Yangi yil ostonasidamiz! Ushbu yilni qarshilayotgan qaynonalarga kelinlari o`z qizlaridan-da mehribon bo`lishlarini tilab qolamiz! Va ularni o`z qizlariga aylantirib qo`yuvchi oddiy, ammo sehrli qoidalarni eslatib o`tamiz!
- Avvalo keliningizni o`z bolangizdek ko`rib, «qizim, bolam», deb uy-ro`zg`or ishlarini erinmay o`rgating. Bayramga birga tayyorgarlik ko`ring. Oila a`zolaringiz qanday taomlarni xush ko`rishini eslating. O`z o`rnida uning ham fikrlariga quloq tuting. Balki kelingiz Yangi yilni yangicha tarzda kutib olish sirlarini bilar!
- Kelinning qilgan ishi, ovqati, yurish-turishidan ayb qidiravermang. Boshqalarning e`tiroziga ham keliningizning yonini olgan holda javob qaytaring. Biror aybi bo`lsa, boshqalardan xoli o`ziga tushuntiring.
- Hech qachon «kelinim yomon chiqdi, o`g`limga boshqa xotin olib beraman», demang. Bu haqda o`ylamang ham! Axir insonni tarbiyalash mumkin-ku?!
- O`g`lingiz, qizlaringizga keliningizga sovg`a olib berishlarini maslahat bering. O`zingiz ham unga Yangi yil hadyasi bering. Bundan uning ko`ngli tog`dek ko`tariladi!
- Nabiralaringiz bilan birga bayram sayllariga boring. Farzandlariga mehribon, e`tiborli ekaningizdan keliningizning sizga yanada mehri oshadi!
- Qaynonalar, oilalar mustahkamligi sizga bog`liq. Bu eng avvalo sizning burchingiz! Kelin ham, kuyov ham — farzandimizning jufti haloli, boldek shirin nabiralarimizning ota-onasi. O`z farzandingizdek sevib, ardoqlasangiz, ular ham mehru muhabbatini sizdan ayamaydi!
- Yangi yilda yanada YaXShI, MEHRIBON, xullas kalom, SUPER QAYNONA bo`ling!





