O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 5 yanvar kuni sog`liqni saqlash sohasining bir guruh etakchi mutaxassislari bilan uchrashdi.
Videokonferensiya shaklida o`tgan uchrashuvda hukumat a`zolari, senatorlar, viloyat hokimlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot oliy ta`lim muassasalari rektorlari, sog`liqni saqlash tizimi mas`ul xodimlari ishtirok etdi.
– Sog`liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo`nalishlaridan biridir, – dedi Shavkat Mirziyoev. –Mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag`batlantirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan xalqimizning munosib hayot sifatini ta`minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama sog`lom avlodni tarbiyalash, tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mustaqillik yillarida hayotga tatbiq etilgan keng ko`lamli islohotlar samarasida sog`liqni saqlash tizimi tubdan o`zgardi. Aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi qonuni bilan mustahkamlandi.
Shifokorlik kasbini ulug`lash, ularning mashaqqatli mehnatini munosib rag`batlantirishga alohida e`tibor qaratilayotir. 1998 yil 10 noyabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to`g`risida”gi Prezident farmoni zamonaviy talablarga javob beradigan va mamlakatimizning barcha hududlarida aholiga malakali xizmat ko`rsatadigan, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha yaxlit tizimni shakllantirishda muhim omil bo`ldi. Mazkur hujjatga muvofiq mamlakatimizda birlamchi tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha zamonaviy tibbiy xizmat tizimi tashkil qilindi. Ushbu xizmat qishloq vrachlik punktlari va shahar oilaviy poliklinikalar tarmog`ini qamrab olgan.
Bugungi kunda kardiologiya, jarrohlik, ko`z mikroxirurgiyasi, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitasiya, endokrinologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, akusherlik va ginekologiya, dermatologiya va venerologiya, pediatriya va boshqa yo`nalishlardagi maxsus ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida yuqori sifatli xizmat ko`rsatilmoqda. Ushbu shifo muassasalarida har yili 50 mingga yaqin yuqori texnologiyali murakkab operasiyalar bajariladi, 600 mingdan ko`proq bemorga ambulator xizmat ko`rsatiladi. Olimlarning dolzarb mavzulardagi ilmiy izlanishlari natijasida tibbiyotning yigirmadan ziyod yo`nalishlari bo`yicha 1000 dan ortiq davolash-diagnostika standartlari ishlab chiqildi.
2016 yil – Sog`lom ona va bola yilida mamlakatimiz tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 80 million dollar qiymatidagi kredit va grant mablag`lari yo`naltirildi, farzand ko`rish yoshidagi ayollar va bolalar tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, sog`lomlashtirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish bo`yicha nuqsoni bo`lgan 350 dan ortiq bolada koxlear implantasiya operasiyalari amalga oshirildi. 700 ming bola pnevmokokk infeksiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi.
Ammo bugun zamon o`zgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda. Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so`nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko`rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo`laveradi, degan tushuncha endi o`z umrini o`tab bo`ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor, dedi Prezidentimiz. Shu bois soha xodimlari tibbiyotning eng ilg`or, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini o`zlashtirmog`i zarur. Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo`lib o`tirish taraqqiyot yo`lidagi eng katta g`ovdir.
2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e`lon qilinganida ham katta ma`no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to`laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi.
Shavkat Mirziyoev o`zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etdi, deb yozadi O`zA. Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarning 7 mingdan ziyodi aynan tibbiyot sohasiga tegishli ekani ham mazkur sohada muayyan muammolar yig`ilib qolganligini ko`rsatmoqda. Aholining murojaatlari, fikr-mulohazalari va takliflari sog`liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko`tarishni taqozo etmoqda.
Prezidentimiz tibbiyot sohasida bajarilishi lozim bo`lgan ishlar, echimini kutayotgan muammolar haqida atroflicha to`xtaldi. Qishloq vrachlik punktlari faoliyatiga oid quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratildi. Bugungi kunda QVPlar birlamchi tibbiy ko`rikni o`tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Lekin tibbiy uskunalarni ishlatadigan malakali mutaxassislar etarli darajada emas. Ba`zi chekka hududlarda oddiy qon topshirish uchun tuman markaziga yoki shaharga borishga to`g`ri kelayotganini ham inkor eta olmaymiz.
Ayrim joylarda tibbiy ko`riklar nomigagina o`tkazilmoqda, deb fikrini davom ettirdi Prezidentimiz. Chekka hududlarda malakali mutaxassislar etishmayotgani kadrlar masalasida qilinadigan ishlar ko`pligini anglatadi.
Qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlamog`i zarur. Buning uchun punkt yonidan shu joyda ishlaydigan vrachga uy qurib berish lozim.
Aholiga tez tibbiy yordam ko`rsatish sifatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ko`rildi. Lekin bugun xalqimiz bu xizmat sifatidan rozi, deya olmaymiz. Tizimni mutlaqo o`zgartirish – davr talabi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko`rib chiqildi.
Sog`liqni saqlash sohasi haqida gapirganda bir haqiqatni esimizdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak, deb ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham echimini kutayotgan masalalar ko`p. Mavjud markazlarning hammasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu, ayniqsa, qishloq aholisiga muayyan noqulayliklar tug`dirayotir. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari joylarga chiqib aholiga tibbiy xizmat ko`rsatmog`i, jarrohlik amaliyotlarini o`tkazmog`i lozim, dedi Prezidentimiz.
Tadbirda mamlakatimiz sog`liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko`tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg`or ta`lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning etakchi tibbiyot markazlari va o`quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, sog`liqni saqlash vaziri A.Ikromov, sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari A.Hojiboev, sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosarlari E.Bositxonova, S.Saidaliev, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi direktori F.Oqilov, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori A.Alyavi, Respublika immunologiya ilmiy markazi direktori T.Aripova, senator Z.Nizomxo`jaev, "Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi M.Erniyazov, Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev va boshqalar Prezidentimizning tibbiyot sohasiga qaratayotgan alohida e`tibori soha rivojida muhim omil bo`layotganini qayd etdi. Bildirilgan tanqidiy fikrlardan zarur xulosalar chiqarib, ko`rsatib o`tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, soha oldida turgan dolzarb vazifalarni bajarish yuzasidan tizimli ishlar olib borilishini, barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini ta`kidladi.





