AsosiySUG'DIYONA

Yangi yilgacha... Nimalarga ulgurish kerak?

Yumushlar labirintidan chiqish yo`llarini birgalikda izlaymiz

Juda ajoyib davr-da shu yilning oxirgi haftasi. Hamma do`konlarga yugurgan, bayram dasturxoni tadorigini ko`rgan, munajjimlar bashoratini o`qigan, yaqinlariga sovg`alar, bolajonlar tabriknomalar tayyorlashgan... Xonadonlar mandarin va archa iforiga to`ladi. Katta oila dasturxon atrofiga jamlanadigan xonadonlarda ayniqsa kelinlarga ish ko`payadi. Ammo bu bekalik, xususan, pazandalik mahoratini namoyon qilish uchun zo`r imkoniyatdir. Xullas, bugun yangi yil oldi yugur-yugurlari haqida gaplashamiz. Nimalarni amalga oshirishimiz kerak, qanday qilsak hammasiga ulguramiz? Asosiysi, jarayonni to`g`ri tashkillashtirib olsangiz bo`ldi. Demak, boshladik.

Taomnoma tuzamiz

Birinchidan, bayram dasturxoni uchun taomnoma tuzamiz. Vaqtingiz oz qolgan, shu sababdan turli tajribalarni bir yoqqa surib, yaxshi tanish bo`lgan, pishirganingizda oila a`zolaringiz maqtab-maqtab eydigan taom va pishiriqlarni tanlang. Shunda eng oxirgi daqiqalarda hamma dasturxon atrofiga jamlanganda yangi pishirgan taomingiz “kutilmagan sovg`a” qilib (ya`ni o`xshamay) sizni uyaltirmaydi. Taomnomaga yangilik kiritmoqchi bo`lsangiz, shu bugun yo erta uni bir pishirib “repetisiya” qilib oling. Aks holda hech kim yangi yil dasturxoningizga qo`lini ham urmaydi. Pazandalik mahoratingiz esa “ikki”ga baholanishi mumkin.

Ikkinchidan, tez buzilmaydigan mahsulotlarni sotib olish payti etdi (agar shu kungacha buni amalga oshirib ulgurmagan bo`lsangiz, albatta). Sharbatlar, shprot, konservalangan no`xat va jo`xori, mayonez, ziravorlar, noringa go`sht, qazi... Aks holda bayramga bir-ikki kun qolganda do`konlarda navbat kutib qimmatli vaqtingizni boy berishingiz mumkin. Biryo`la Yangi yil sovg`alarini ham sotib oling. 

Uchinchidan, archa o`yinchoqlarini qutichalardan olib bir tekshirib ko`ring. Singan, buzilganlarini tashlab yuborib, o`rniga yangilarini sotib olishga vaqtingiz bor hali.

Uy tozalashning ayni vaqti

Uy ko`tarish vaqti keldi. Javonlarni tartibga soling, eski-tuskilarni tashlab yoki ehtiyoji borlarga berib yuboring (aks holda ularni yana kamida bir yil asrab qo`yishingiz tayin). Gilamlarni qoqing, yumshoq mebelni tozalang, tokchalar, oshxona shkaflari, g`aladon va omborxonalarni tartibga soling. Parda va choyshablarni yuving, oynalarni arting. Bu ishlarni endi orqaga surib bo`lmaydi, axir, 31 dekabr kuni uy ko`tarmassiz?!

Norin pishirishga qaror qilganlar go`shtni tuzlab qo`ying.

Kiyimlarni tartibga keltiring

Bayram oqshomida kiyadigan kiyimlaringizni tayyorlab qo`ying. Yangi kiyim tiktirayotgan bo`lsangiz, tikuvchingizni shoshiring. Garderobingizda bor kiyimni kiymoqchi bo`lsangiz, sinchiklab qarang: dog`lari yo`qmi, yomon hid taratmayaptimi... Zarur bo`lsa yuvib, dazmollashga vaqt kerak. Bolalarning kiyimlarini ham unutmang, turmush o`rtog`ingiznikini-ku, inchunun. Aks holda bu erlarning odati ma`lum, 31 dekabr kuni hamma ishingizni tashlab ko`ylak dazmollashga majbur qilishadi.

Darvoqe, boshqa masalliqlarni sotib olish vaqti etdi – yog`, tuxum, margarin... Xullas, bu yog`i ro`yxat bo`yicha. Sotib olayotgan masalliqlaringizning ishlab chiqarilgan va saqlash muddatlariga e`tibor bering, ko`pincha bayramoldi savdosida saqlash muddati oz qolgan yoki o`tib ketgan masalliqlar peshtaxtalarda ko`payib qoladi negadir...

Qoshlar, tirnoqlar va sochni tartibga keltiramiz!

Bu kunni o`zingizga bag`ishlang. Kosmetologga boring (albatta bir muddat avval qabuliga yozilib qo`yish esingizdan chiqmagan bo`lsa), tirnoqlarni parvarishlang, sochlarni tartibga keltiring. Agar kosmetolog qabuliga avvaldan yozilib qo`ymagan bo`lsangiz yoki boshqa biron sabab bilan uning oldiga borolmasangiz, uy sharoitida teringizga mos niqoblar qiling. Qoshlarni tering. Yuzni bug`lash, shifobaxsh giyohlar va tuzlar bilan vannalar qabul qilish... Xullas, u yog`ini o`zingiz bilasiz. Unutmang, teringiz ushbu muolajalardan keyin o`ziga kelib olishi, qizarishlar, shishlar ketishi uchun vaqt kerak. Shu sababli bu ishlarni oxirgi kunga qoldirmang. 

Eringizni sartaroshga jo`nating. Bolalar ham esdan chiqmasin. Hali maktab va bog`chadagi ertalabki tadbirlarga borish, bog`cha opayu o`qituvchilarning ko`nglini olish, ishxonadagi korporativ bazmlar ham bor. Xullas, ishlaringiz ko`p. Ishlaydigan ayollar yaxshi bilishadi: yil oxirida loyihalarni yopish, hisobotlar topshirish, rejalar taqdim etish kabi talay vazifalar tufayli ushlanib qolishingizga to`g`ri kelishi mumkin. Shu sababli vaqtingizni to`g`ri taqsimlang.

Bozor o`charda kam-ko`st chiqmasin

“Xolodes” uchun oyoq sotib olganmidingiz? Bo`lmasa, bozorga choping. Norinning xamirini buyurtma berish esdan chiqmadimi? O`zim tayyorlayman deysizmi? Unda yaxshi. Muzlatkichga tartib bering, keyingi bir necha kunda unga ham ancha yuk tushadi. Elektron pochta, ijtimoiy tarmoq orqali tabrik xatlarini tayyorlab, jo`natishni boshlashingiz mumkin, vaqt tig`iz bo`lganda muhim odamlarni tabriklash esdan chiqib qolishi bor...

Ishqilib charchab qolmang-da

Bugun ishingiz rosa qaynaydi. Birinchidan, uy tozalash. Uy ko`targaningizdan keyin o`tgan bir necha kun ichida chang yig`ilgan, gilamlar ifloslangan bo`lishi tayin. Shuning uchun changyutgich bilan xonalarni bir aylanib chiqish, changlarni artish, stol-stullarni artib-tozalab, dasturxon va sochiqlarni dazmollab qo`yish kerak.

Ikkinchidan, bugun “xolodes” tayorlash, norinning go`shtini va qazini pishirib qo`yish, salatlarning sabzavotlarini qaynatib, tortning korjini va pechenelarni pishirib olish kerak. Hammasini rejalashtirib oldingizmi? Unda, olg`a!

Aytgancha, turmush o`rtog`ingizga ayting, ishdan qaytishida xo`l mevalarni olakelsin.

Kechqurun dasturxonini xomaki tuzab qo`yasizlar (dasturxon solib, idishlarni qo`yib chiqasiz). Ertaga bunga vaqtingiz bo`lmaydi.

Xush kelibsiz, mehmonjonlar

Bugun – 31 dekabr. Ertalabdan salatlar va bayram tortini pishirib oling (sovuq gazaklarni kecha tayyorlab qo`yganingiz qanday yaxshi-a?).

Peshinda biroz mizg`ib oling, axir oldinda sizni uyqusiz tun kutayapti. Shu sababli kuch to`plash zarar qilmaydi. Kechqurun issiq taomlarni tayyorlashga va gazaklarni kesishga kirishsangiz bo`ladi. Kech soat oltilarda noz-ne`matlarni dasturxonga qo`yasiz va mehmonlarni kutasiz.

Muhimi, hamma ishlarni rejadagidek bajarib, vaqtida dam ham olganingiz uchun tetik va bardamsiz. Ko`zlaringiz yonib, chehrangiz quyoshdek charaqlab turibdi. Bu butun oilangizning kayfiyatiga ta`sir etadi. Unutmang, ayol oiladagi kayfiyatni yaratuvchidir.

Yangi yilga bir soat qoldi!

Hammasiga ulgurdingiz shekilli. O`zingizga ham qarab, yasanib oldingizmi? Unday bo`lsa bayram dasturxoniga marhamat!

Yangi yil muborak!!!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Boshqa yangiliklar