O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Yangi yil arafasida – 2016 yil 30 dekabr kuni mamlakatimizning etakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, tijorat banklari rahbarlari, Fanlar akademiyasi a`zolari, etakchi oliy o`quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
Davlatimiz rahbari yig`ilganlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabrikladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, ta`lim tizimini rivojlantirish, innovasion iqtisodiyot taraqqiyotiga alohida e`tibor qaratilganini ta`kidladi.
Bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko`tarishni talab qilmoqda. Zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz echish qiyin. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir.
Bu boradagi ishlar bugun izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning yaqinda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag`batlantirish to`g`risidagi farmonida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o`rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag`batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.
Ilm-fan bilan shug`ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap, dedi Prezidentimiz. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag`batga munosib.
Mamlakatimiz va jamiyatimizning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o`zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovasion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning hammasini ham ilm-fanning bugungi yuqori rivojlanish darajasiga to`la javob beradi, deb bo`lmaydi.
Yuqori texnologik ilmiy mahsulotlarni amaliyotga joriy etish uchun yangi zamonaviy tajriba-ishlab chiqarish, konstruktorlik-texnologik tashkilotlar hamda innovasiya markazlarini tashkil etish zarur. Marketing va lisenziyalash xizmatlari talab darajasida emas. Bu mamlakatimiz ilmiy-innovasion mahsulotlarini amaliyotga keng tatbiq etishda yaqqol sezilmoqda.
Fan, ta`lim va ishlab chiqarish integrasiyasini yanada takomillashtirish muhimligi alohida qayd etildi. Yangi texnologiyalarni joriy qiluvchi korxonalarga imtiyozlar va preferensiyalar berish ilm-fanga investisiya kiritadigan korxonalar soni sezilarli darajada oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavjud ilmiy salohiyat va mablag`larni iqtisodiyot tarmoqlarining buyurtmalari va muayyan muammolarni echishga qaratilgan eng muhim ustuvor tadqiqotlarga yo`naltirish zarur.
Jahonning etakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va Fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishni zamonning o`zi talab qilmoqda, dedi Prezidentimiz. Xorijning etakchi o`quv va ilmiy muassasalarida ta`lim va ilmiy daraja olgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoitlar yaratib berish, ularni rag`batlantirish choralarini ko`rish kerak.
Mamlakatimizda yuqori salohiyatga ega, jahon miqyosida e`tirof etilgan olimlar ko`p. Ular o`z maktablarini yaratishi, shogirdlar tarbiyalashi lozim. Yosh avlodni salohiyatli kadrlar etib tarbiyalashdagi birinchi bosqich – maktab ta`limini tubdan takomillashtirish, ilmiy kadrlar va yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonining uzluksizligini ta`minlash zarur. Bu yo`lda hech narsani ayamaymiz, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoevning saylovoldi uchrashuvlarida ilgari surilgan takliflar, jumladan, zamonaviy texnoparklar, Akademiklar shaharchasida erkin iqtisodiy hudud maqomiga ega bo`lgan Innovasion markaz tashkil etish bo`yicha tashabbusi ilmiy-tadqiqot institutlari, ta`lim muassasalari va sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, sohaga mahalliy va xorijiy investorlarni keng jalb etish imkonini berishi ilm-fan ahli tomonidan alohida ta`kidlandi.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Solihov, Fanlar akademiyasi akademiklari A.Qayumov, M.Salohiddinov, R.Ubaydullaeva, S.Rashidova, A.Glushenkova, T.Daminov, J.Bozorboev, B.Yo`ldoshev, B.Nazarov va boshqalar Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan farmoni soha rivojida muhim rol o`ynashini ta`kidlab, mavjud dolzarb masalalar, mamlakatimizda ilm-fan hamda innovasion faoliyatni yanada rivojlantirish yuzasidan o`z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi. Prezidentimizga mamlakatimizda ilm-fan va innovasion faoliyatni qo`llab-quvvatlayotgani, ilm ahlini rag`batlantirishga qaratayotgan alohida e`tibori uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev iqtisodiyotimizning barcha sohalari taraqqiyotida ilm-fanning o`rni, ahamiyati g`oyat katta ekani, bu borada davlatimiz birinchi galda Fanlar akademiyasi va olimlarga suyanishini, fan va ishlab chiqarish hamkorligi bugun nihoyatda dolzarb ekanini alohida ta`kidladi. Yig`ilganlarni yana bir bor Yangi yil bayrami bilan qutladi.





