AsosiyJamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoev va Koreya Respublikasi rahbari Xvan Gyo An o`rtasida telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi

5 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Koreya Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An o`rtasida Janubiy Koreya tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi.

Xvan Gyo An Shavkat Mirziyoevni 2016 yilning dekabr oyida o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib g`alaba qozongani munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

Tomonlar o`zaro hamkorlik tarixidagi shonli sana – O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o`rtasida diplomatiya munosabatlari o`rnatilganining 25 yilligi bilan bir-birini qizg`in tabrikladilar.

Shavkat Mirziyoev va Xvan Gyo An ikki mamlakat o`rtasida o`zaro ishonch, oqichlik va hamfikrlik qaror topganini katta mamnuniyat bilan ta`kidladilar. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.

Surg`il koni negizidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuini barpo qilish bo`yicha ulkan loyiha ijro etilgani alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Ushbu majmua qurilishi 2016 yilning may oyida Shavkat Mirziyoev va Xvan Gyo An ishtirokida rasman yakuniga etkazildi. O`zbekiston rahbari Koreya Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo Anning ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik dasturini amalga oshirishga qo`shgan hissasini yuksak baholadi.

O`zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining istiqbollari atroflicha muhokama qilinar ekan, o`zaro foydali bo`lgan barcha sohalarda yuqori texnologiyali qo`shma loyihalar sonini oshirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani ta`kidlandi.

Ma`lumki, 2017 yilda koreyslarning O`zbekistonda istiqomat qila boshlaganiga 80 yil to`ladi. Bu sana arafasida tomonlar ikki davlat o`rtasidagi do`stona aloqalarni mustahkamlashda koreys millatiga mansub hamyurtlarimiz alohida o`rin tutishini qayd etib, Toshkentda Koreya madaniyati va san`ati uyi qurilishini imkon qadar jadallik bilan oxiriga etkazish zarurligini ta`kidladilar. Mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida O`zbekistonning koreys millatiga mansub fuqarolari faol ishtirok etayotgani alohida qayd etildi.

Shavkat Mirziyoev va Xvan Gyo An 2006 yilda imzolangan Strategik sheriklik to`g`risidagi deklarasiya tamoyillariga sodiq qolajaklarini ta`kidlab, ikki mamlakatda yuksak salohiyat mavjudligidan kelib chiqqan holda uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish darkorligini qayd etdilar.

Shavkat Mirziyoev Yangi yilda Xvan Gyo Anga va Koreya Respublikasi xalqiga farovonlik va taraqqiyot tilaklarini bildirdi.

O`z navbatida Xvan Gyo An Shavkat Mirziyoevga davlat faoliyatida ulkan omad va muvaffaqiyatlar, O`zbekiston xalqiga esa tinchlik va yanada yuksalish tilaklarini izhor etdi.

Prezident vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Koreya Respublikasiga rasmiy tashrif buyurishga taklif qildi. 

Suhbat ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar