AsosiySUG'DIYONA

«Mendan boshqa yana ikki xotin…»

— Yigirma uch yillik turmushimizda to`rt nafar farzandga ota-ona bo`ldik. Boshida rosa qiynalib yashadik. Elib-yugurib tadbirkorlikni yo`lga qo`ydik, ro`zg`orimizga qut-baraka kirdi. Hozir bizdan boyroq odam yo`q. Biroq semizlikni qo`y ko`tarar ekan. Xo`jayinim pul ko`pligidan xotinni uchta qildi. Oilamiz bilan mehnat qilib topayotgan pulimizni maishatiga sovurayotgan xiyonatkor er bilan yashagim kelmay qoldi. Bolalarimning tirik etim bo`lishini istamayman. Nima qilsam ekan?

Nozanin, Navoiy viloyati

— Taqdiringizga yozilganlarni eshitib, “Oltin baliqcha” ertagi yodimga tushdi. Teshik tog`oraning butun bo`lib qolishini umr bo`yi orzu qilgan bechora kampir malikaga aylangach, bosar-tusarini bilmay qolgani kabi xo`jayiningizni pul quturtiribdi. Afsus!

Qadim hikmatlarda donishmandlar har bir voqea-hodisaning oqibatini insonning qilmish-qidirmishida deb bilganlar. Uyini o`g`ri urgan odamdan: «Ishqilib topayotgan moling halolmidi?” deb so`rashadi. Hadisi qudsiyda esa: «Agar qalbingda g`ashlik, badaningda bemorlik, rizqingda mahrumlik, molingda kamchilik topsang, demak, bilginki, sen befoyda narsani (ko`p) gapiribsan», deb marahamat qilinadi. Bu gap-so`zlardan dilingiz og`rimasin, biroq o`zingizni, qilayotgan kasb-koringizni bir taftish qilib ko`ring-a. Qaerda xato ketdingiz? Qolaversa, kelayotgan molu davlatdan muhtoj odamlarga, ulashayapsizmi, qo`ni-qo`shnichilik haqqini ado etayapsizmi? Ota-ona, qaynona-qaynota holidan boxabarmisiz? Ularning holidan xabar olib,  tang ahvolingiz borasida maslahat so`rang. Harholda sizning oilangiz muammosini, dardingizga qanday malham bosishni yaxshi bilishadi.

Qalblarga shifo bo`lguvchi yana bir hadis: «...mening roziligim uchun yoqtirmayotgan narsangizga ham sabr qil(ishni o`rgan)maguncha huzurimdagi narsa(jannat)ga erisholmaysiz». Ayol kishi ona bo`lgani uchun ham bolalarining baxti uchun ko`p aziyatlarga chidab yashashga mahkum bo`ladi. Hatto o`zi yashashni istamagan, uni xo`rlagan er bilan ham bolalari hurmatidan umrguzaronlik qiladi. Biroq har bir aziyat va jafoning orqasidan yaxshi kunlar kelishi tayin. Oyning o`n beshi qorong`i bo`lsa, o`n beshi yorug`. Bu hayotiy falsafa haqiqatning o`zginasi. Siz ham sabr-bardoshingiz evaziga farzandlardan yaxshi kunlarni ko`rasiz. Eringizga Xudo insof bersin, iloyo.

Singiljonim, bu ko`hna dunyoga ba`zida falsafiy nazar ham tashlash kerak. Nazarimizda, hayot murakkabliklardan iborat, yashash qiyin tuyuladi. Birov nochorlikdan nolisa, birov boylikdan tinchini yo`qotadi. Aslida esa hayotda yashashni osonlashtirish o`z qo`limizda. Ayol kishi erkakka nisbatan ezgulikka, murosaga moyil. U tinchlik-xotirjamlik tarafdori. Oilasini saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashadi. Shu sabab ham ko`p narsani kechirib, alamlarni yutib, mulohaza bilan fikr yuritadi. Chunki ayol hayot posboni. Erkak zoti esa hukmronlik qilishni sevadi, aytgani aytgan, degani degan bo`lishni istaydi va shunga intiladi. Moddiy imkoniyatlari yaxshilansa, maishat, rohat-farog`atni istab qoladi. Albatta, bu  hamma erkaklarga xos xislat emas, biroq shundaylar oramizda borligi, oilasining sha`ni, farzandlar kelajagini o`ylamaydiganlar xiliga ayollar o`zgacha muomala-munosabatda bo`lishadi, bu esa «ayol makri» deb ataladi. Mazkur holatdagi makr oilani saqlab qolish uchun mohirona ijro etiladigan san`atdir!

Boshqa yangiliklar