«Eganin osh demang yolg`iz ayolning...» shunday she`r (qo`shiq) bo`lardi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, ajrashishlar 80 foiz holatlarda ayollarning tashabbusi bilan amalga osharkan. Kim aybdoru tashabbuskorligi boshqa masala, bo`lar ish bo`ldi. Endi bu ko`ngli yarim ayolning boshqa xato qilmay, tekis yashab ketishi uchun atrofdagilar nima qilmog`i kerak? Toki u boshqa oilalarni yoki o`z hayotini barbod etmasin.
Ota-ona
Albatta, yukning eng og`iri ota-ona zimmasida. Ular qizlarini ajratib olishni istashmagan, majbur bo`lishgan. Ajrashmasa bebaxt edi, ajrasa ham baxtiyor emas. Yana jondan aziz nabiralar otasini sog`inib yig`laydi, qizi duv-duv yosh to`kadi. Lekin nima bo`lganda ham yashash kerak. Unutmang, hozir qizingiz hammadan ham sizning madadingizga muhtoj. Unga o`tgan hayotini, xatolarini, baxtsizligini pesh qilmang, koyimang, «Unday qilsang bo`lardi, bunday qilmading-da», deb behuda nasihat o`qimang, chunki o`tgan ishga salovat. Endi hech nimani ortga qaytarib bo`lmaydi. Yaxshisi, dalda bo`ling, yolg`iz qoldirmasligingizni bildiring, hali hammasi iziga tushib ketishiga ishontiring. Ko`cha-ko`ydan yomon gap eshitsangiz, «Seni deb boshimiz egildi» demang, aksincha, duo qiling. Siz qo`llamasangiz, siz yaxshi ko`rmasangiz, siz to`g`ri yo`lga boshlamasangiz, qizingiz bechora qayga borsin? Birovga xotin ustiga tegsinmi? Hay-hay, shaytonga hay bering.
Aka-ukalar
Sizga ham oson emas. Axir, jigaringiz azobda, bir nomard (kuyov haqida shunday o`ylashingiz tayin) guldek singlingizni bebaxt qildi. Boshida shunday tuyuladi. Bora-bora turmush tashvishlari bilan andarmon bo`lib, alamingiz bosiladi. Ammo uyingizda bir ko`ngli yarim ayol borligini unutmang. Ayolingizga, onangizga xayit-bayramlarda sovg`a olganda uni ham e`tibordan chetda qoldirmang, bolalaringizni parkka olib borganda jiyanlaringizga muzqaymoq ko`tarib qaytish kerakligini fahmlang. Endi singlingiz (opangiz) sizning qaramog`ingizda, u xuddi ayolingiz, qizingiz kabi sizning nomusingiz. Avvalgidek biror joyga ketayotganda sizdan ruxsat so`ramasa ham, kech qaytishini ogohlantirmasa ham (endi u ona, baribir uyiga, bolalari bag`riga oshiqmay qayoqqa ham borardi), baribir u suyanadigan tog` — sizsiz. Bergan noningizni minnat qilmang. Avvalgidek erkaliklarini ko`tara olmasligingizni anglating, ammo boshiga mushkul tushsa, doim yonida turishingizni ham sezdiring.
Opa-singillar
Siz opangizga (singlingizga) nisbatan omadliroq ekansiz, tinib-tinchib ketdingiz. Lekin jigaringizga qarab achinishingiz, kuyunishingiz tabiiy. Unga achinish emas, hamdardlik kerak hozir. Oldida hadeb eringiz borligini, bolalaringiz otasining bag`rida o`sayotganini pesh qilavermang. Albatta, hamma ajrashgan ayollar ham farishta emas, o`zlaridan ham o`tgan joylari bor. Ular qaytib kelib, ota uyida qirolichadek hayot kechirmaydilar. Buni o`zlari ham biladilar, bilmasalar bildirish sizga emas. Sizdan mehr, oqibat va hamrozlik. Sirini aytsa, onangiz yo akangizga chaqmang, yo`ldan adashayotganini ko`rsangiz, ostonaga ko`ndalang yotib bo`lsa ham qaytarishga urining-u, ammo faqat sizga ishonib aytilgan gaplarini oshkor qilmang.
Yangalar
Chiqqan qiz chig`iriqdan tashqari degan gapni yangalar o`ylab topgan bo`lsa kerak. Uzatib tinchidik, degan qaynopangiz (qaynsinglingiz) bir boshi bir necha bo`lib qaytib kelsa, hammadan ham sizning tinchingiz buzilishi tayin. Endi eringizning pulini, mehrini, e`tiborini bo`lishishingizga to`g`ri keladi. Kundosh bilan kunlashish mumkindir, ammo qaynsingil bilan imkonsiz, chunki o`rtada jigarchilik bor. Bu siz uchun echib bo`lmas muammo bo`lib tuyulsa-da, hammasi vaqti kelib iziga tushadi. Siz sabrli bo`ling, ziddiyatlarga burningizni suqmang. Eng avvalo, bolalar o`rtasidagi janjallarga yuqoriroqdan, falsafiyroq nazar tashlashga urining. Qaynsinglingiz akasiga boshqa muammo tug`dirmasligi uchun sabrli bo`lishingiz kerak. Bordi-yu, u qitmirlik qilib shirin turmushingizni buzayotgan bo`lsa, nari borsa, ro`zg`oringizni bo`lak qilib olishingiz mumkindir. Lekin baribir na uni uydan siqib chiqara olasiz, na o`zingiz bu xonadonni tark eta olasiz. Shunday ekan, murosa qilishga urining. Ajab emas, joyi chiqib uzatilib ketar yana, tinchib qolarsiz. Yo qaynona-qaynotangiz boshqa yo`lini topishar. Unutmang, turmush buzilishi degan baxtsizlik har kimning boshiga tushishi mumkin. Singillaringiz, qizlaringiz bor oldingizda. Shular haqqi, sabr qiling.
Qarindosh-urug`
Siz to`y-hashamda, azayu-ma`rakada keraksiz. Sizlarsiz biror marosimni o`tkazib bo`lmaydi. Biroq birovning boshiga baxtsizlik tushganda g`iybatlaringiz, gap-so`zlaringiz bilan, ochig`i, ortiqchalik qilasiz. Qo`lingizdan kelsa, madad bo`ling, qaytgan qizning sobiq eriyu qaynbo`yinlari to`g`risidagi xabarlarni bu oilaga tashimang. «Men bilan bunday baxtsizlik sodir bo`lishi mumkin emas, chunki men u kabi emasman», deb kibrga berilmang, qaytar dunyo bu. Haqiqiy qarindosh bo`lsangiz, jigarning ishini qiling – jim bo`ling!
Qo`shnilar
Albatta, sizga issiq-sovuq joyi yo`qdek. Lekin uzoqdagi qarindoshdan yaqinroq qo`shnisiz. Qo`shningizning uyidan chiqqan tiq etgan tovush siz tufayli butun mahallaga yoyilishi yoki to`rt devor orasida qolishi mumkin. Qaytgan qizni ko`rganingizda ortidan g`iybat qilmang, u eshitmasa-da, sezadi. Dili og`riydi, demakki, mazlumga aylanadi. Mazlumning duosiyu qarg`ishi ijobat bo`lishini unutmang. Siz ham qiz o`stirayotgan, balki uzatgandirsiz. G`iybatga shaylangan tilingizni o`shalarning duosiga burib yuboring.
Dugonalar
Bebaxt dugonangiz ota-onasiga, opa-singillariga aytmagan dardlarini sizga aytgan. Boshidan ne o`tganini siz ko`proq bilasiz. Balki ajrash deb maslahat bergandirsiz yo aksincha, ajrashaman deganda bu yo`ldan qaytarishga rosa uringandirsiz. Nima bo`lganda ham, endi dugonangiz yolg`iz ayol. Kimdir achinadi, kimdir «ajab bo`pti» deydi, yana birov erini qizg`anishni boshlaydi. Biroq siz asl dugona bo`lsangiz, bu ishlarni qilmaysiz. «Men doim sen tomonman» deya olmasangiz, dugonalar safidan chiqing, sekingina u bilan muloqotingizni to`xtating.
Hamkasblar, tanishlar, sinfdoshlar, xullas, barcha erkaklar
Siz taniydigan ayolning boshiga ish tushdi — yolg`iz qoldi. Unga boshi ochiq xotin emas, opa yoki singil deb qarang. Uning oniy ojizligidan foydalanishga urinmang. Nafs yomon, bilamiz, balki uning o`zi siz bilan gap otishgisi kelayotgandir, balki o`zini ko`z-ko`zlayotgandir (yoki sizga shunday tuyulayotgandir). Ammo shu ayol o`rnida opa yoki singlingiz, yo bo`lmasa qizingiz ham bo`lishi mumkinligini unutmang. Unga yomon niyat bilan yaqinlashmang. Oilangizni, farzandlaringizni o`ylang. Jilvadan yiroq, toqatga yaqinroq bo`ling.
Va nihoyat, ayolning o`zi
O`zingizdan o`tganini o`zingiz bilasiz. Endi sizga ikki baravar og`ir. Lekin ahvolingizning ijobiy tomonlari bor. Siz baxtdan umidvor bo`lishingiz mumkin, erkin bo`lolmassiz baribir (axir, farzandlaringiz bor), ammo tinchroq, xotirjamroq yashashingiz mumkin. Sabr, axloq va halollik — mana shu uch so`zni biling, qolganini unuting.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA





