AsosiySUG'DIYONA

Yangi yil oqshomidagi irimlar

Avvalo yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutlaymiz! Irimlar, ayniqsa, shu bayram bilan bog`liq ekanligiga ko`pchilik qiziqadi. Chunki Yangi yilni qanday kutib olsang, kelgusi hayoting shunday kechadi, deyishadi. Ishoning, ammo biror irimga amal qilolmay qolsangiz, sira kuyunmang —  bularning ko`pi hayotni yanada qiziqarli qilish yo`lidagi izlanishlar-ku?!

  • Agar Yangi yil kuni yangi narsa kiysa, kelayotgan yil omadli kelarkan (bu odatni hoynahoy ayollar o`ylab topishgan bo`lishsa kerak, shu bahonada turmush o`rtoqlaridan anchagina pul so`rab oladilar-da!).
  • Yangi yilning qanday kelishi faqat Yangi yil kirib keladigan tunga emas, shu kundan so`nggi o`n ikki kunga bog`liq deyishadi. Har bir kun bir oyga taalluqli bo`ladi. Mana, masalan, iyun oyida dam olishga borishni istasangiz, 6 yanvar kuni faqat dam oling (faqat bu ish kuningizga to`g`ri kelib, ta`tildan ham quruq qolib ketmasangiz bo`lgani!).
  • Yangi yil dasturxonida taomlar va ichimliklar mo`l-ko`l bo`lishi kerak, shunda butun yil oilada to`kinlik bo`ladi. Bu albatta avvalo har kimning imkoniyati va to`kislikni qanday ifodalashiga bog`liq (kimdir butun bozorni ko`chirib kelsa ham dasturxonidan ko`ngli to`lmaydi, boshqa birovga esa dasturxonda ikkita nonu qorin to`ygulik taom, yaqinlarning ahil-jamligi - shuning o`zi cheksiz baxt!).
  • Yangi yilda hech kimga qarz bermaslik kerak. Ammo ko`pincha buni qilmaslikning iloji yo`q. Axir yaqin kishingiz shunday kunda muhtoj bo`lib tursa-yu, siz yo`q desangiz? Agar irimlarga juda ishonsangiz, bu keyinchalik sira xayolingizdan ketmay, rostdanam ishingiz yurishmay qolishi mumkin. Shu toifadan bo`lsangiz, qarz bermang va olmang. Aksida esa bunda hech qanday «xatar» yo`q.
  • Yangi yil oldidan uydagi janjalni ko`chaga chiqarmaslik kerak, aks holda, yil bo`yi uyingizdan tushunmovchilik arimaydi. Irimlarga ishonasizmi, yo`qmi, har ehtimolga qarshi, bu irimga amal qilish kerakka o`xshaydi. Chunki eng asosiysi — oiladagi tinchlik (shu bahonada ko`p urishadigan  er-xotinlar bir umrga yarashib ketishsa hech gapmas!).
  • Yangi yil kirishi oldidan so`nggi qadahni kim ichsa, yil unga omadli keladi. Buni esa ochilgan ichimliklar dasturxonda qolib ketmasligi uchun aytishgan bo`lsa kerak. Ammo shu bahonada qiziqarli bir musobaqa ham boshlanib ketishi ajab emas.

 

Boshqa yangiliklar