Xitoyliklaring tuganmas pullari turli xil futbolchilarni o`ziga jalb etishda davom etmoqda. Teves kabi 30 yoshga to`lgan yulduzlardan tashqari, Oskar, Xalk kabi faoliyatining cho`qqisiga etgan o`yinchilar ham Xitoy Superligasi tomon yo`l olmoqdalar. Hatto O`zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov ham Xitoyga yo`l oldi.
"Fut.uz" portali Xitoy millionlarini emas, futbolni tanlagan futbolchilar va murabbiylar bilan tanishtirdi.
Krishtianu Ronaldu

Yangi yil oldidan portugaliyalik futbolchining agenti Jorje Mendesh Xitoy klubi Ronalduni sotib olish uchun «Real»ga 300 mln va uning o`ziga yiliga 100 mln evro maosh taklif qilganini aytib o`tgan edi, ammo «Oltin to`p» sohibi bu taklifni rad etgan.
Fyodor Smolov

«Menga yozda Xitoy klubidan moliyaviy tomondan supertaklif bo`ldi. O`ylaymanki, Rossiya chempionatidagi hech qaysi klub bunday taklif bilan chiqa olmaydi. Ammo men bu taklifga o`ylab ham o`tirmay rad javobini berdim. Mening o`z maqsadlarim bor va oxir-oqibat bu maqsadimga erishmoqchiman», – deydi Smolov.
Zlatan Ibrahimovich

So`nggi yillarda Zlatanga Xitoy klublaridan bir nechta takliflar tushdi, ammo shvesiyalik futbolchiga yillik 120 mln funt maosh kamlik qilayotgan ko`rinadi.
Sesk Fabregas

Ispaniyalik futbolchi hali 30 yoshga to`lmadi, ammo uning «Chelsi» asosiy tarkibidagi o`rni yo`qolib borayotgandek tuyulmoqda. Uning Xitoyga ketishi mantiqqa yaqinroq ko`rinmoqda, biroq Sesk Xitoy klubidan tushgan 30 mln evrolik taklifni rad etdi.
Ueyn Runi

Ushbu mavsumda Runi «MYu» va Angliya termasi asosiy tarkibidagi o`rnini yo`qotib qo`ydi. Shunga qaramay u «Manchester Yunayted»ga sodiq qolmoqda va Xitoy klubidan tushgan taklifni rad etdi.
Luka Modrich

Yiliga 20 mln evrolik maosh xorvatiyalik futbolchini o`ziga og`dira olmadi. Modrich «Real»ni sevadi.
Markos Roxo

Yozda «MYu» argentinalik himoyachini sotib yuborishga tayyor edi, biroq Roxo Chin yurtiga ketishni istamadi.
Ernanes

«Yuventus»ning braziliyalik yarim himoyachisiga xitoyliklar 7 mln evro taklif etdilar va rad javobini oldilar. Aytgancha, Manjukichni ham anchadan beri Xitoyga chaqirmoqdalar.
Nikola Kalinich

«Fiorentin» hujumchisi ikki yil ichida Xitoy klubida 20 mln evro ishlab olishi, klubiga esa 45 mln evro keltirishi mumkin edi. Ammo, o`xshamadi.
Visente Del Boske

«Men Xitoydan taklif oldim. Gap yiliga 10 mln evro haqida borayotgan edi, ammo men bu taklif klubdanmi yoki terma jamoadan tushganmi shuni tushunmadim. To`g`risini aytsam men bunga e`tiborimni qaratmadim ham», – degan edi mutaxassis.
Sem Ellardays

«Ha, menga Xitoydan taklif bor edi, biroq men Angliyada qolishni istadim. Dunyo o`zgarmoqda va bu futbolga ham o`z ta`sirini o`tkazmoqda. Xitoy katta kuchga ega bo`lmoqchi va pulni ayamay eng yaxshi futbolchilarni sotib olmoqda. Bu to`g`ri yoki noto`g`riligini vaqt ko`rsatadi», – deydi Angliya terma jamoasi sobiq murabbiyi.
Joze Mourino

Mourinoga taklif tushgani haqida xabarlar yo`q, ammo Joze bunga o`z munosabatini bildirib o`tgan. «Xitoyliklaring pullari hammani jalb etmoqda, ammo men yuqori darajadagi futbolni yoqtiraman. Men endi 53 yoshga to`ldim va hali Xitoyga ketishga yoshlik qilaman»





