AsosiyShou-biznes

Mavluda Asalxo`jaeva va Dilso`z 2016 yildagi yorqin lahza, ko`z yosh va muhabbatning umri haqida

Ko`ngil. Xonandalarni ko`ngil kishisi deymiz. Biz — ayollarga ko`ngilchan, deya ta`rif berishadi. Onaning ko`ngli aldamaydi, deganlari ham rost. Oilaviy hayotlarini yo`lga qo`ygan, ijod zavqidan bahramand yashayotgangan Mavluda Asalxo`jaeva va Dilso`zlarning bu boradagi ko`ngil kechinmalari bilan tanishamiz. 

Mavluda ASALXO`JAEVA, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: 
2016 yil... Omadli, quvonchli va barakali yil bo`ldi. Uchinchi bora buvi bo`ldim, endi uch nafar nevaram bor! Yigirmata qo`shiq yozdim. Ba`zida san`atkor yozgan qo`shiq tinglovchi uchun juda chiroyli tuyulishi mumkin, ammo xonandaning o`zi kutganidek chiqmaydi. Yangi qo`shiqlarimning hammasi, avvalo, o`zimga yoqdi! Shunga qay biriga klip suratga olsam ekan, deb boshim qotgan. Xullas, juda ko`tarinki kayfiyatda xayrlashayapman o`tayotgan yil bilan! 

Duet. Ijodimda duetlar omadli chiqqan. Biror xonanda bilan hamkorlikda kuylash, bu ikki tomonga nafaqat omad olib kelishi kerak, san`atkorlarning yangi bir qirrasini kashf qilishi ham lozim. O`zbekiston xalq artistlari Nasiba Abdullaeva, G`ulomjon Yoqubov, Ozodbek Nazarbekov va Gulsanam  Mamazoitovalar bilan duet kuylashni istardim. 

Ko`z yoshlarimni birov ko`rmasin, deyman. Dilim to`lib ketsa, hatto, juda xursand bo`lganimda ham yolg`iz qolib, ko`nglimdagilarni o`zimga to`kib solaman. Shunda to`yib-to`yib yig`layman. Kinolar, seriallardagi ota-onasiz qolgan bolalarni, og`ir xastalikka uchragan insonlarni ko`rsam ham, bular rol ijro etishayapti, deya o`zimni ishontirishga ming urinmay, shu obraz ortidagi taqdirlar ko`zlarimni yoshlatadi... Fikrimcha, bu his hamma onalarga tanish va yaqin. 

Umr yo`ldosh... San`atkor ayol uchun turmush o`rtog`i ham shu sohaning vakili bo`lganini faqat yutuq, deb bilaman. San`atga kirib kelgan kezlarimdayoq taqdirim san`atkor bilan bog`lanishini istardim. Tushunmovchiliklar, rashk ayolning erkin ijod qilishiga yaxshigina to`siq bo`ladi. Ijodkor uchun tushunishlari muhim. O`zini ham, san`atini ham. Ayrim ayollar san`atimni gullab-yashnashiga imkoniyat yaratadi, degan o`yda oila qurishadi. Ammo gap faqat pul yoki ijod qilishini taqiqlashdamas, elkadosh insonining uning qo`shiqlarini his qila bilishida ham. 

Dilso`z yaxshi xonanda, tarbiyali ayol. Menga ota haqida kuylagan qo`shig`i juda ta`sir qilgan. Umuman deyarli barcha qo`shiqlarini yaxshi ko`rib tinglayman. Dard bor taronalarida. 

Oshxonada... Turkmancha somsa pishirishni ham, eyishni ham qoyillataman. Hatto, uyimizga yaqin joyda ochilgan bir kafe xodimlariga qanday tayyorlashni o`rgatib ham qo`ydim. Xamirli ovqatlarni iste`mol qilishim biroz chegaralangan bo`lsa-da, shu turkmancha somsani har ikki kunda egim, tez-tez o`z qo`llarim bilan pishirgim keladi. Yaqinlaringiz sevib tanovul qiladigan taomni tayyorlash ayolga boshqacha bir zavq beradi-da baribir. 

Men va qizim. Marjonaning fe`li biroz og`ir, mendek hamma gapni sharta-sharta gapirmaydi. Yuvoshligi sabab ko`pchilik mening qizim ekanligini eshitib hayron qoladi. Ming bosiq, tortinchoq bo`lmasin, tez-tez «Qaynota, qaynonangga yaxshi gapir», deb ta`kidlab turaman. Ikkimizning o`xshash tomonimiz esa  bitta — chaqimchimasmiz! Hech qachon birovning gapini birovga tashimaganman, qizim ham shu xislatni o`zlashtirganidan xursandman. Hozir ikki qizning onasi. Bir kun qo`shiq yozibdi, eshitsam, ovozi binoyidek. «Nega shu paytgacha qo`shiq kuylagim keladi, deb aytmading?» desam, «Uyalganman», deydi. U mendan hech maqtov eshitmaydi. Erkalanib ketmasin, deyman-da. 

Vaqt hukmi. Yillar insonni ulg`aytiradi, ammo ko`ngil yoshligicha qolarkan. Shu sabab musiqiy albomimdan yoshlar uchun ham, katta yoshlilar uchun ham qo`shiqlar o`rin egallashiga e`tibor qarataman. O`rni kelganda milliy qo`shiqlarni ham yaxshi ko`rib aytaman. Muhabbat haqida sho`x taronalarni ham yonib ijro etaman. San`at yosh tanlamaydi-ku axir, u qarimaydi, aksincha qalblarni yoshartiradi. 

Afsus... Biror nimadan qattiq pushaymon bo`lganimni eslay olmayapman... Nimaki bo`lgan bo`lsa, taqdirga bitilganini ko`rib kelayapman va hammasi uchun minnatdorman!

DILSO`Z, xonanda:
2016 yil yorqin, unutilmas lahzalarga boy bo`ldi. Qizim Dilso`z ilk qadamlarini tashladi. Tili chiqdi, birinchi aytgan so`zi — dada! U tug`ilganidan beri uyimizda boshqacha kayfiyat, har kuni bahor! Bir yoshga to`lgani, shodiyonani his qilib, yayragani qalbimga o`zgacha bir shukuh olib kirdi! 

Duet. Ustoz san`atkorlar bilan qo`shiqlar ijro qilishni istayman. Qaniydi, O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva bilan birga xalqning dilidan joy oladigan tarona yozsak. Bu orzumni ushlashtirish uchun harakat qilaman. Chunki Nasiba opaning ijrolarini yaxshi ko`rib tinglayman. Ovozlari, qo`shiqlarining mazmuni, kuylaridagi sokinlik odamni sehrlab qo`yadi.  

Ko`z yoshlar. Kecha, 30 noyabr kuni «O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida Yoshlar simfonik orkestrining konserti bo`lib o`tdi. Dastur avvalida Birinchi Prezidentimiz xotirasiga atalgan musiqiy asar yangrab, suratlari ekranda ko`rsatildi. Bu lahzalarda nafaqat men, zalda o`tirgan barcha san`at ixlosmandlari ko`zlariga yosh olishdi. Tinchlik qadri, vatanga muhabbat va sadoqat hislari kishi qalbini to`lqinlantirmasdan qo`ymaydi, axir. Ayniqsa, ona bo`lgach, shu osoyishta yurt farzandi ekanligimga va bolamni baxtli kelajak kutayotganiga yanada ko`proq shukr qila boshladim. 

Umr yo`ldoshim ham san`at vakili ekanligining hozircha faqat «plyus» tomonlarini ko`rayapman. Buning «minus»lari bormi-yo`qmi, hozircha bilmayman. Meni tushunishi, qo`llab-quvvatlashi, fikrlari bilan o`rtoqlashishlari ham foydali, ham qiziq. Mana, qizim tug`ilgach ham ijodda faolman. Turmush o`rtog`im ham xonanda bo`lganliklari uchun bu soha katta tanaffuslarni xushlamasligini, ijod kishisi baxtni tuyganda yurak-yurakdan ijod qilinishini yaxshi biladilar-da.

Mavluda Asaxo`jaeva biz yoshlarga ustoz! Ularga doim qoyil qolganman! Biror tadbir yoki to`y-shamlarga kelsalar, mehmonlarni o`ynatmasdan davradan chiqib ketmaydilar. Shunaqangi yonib kuylaydilarki, jo`shqinliklari hammaga birpasda «yuqadi». Sho`x taronalari tund kayfiyatdagi kishining ham birzumda dilini yayratib, raqsga chorlaydi.

Oshxonada... Pishiriqlar tayyorlashni kichkinaligimdan yaxshi ko`raman. Ilk tajribalarim unchalik o`xshamagan. Nuqul piroglarni kuydirib qo`yardim. Onam tayyorlab bo`lganimdan so`ng xatolarimni aytib o`rgatardilar. Hech qachon «O`xshamabdi, shuncha masalliqni uvol qilibsan», deb urishmaganlar. Shungami doim qo`rqmasdan yangi reseptlarni sinab ko`raman. Internet orqali antiqa taom-salatlarni ham o`rganib, tayyorlab ko`rishga cho`chimayman. O`zim asalli tortni yaxshi ko`rib eyman. Biror bayram yo bahonani kutib o`tirmay, vaqtim bo`ldi deguncha pishiraman. 

Men va qizim. Dilso`z tashqi ko`rinishi jihatdan ko`proq dadasiga o`xshaydi. Fe`l-atvorini esa bilmadim. Hali kichkina-ku, bu borada biror nima deyish qiyin. Hozir u bilan vaqt o`tkazish juda qiziq. Salom berishni o`rganayapti, oyi deya boshladi, «Qulog`ing, ziraging qani?», desam, darrov ko`rsatadi-da, topag`onligidan o`ziyam xursand bo`lib ketadi. Juda ziyrak, o`zi hali yaxshi gapirishni bilmaydi-yu, lekin hamma gapga tushunadi. O`tgan haftalardan beri kiyimlari, o`yinchoqlarini joyiga olib borishini aytsam, qilayapti. Ulg`aysa, orastagina qiz bo`lishini tasavvur qilib, birpasda ko`makchimga aylanishidan mamnunman.

Vaqt hukmi ta`sir o`tkazmaydigan biror-bir inson yoki narsa bo`lmasa kerak er yuzida. Albatta, taronalarim ham men bilan birga ulg`ayadi. Deylik, o`n, yigirma yildan keyin «Uylanasizmi, yo`qmi?» kabi qo`shiq kuylamasam kerak. Hozir ham o`ylanib-o`ylanib aytganman bu qo`shiqni. Lekin elikka kiramizmi, nasib qilsa, etmishgami, sevgi haqida kuylayveramiz. Inson axir muhabbat bilan tirik. Muhabbat yosh tanlamas ekan, san`atkor ham «Endi yoshim o`tdi, sevdim deb kuylasam uyat bo`lar», demaydi.   

Afsus... o`zimga yarasha afsuslanadigan tomonlarim bor. Maktabda yanada yaxshi o`qimaganimdan, ingliz tilini vaqtida mukammal o`rganmaganimdan xafa bo`laman ba`zida. Yana hammasi hali oldinda, imkon bor, istagingni so`ndirma, deya o`zimni ovutib ham qo`yaman. Qizim bilan xorijiy tillarni o`rgana boshlasam ham ajabmas. 

Shoira ShAGIAHMEDOVA

    Boshqa yangiliklar