AsosiySport

Valeriy Nepomnyashchiy: “Odil Ahmedov 18 yoshligida maydonda o`zini xuddi 30 yoshdagidek his qilardi”

O`zbekiston terma jamoasi sardori, bir necha kun avval “Shanxay SIPG” a`zosiga aylangan Odil Ahmedovning birinchi murabbiyi Valeriy Nepomnyashchiy “Sport-Ekspress” nashriga bergan intervyusida futbolchi 10 yil avval qanday bo`lgani haqida so`zlab berdi, deb xabar bermoqda O`FF matbuot xizmati. 

73 yoshli mutaxassis, xususan, tajribali yarim himoyachining yoshligi, Rossiya chempionatidagi faoliyati, Xitoy chempionatiga o`tishi haqida gapirdi.

“Sport-Ekspress” muxbiri  aynan Valeriy Kuzmich Odil Ahmedovning birinchi murabbiyi bo`lgani haqida savol berarkan, mutaxassis bunday ma`lumot qaerdan olingani haqida hayratga tushdi.

“Bunday ma`lumotni qaerdan topdingiz? Bu kimgadir ma`lum ekanini bilmagandim”, – deya hayratga tushdi Nepomnyashchiy.  “Aslida, o`shanda men unda katta futbolchini ko`rganman, bugun Odil shu darajaga etdi. U Evropaga emas, Xitoyga yo`l olganidan afsusdaman, ammo boshqa tomondan bu Ahmedov uchun unchalik yomon emas”.

Valeriya Nepomnyashchiy 29 yoshli yarim himoyachining yoshligini yodga olib, u shijoatga to`la bo`lgani, maydonga tajribali futbolchilardek to`p surishini aytdi.

“Bilasizmi, Odil 18 yoshli bolakayligida o`zini maydonda xuddi 30 yoshdagidek his qilardi. U hammasini bilardi, ko`rardi va barchasidan xabardor edi. Lekin hayotda u kamtar, bosiq va uyatchan yigit. Maydonda esa – mutqalo boshqacha. Unga o`zi bilgan ishni qilishga imkoniyat berish kerak. Uning potensiali o`shandayoq ko`ringandi, bu erda mening xizmatim yo`q. Esimda, o`sha paytda ikki yosh yigit paydo bo`lgandi – Ahmedov va Vitaliy Denisov. Ularning har ikkisi O`zbekiston termasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ba`zi futbolchilarga murabbiyning e`tibori kerak emas, Odilga esa dalda berib, qo`llab-quvvatlash kerak”, – deya fikr bildirdi mutaxassis.

73 yoshli mutaxassisning fikricha, Odil Ahmedov o`zini to`liq kashf etmadi va bundanda ko`prog`iga munosib. Nepomnyashchiy bu borada quyidagilarni ta`kidlab, Ahmedov Evropada to`p surishga loyiq ekanini aytdi.  

“Menimcha u ko`prog`iga munosib. Biroq u Rossiyadagi faoliyatini munosib o`tkazdi. Ahmedov bilan ishlagan murabbiylardan so`rang, ularning Odilga shikoyati bormikan? U yuqori darajadagi professional va jamoaviy o`yinchi”, – dedi mutaxassis.  “Krasnodar”da u asosan qanot yarim himoyasida o`ynadi, aslida esa Odil tayanch yarim himoyachisi. Bunday futbolchilarni “Box to box” deyishadi. “Anji”da u yulduzli tarkib a`zosi edi, “Krasnodar”da ham Ahmedov kerakli o`yinchi bo`lgandi”.

Nashr muxbirining Ahmedov qaysi futbolchiga o`xshashi borasidagi savolga Valeriy Kuzmich Odil o`ziga xos ekanini yashirmadi. “Faqatgina kuchsiz futbolchilarni taqqoslash mumkin. U – Odil Ahmedov va bu bilan barchasi aytilmoqda”, – dedi u.  

Tajribali yarim himoyachining ilk murabbiyi, shuningdek, Odil Ahmedov so`nggi bir yarim mavsumda yuqori formada bo`lmaganini ma`lum qildi. “So`nggi bir yarim mavsum Odil uchun yuqori darajada o`tmadi. Vaqti-vaqti bilan u asosiy tarkibdan tushib qolardi”.

Valeriy Nepomnyashchiy Odil Ahmedovning “Shanxay SIPG”ga o`tishi uning faoliyatida pasayish emasligi, Xitoy chempionati o`ziga yarasha qiziqarli ekanini aytdi.

“Odil o`z mentaliteti bilan Xitoy futboliga mos keladi. Unga Xitoyda to`p surishni kim tavsiya qilganini bilmayman, lekin u erda futboldan zavq olish mumkin”, – deydi mutaxassis.

Ma`lumot uchun, Valeriy Nepomnyashchiy 2006 yili O`zbekiston terma jamoasi va “Paxtakor” klubida ishlagan. Odil Ahmedov ham aynan o`sha yili professional faoliyatini boshlagan edi.

2006–2011 yillar davomida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan Ahmedov ikki karra O`zbekiston chempioni (2006, 2007), uch karra O`zbekiston Kubogi sohibi (2006, 2007, 2009) hamda Hamdo`stlik mamlakatlari Kubogi (2007) g`olibi bo`lgan.

Shundan so`ng Odil Ahmedov Rossiya chempionatiga yo`l olib, 2011–2014 yillarda Maxachqal`aning “Anji” klubida to`p surdi. 2011 yilda u “Anji”ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.

O`zbekistonlik yarim himoyachi “Shanxay SIPG” klubiga o`tishdan avval 2014–2016 yillarda “Krasnodar” jamoasida o`ynadi. 2014/15 yilgi mavsumda u “Krasnodar”ning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingandi.

Bundan tashqari, 29 yoshli futbolchi 4 marta – 2009, 2011, 2014 va 2015 yillarda O`zbekistonda tengsiz futbolchi deb topilgandi.

    Boshqa yangiliklar