan judo qilishmoqda. Ularga aldangan ayollarning nomi qora, qarindoshlarining boshi xam bo`lmoqda. Bu jihod emas, jinoyat va xiyonatdir. O`z navbatida, Islom dinining asl mazmun-mohiyatidan bexabarlikdir. Zotan, dinimizda ayollar uchun o`z oilasining mustahkamligi, farzandlar tarbiyasi birinchi o`rinda turishi qayta-qayta uqtiriladi.
-Harbiy xizmatchi bilan bir oilada, bir tom ostida yashash ham sharaf, ham katta mas`uliyatdir, - deydi Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash bo`yicha etakchi mutaxassisi Dilbar Husanova. – Bugungi kunda tinchligimiz, osoyishtaligimizni ko`z qorachig`idek asrash barchamizdan, xususan harbiylarning oila a`zolaridan ham katta mas`uliyatni talab etadi. Ular o`z oilalariga munosib xizmat qilish barobarida Vatan tinchligi, sarhadlar daxlsizligiga ham bevosita hissa qo`shgan bo`ladilar. Shunday ekan, ularning ogohligi va sergakligi, oila va jamiyat oldidagi javobgarlik hissini yanada oshirishimiz davr talabidir.
Tadbir davomida ishtirokchilarga oilaviy munosabatlar tahliliga bag`ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Qatnashchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
O`z muxbirimiz





