Sahifamiz eksperti — taniqli telejurnalist Nasiba Maqsudova bilan dardlashgani kelgan bu ayol ismini ham sir tutmasligimizni so`radi-yu, biz oshkor etishdan istihola qildik. Suhbatdoshimiz arzimagan sabablardan janjal qiladigan qaynonasiyu farzandlarini tan olmaydigan turmush o`rtog`idan ko`rgan jabr-zulmlari haqida so`zlab berdi…
— Xalqimizda «o`tirgan qiz o`rnini topar», degan maqol bor. Turmushga yoshim o`ttizdan oshgandan so`ng chiqdim. Ne umidlar bilan yangi xonadonga qadam bosgandim. Ota-onam ham baxtim ochilganidan xursand edi. Ammo… uch oy ham yashamay, qaytib keldim.
— Nega?
— Qaynonam umuman chiqishtirmadi. Oxiri chidolmay, uydan ketdim. To`g`risi, men erimning ikkinchi turmushiman. Birinchi xotini bilan ajrashgan. Yoshim o`tgani uchun ota-onam ham yaxshi joy deb rozilik berishgan. Bu oilani bizga qo`shnimiz tavsiya qilgandi. «Juda yaxshi yigit, toparman-tutarmon, uy-joyi, mashinasi bor, insofli, diyonatli. Faqat birinchi xotini yaxshi chiqmadi-da! Engiltabiatroq edi. Nomusga chidolmagandan keyin ikki qizi bo`lsa ham ajrashdi», degandi.
— Mahalla-ko`y, qo`ni-qo`shnilaridan surishtirmaganmisizlar? Birinchi turmushidan aslida nima uchun ajrashganini bilib olardingiz.
— Ota-onam mahallasiga borib surishtirishsa, qaynonamning dugonalari ularni rosa maqtashibdi. Birinchi xotiniga har xil tuhmatlar qilib, ayblashgan… Mening orzularim o`zgacha edi. Qo`shnimiz hech qo`ymadi. Bir kuni uyga kelib, kelinimizdan rasmimni olib ketibdi. Shundan keyin fikrim o`zgardi-qoldi.
— Nima uchun?
— O`zim ham bilmay qoldim. Qaynonam o`shanda «issiq-sovuq» qildirgan shekilli. Xullas, to`yimiz bo`ldi. Keyinchalik ularning asl basharasi ochila boshladi. To`ydan oldin qaynonam olam-olam va`dalar bergandi. «Alohida yashaysizlar, butun uy-joy sizniki», deb. Lekin to`yimizdan keyin qaynota-qaynonam ham, eridan ajrashgan qaynsinglim ham biznikiga ko`chib keldi. Iloji boricha ularning ko`nglini olishga harakat qilardim. Qaynotam og`ir ishda ishlaydi. Ertalablari u kishiga ovqat tayyorlab bersam, qaynonam urishib berardi. Umuman, bu xonadonda qaynotamni hech kim odam o`rnida ko`rmasdi. Qaynonam obro`li joyda ishlagani sabab, hech kimni gapirtirmasdi. Har doim o`g`illarini maqtab, ulardan g`ururlanib yuradi. Tepamizda amakimizning kelini yashaydi. Uyda yolg`iz o`tirgan paytlarim yonimga kelib, qaynonamni, erimni rosa yomonlardi. Aytishicha, kundoshim juda yaxshi ayol ekan. Qaynonam har ikki kunda kelib, janjal qilavergach, qizlarini olib, uydan ketibdi. Erim ham bolalariga befarq bo`lib, «sen faqat qiz tug`asan, menga qiz tug`adigan xotin kerakmas», deb urish qilarkan. Bu gaplarni eshitganimdan keyin mening ham ko`nglim sovib ketdi.
— Balki u ayol qaynonangiz va eringizni ataylab sizga yomonlagandir?..
— Shunaqa ham deylik, ammo uning hamma gapi o`z isbotini topayotgandi. Shu kunlarda qornimda qattiq og`riq seza boshladim. Qaynonamga aytsam, «o`zi shunaqa bo`ladi, xavotirlanmang», dedi. Og`riq bosilavermagach, turmush o`rtog`imga «UZI ko`rigidan o`tay», degandim, qarshilik bildirdi. Orada tishim og`rib, poliklinikaga chiqqanimda navbat ko`pligi sabab UZIga tushdim. Homilador ekanman. Xursandligimdan uyga shoshib kelib, turmush o`rtog`imga qo`ng`iroq qildim. Shu onda men o`zimni juda baxtli his qilgandim. Ammo bu quvonchim uzoqqa cho`zilmadi. Erim ishdan kela solib, meni do`pposlay ketdi. «Nega mendan beso`roq shifokorga borasan», deb rosa janjal qildi. Jahl ustida uydan chiqib ketdim. Ko`chaga chiqib, bir soatcha o`tirdim. O`shanda izimdan kimdir kelib, meni uyga olib ketishini juda istagandim. Lekin… Yarim kechasi uyga kelganimni ko`rgan ota-onam oldiniga qo`rqib ketdi. Homiladorligimni eshitgach, «endi nima bo`lsa ham sabr qil, hali hammasi izga tushib ketadi», deb, meni shu kunning ٴo`zida qaytarib olib borishdi. O`shanda qaynonam «ikkinchi shunaqa o`zboshimchalik qiladigan bo`lsa, uyga kiritmayman», deb shart qo`ydi.
— Xo`sh, homiladorligingizni eshitgandan so`ng qaynonangizning sizga munosabati o`zgardimi?
— Yo`q, aksincha. Hatto, ko`nglim tusagan narsani olib, eya olmasdim. Menga umuman pul berishmasdi. Erim ham bee`tibor edi. Har kunlik topgan daromadini onasiga berardi. Ota-onam «qizim tinch o`tirsin», deya har borganimda pul berishardi. Bir kuni qarasam, pullarim yo`q. Erim olib ishlatvoribdi. Mayli, unisiga ham chidadim. Lekin qaynonamning zug`umlariga chidash qiyin edi.
— Qanaqa qaynona ekan bu ayol?! Nahotki, birovning qiziga achinmasa! Hozirgi ko`pchilik qaynonalar kelinlaridan noliydi. Kelinga past nazar bilan qaraydi. Uyam birovning qizi, tirik jon ekanligini tushunmaydi. Sizning ham qaynonangiz shu toifadan ekan-da, singlim.
— Turmushimizga ham arzimagan sabab tufayli darz ketdi. To`y kuni kiygan kelinlik libosimning pulini qaynonam to`lashi kerak edi. Ko`ylak egasi pul so`raganida, «men bilmayman», deb turib oldi va meni urishib tashladi. Erimda ham ko`nglim bo`lmagani uchunmi yoki bu uyda tinch-xotirjam yashashimga ko`zim etmaganidanmi, uydan ketdim. Ammo xatomni tushunib, kechirim so`rab borganimda qaynonam, «sen homilador emassan. Qornimda bolam bor deb, uyimga kirib olmoqchisan», deya meni haydagan. O`g`limni ham ota uyimda dunyoga keltirdim. «Nevaramiz etim bo`lmasin», deb ota-onam boshlarini egib erimnikiga borishganida, qaynonam «o`nta o`g`il tug`sa ham uyga kiritmayman», debdi. Dadam mahalla oqsoqoliga uchrashgan ekan, «qizingizning shu oila zug`umidan qutulayotganiga shukr qiling. Birinchi keliniga ham xuddi shunday azob berib, er bilan bir qilib haydashgandi», debdi.
— Menga o`g`il kerak deb, ikkita norasida go`dakdan voz kechgan eringiz-chi, o`g`illi bo`lgach, insofga kirmadimi?
— Hatto farzandini biror marta ko`rishga ham kelmadi. «Yarashaylik, hech bo`lmasa, bolamizni o`ylang. Ikki qizni tirik etim qilib qo`yganingiz etar», desam, «men bolani tan olmayman. Kerak bo`lsa, olgan xotinim menga, onamga yoqmasa, o`n marta ham uylanaveraman», deb do`q qildi. Shuncha gapdan keyin endi mening ham yarashish niyatim yo`q. Sudga ariza berganman. Aliment ham to`lamayapti. Ota-onam qilgan sarpolarni, narsalarimni qaytarib berishmayapti. Endi sud qarorini kutayapmiz. Faqat o`g`limning tirik etim bo`lib qolishi, otasi bo`la turib, ko`ngli yarim holda o`sishi menga og`ir botayapti. Axir bechora go`dagimda nima ayb (yig`lab)?!
— Qo`ying, yig`lamang, singlim. Zolim onasining gapidan chiqmaydigan, pushti kamaridan bo`lgan farzandini tan olmaydigan er bilan yashab, baraka topmaysiz. Afsus, ayrim odamlar birovning bolasini, uning baxtini o`ylashmaydi. Bunaqa insonlarni hali norasida go`daklarning uvoli tutadi. Qaynonangizning bu hunarlari hammaga ham o`tavermaydi. Mana, o`zining qizi ham qaytib kelgan ekan-ku! Eringizning ham boshi devorga urilib, bir kun jazosini oladi. Turmush qurish ostonasida turgan qizlarimizga etti o`lchab, bir kesishlarini maslahat beraman. Zora, ular ham sizga o`xshab, zolim odamlar iskanjasiga tushib qolishmasa. Siz, singlim, ko`nglingizni cho`ktirmang. Endi bolangiz uchun ham kuchli, irodali bo`lishingiz kerak. Ishlang, harakat qiling. Hali hayotingiz oldinda!
Shoira ShAGIAHMEDOVA yozib oldi





