AsosiyMutolaa

Jallod “Ota o`g`il”

“Birovni kaltaklasang, boplab adabini bergin, toki ikkinchi bor senga ro`baro` kelishga qo`rqsin”

O`g`lining maktabda qilgan mayda bezoriligi uchun o`qituvchining e`tirozi va jarima to`lashi haqidagi xabarini eshitgan Umarali “Kaptiva”sini yuqori tezlikda darvozaxonaga haydab kirdi-yu, ammo tormozni bosishga kechikdi. U itni orqa oyog`i bosib majaqlab yubordi. Bu holatdan faqatgina oilaning kenjatoy erkasi Javohir o`zini yo`qotmadi. U erto`ladan boltani olib chiqdi-da, bir zarb bilan itning shalvirab qolgan oyog`ini tizzasidan chopib tashladi. Keyin itni bir amallab qopga solib terakzorga tiriklayin ko`mib keldi.

— "Birovni kaltaklasang, o`rnidan turmaydigan qilib adabini bergin, toki ikkinchi bor senga ro`baro` kelishga qo`rqsin", deb o`zingiz aytgansiz-ku, — “nima bo`ldi” degandek, savol nazari bilan unga qarab turgan otasiga javob berdi Javohir.

—  Ha, ota o`g`il, aqlingga qoyil! – o`g`lining elkasiga qoqdi ota. – Kelgan balo shu itga urgan bo`lsin...

***

"Har kim ekkanini o`radi" deganlaridek, xuddi shu tobda u sassiq-alaf urug`ini ekib, rayhonu atirgullar unib chiqishini kutayotgandi...

Maktabni amal-taqal tamomlagan “ota o`g`il” qurilish kollejini ham bir amallab bitirdi.

Qurilishni ozroq o`rgangan bu yigit yakka tartibda uy quradigan mijozlarning ishonchini tez qozonar, 5-6 kishilik guruh tuzib, ishni jadal boshlab yuborardi. Ammo pulni olgach bu erlarda qaytib qorasini ko`rsatmasdi.

ESKI TANISh
Javohir o`zidan yoshi ancha katta, eski tanishi Habibulla bilan pivoxonada tasodifan uchrashib qoldi.

— Jo`va, o`shanda pulni olib, “quyonni rasmini chizvorgan” ekansan, – shirakayf Habibulla uning yoqasidan oldi. — Qurilishning egasi bir oy bizni tekinga ezib ishlatdi. Qani, haqimni cho`z!

Piyonista og`aynisi bilan yarashish uchun bir shisha aroq etarli ekanini yaxshi bilgan Javohir, o`zi ham "chanqab" turganligi bois, sherigini yarim tungacha mehmon qildi. Bazmi jamshid ertasiga ham, indiniga ham davom etdi.

— Menga qara, Jo`va, — dedi sigaret tutatarkan Habibulla, – senga yangi dazmol va billur stakanlar kerakmasmi, sotaman? O`zimniki. Pul kerak, tushundingmi? – dedi stoldagi deyarli bo`shab qolgan aroq shishasiga imo qilgan sherigi. —  Xotinim va qizim ikki kundan beri bozorda sotisholmayapti.

— Aytaman, dadam sotib oladi, — dedi Javohir. — Ertaga dala-hovliga olib kelishsin.

— Ular ertaga ertalab yonimizdagi bozorcha eshigi yonida bo`lishadi, xotinim Vikani taniysan, uni otangning oldiga o`zing boshlab borasan, — dedi Habibulla.

Kelishilgan joyda uni kutib turgan Vika xolani Javohir uzoqdan tanib oldi. Vika eski tanishi bilan uchrashgach, yonidagi, kshrinishidan o`smir yoshdagilarga o`xshaydigan qizi Oydin bilan Javohirni tanishtirdi. Uchalasi bu erdan uncha uzoq bo`lmagan Javohirlarning dala-hovlisi tomon piyoda ketishdi.

BO`YDOQONA HAYoT

Ota-onasi bilan tez-tez arazlashib turadigan Javohir, asosan mana shu erda bo`ydoqona hayot kechirardi. Ikki qavatli bu hashamatli binoni otasi puli ko`paygan paytlarida qurdirgan bo`lib, hozir qarovsiz, ancha nurab qolgandi.

Dala hovlidagi bog`ni aylanib, u erdagi uzumlardan tanovvul qilgach:

— Endi ketaylik, oyi, — dedi Oydin iymanib. 

O`y-xayoli shu norasida qizni "to`ri"ga ilintirish bilan band bo`lgan Javohir xushomadni joyiga qo`yib dedi:

— Siz uyga boravering, Vika. Boya telefonda dadam kelolmasliklarini aytgandilar. "Narsalarni tashlab ketaverishsin, pulini ertaga beraman", dedilar. Ichkarida o`zim devorga ishlagan naqshlar bor. Shularni ko`rsatamanu, qizingizni ortingizdan jo`natib yuboraman. 

Ona rozi bo`lib, uzum to`la xaltani ko`targancha yo`lga tushdi.

JIRKANCh NIYaTGA PAND BERGAN ChAQIRIQ

Qizni binoning ikkinchi qavatiga boshlab chiqqan Javohir, naridan-beri naqshlarni ko`rsatdi-da, uni deyarli majburlab stol atrofidagi kursiga o`tqazdi. Yigit qo`shni xonaga chiqib ketgandan so`ng atrofni ko`zdan kechirgan qiz, burchakdagi ko`rpalari betartib bo`lib yotgan temir karavotni ko`rdi-yu, negadir yuragini vahima bosdi.

Bu vaqt shaytonning gapiga kirib, jirkanch niyatini amalga oshirish uchun hamma narsaga tayyor turgan yigit, oshxona pichog`ini ko`tarib, qizning yoniga chiqdi.

Xuddi shu vaqt kutilmaganda tashqaridan tanish ovoz eshitildi:

— Oydin, yur qizim, ketdik...

Onasining tovushini eshitgan qizga “jon” kirib, o`rnidan sakrab turdi. Javohir chapdastlik bilan hozirgina qizning tomog`iga tiralishi lozim bo`lgan pichoq bilan dasturxondagi olmaning po`stlog`ini arta boshladi.

Javohir ko`zlagan niyatiga etolmay armonda qoldi.

KO`NGIL SEZGAN NOXUShLIK

Ertasi kuni ozroq pulni yoniga solib, Habibulla bilan aroqxo`rlik qilish uchun uning uyiga kelgan Javohir, ajoyib xushxabarni eshitib, suyunib ketdi.

—   Oshnangiz shaharda ishga joylashdi, endi faqat yakshanba kunlari bo`sh bo`ladi, – dedi Vika yigitni ichkariga taklif qilarkan.

—   Dadam haligi stakanlar bilan dazmolning pulini bergandi-ya, ola kelaman deb, yodimdan chiqibdi, — dedi yigit.

Keyin biroz o`ylangan kishi bo`lib, qo`shib qo`ydi:

— Agar Oydinni menga qo`shib yuborsangiz, pulni berib yuborardim.

Yigit va qiz kimsasiz uyning ikkinchi qavatiga ko`tarilishdi. Tanish xonaga kirgan Oydin, allaqanday noxushlikni sezgandek, orqasiga tislandi. Ammo qochishga kech bo`lgandi... Or-nomusi toptalgan ojiza qizni darvozagacha kuzatib qo`ygan Javohir, dedi:

— Voqea to`g`risida birovga "churq" etadigan bo`lsang, seni ham, ota-onangni ham, barcha oila a`zolaringni ham so`yaman, tushundingmi? Qasam ich!

Shu kuniyoq jinoyati fosh bo`lishidan qo`rqqan Javohir, ishlash bahonasida Qozog`istonga qochib ketdi.

Oradan 8-9 oy o`tgach, "yopig`liq qozon yopig`ligicha qolgan"ligiga ishonch hosil qilgan yigit yana shaharchaga qaytib keldi.

UYDAGI “SIRK”

Ko`ngliga nima kelsa, shuni qilib kelgan Javohir, jinoyati jazosiz qolganidan keyin bosar-tusarini butunlay unutdi.

Kuppa-kunduz kuni u ikki shisha aroq va bir shisha salqin ichimlikni ko`tarib, Viktoriyaning xonadoniga kirib keldi. Garchi, oldindan xabardor bo`lsa-da, Habibullaning bugun uyga kelmasligini eshitgan mehmon, shishalarni ko`tarib, yolg`ondakam ketishga otlanganini ko`rgan uy bekasi, uni bir amallab qolishga ko`ndirdi. 

Shu orada xonada paydo bo`lgan Oydin, onasiga dugonalari bilan sayr qilib kelishini aytib, chiqib ketdi.

Anchaga cho`zilgan bazmi jamshiddan tagidan qirqilgan daraxtdek, yonboshiga "shilq" etib ag`darilgan ayol uyquga ketdi. Uyga kirib onasining ahvolini ko`rgan Oydin onasiga nima bo`lganini tushunishga uringunicha Javohir yolg`ondan gandiraklab borib, kirish eshigini qulflab keldi. Uning qaytib kelayotganini ko`rgan qiz, qo`rqib ketdi. Javohirning maqsadining anglagach esa jon holatda o`zini himoya qilishga urindi. Azbaroyi jahli chiqqan Javohir, qizning qo`llarini qayirib, qo`shni xona eshigigacha sudrab keldi. Qiz so`nggi kuchini yig`ib, yigitning qo`lidan chiqdi-da, o`zini onasi yotgan joyga otdi. U qo`llari bilan onasining oyoqlarini quchoqlab oldi. Ammo onasi ichgan aroqlari sabab hali ham o`ziga kelmagandi.

— Sirk tugadi, manjalaqi! — xitob qildi Javohir hamon labidan sizib chiqayotgan qonni engi bilan artarkan. So`ng qizning ikki oyog`ini ikki qo`ltig`iga qistirib, qo`shni xonaga sudrab ketdi. Yigit xonaning chirog`ini o`chirib, eshigini berkitdi...

Nomusi toptalgan qiz bechora ertalabgacha onasining tepasida o`tirib, yig`lab chiqdi.

Tong saharda kayfi tarqab, uyg`ongan Vika, qizining lab-lunji shishib, ko`zlari ko`karganini, qulog`ida esa qon qotib qolganini ko`rdi-yu, uni so`roqqa tutdi.

Boshi qattiq lo`qillayotgan ona qizining gaplarini oxirigacha eshitmay, shisha tagidagi yarim piyoladan mo`lroq qolgan aroqni "yutdi"-yu, yana o`rniga yiqildi.

Shu voqealardan keyin Javohir yana yarim yilcha vaqt dom-daraksiz, qayoqlargadir yo`q bo`lib ketdi...

UZOQ TANAFFUSDAN KEYINGI TAShRIF

Yana paydo bo`lganida esa ikki shisha aroqni qo`ltiqlab Habibullanikiga otlandi. Mehmonga ko`zi tushgan Oydin, o`zidan bir yosh kichik jiyani Genani boshlab, tashqariga chiqib ketdi.

Aroqni faqat ikkita piyolaga quyilganini ko`rgan Javohir, uy egasiga savol nazari bilan qaradi.

— Shifokorlar Vikaga ichishni butunlay taqiqlab qo`yishdi, — dedi Habibulla divan-karavotda rangi bir ahvolda yotgan xotinini ko`rsatib. — Qaytaga yaxshi bo`ldi, mazza qilib ichamiz.

Boshda do`stona gaplashib o`tirgan "ulfat"larning ovozi ikkinchi shisha yarimlagandan so`ng balandlashdi. Uy egasining maqtanchoqliklari mehmonning nafsoniyatiga tega boshladi.

— Qulog`imga lag`mon osavermang, Xaba, — dedi yigit qo`lini sherigiga bigiz qilib, — men yosh bola emasman.

— Mening oldimda sen ona suti og`zidan ketmagan go`daksan, tushundingmi? — o`rnidan turdi gandiraklab Habibulla. — Sen dumbulvoyga “laqabimni aytma”, deb ogohlantirganman.

Shundan so`ng uy egasi xotini yotgan divan-karavot ostiga mo`ralab, nimanidir izladi. Axtargan narsasini topolmagach, qo`shni xona eshigini ocharkan, g`o`ldiradi:

— Sen dumbulvoyni jazolashim kerak. Hukm o`qildi, shikoyatga o`rin yo`q!

Vika bilan gapga chalg`ib qolgan Javohir, orqa tomonidan Habibullaning qo`lidagi temir bo`lagi bilan bergan zarbasiga chap berib qoldi. 

O`rnidan turgan yigit bir hamla bilan Habibullaning qo`lidagi temir bo`lagini tortib oldi-da, uning boshiga tushirdi. Boshiga yana ikki-uch marta temir kaltak tushganidan keyin tinmay baqirib-so`kinayotgan erkakning ovozi o`chdi.

Javohir erini oxirgi daqiqalargacha qo`lidan kelgancha qattiq himoya qilgan Vikani ham ayamadi, boshiga ketma-ket uch marta temir bo`lagi bilan urdi. Xonaga birdan sukunat cho`kdi.

Javohir qo`lidagi temirni uloqtirib yubordi-da, boshi qonga belanib yotgan Habibullani sudrab vannaxonaga olib kirdi. Ko`ngli nimadandir to`lmadi shekilli, uning boshini suv to`la vannaga tiqib qo`ydi. Vikaning jonsiz jasadini esa vannaxona devoriga suyab, o`tqizib qo`ydi.

Ammo hali hushini yo`qotmagan Habibulla tizzalab o`tirib olib, allanarsalarni g`uldirab gapirganini eshitgan Javohir mixda ilinib turgan erkaklar ko`ylagining engini jabrlanuvchining bo`yniga sirtmoq qilib soldi-da, jon-jahdi bilan bo`g`a boshladi. Birpasdan keyin oyoq-qo`li, boshi shalvirab osilib qolgan murdani vannaga suyab, o`tqazib qo`ydi.

Bu orada qayoqdandir paydo bo`lgan va murdalarni ko`rib qo`rqib qochgan Vikaning nabirasi Genani tutib olib mehmonxonaga sudrab kirdi. Bolani avval boshiga temir bo`lagi bilan urdi, keyin shu atrofdan dorga tortiladigan arqon topib, Genaning bo`yniga soldi. Bolaning murdasini qotil hojatxonaga olib kirib tashladi.

Uyga mo`ralab, Javohirning harakatlaridan xabar topgan Oydin ham qochishga urindi. Javohir uni tutolmadi. Qizni qo`lga tushirolmagan qotilning “patagiga qurt tushdi”. Mamlakatdan qochib ketishni rejalashtirgan jinoyatchi xonadon chiroqlarini o`chirdi, eshikni qulflab, kalitni cho`ntagiga soldi-da, juftakni rostladi.

U pasportini olib chegaradan o`tib ketayotganda ushlandi.

*   *   *

Uch nafar begunoh insonni o`ta shafqatsizlik bilan o`ldirgan, shuningdek balog`at yoshiga etmagan qizni zo`rlagan odamkush Javohir Umaralievga jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sodir etilgan ushbu o`ta og`ir jinoyatning og`riqli nuqtalari ko`p. Axir jinoyat cho`lda yoki kimsasiz orolda emas, odamlar zich yashaydigan ko`pqavatli uyda sodir etilgan. Nahotki, baqir-chaqirni hech kim eshitmagan bo`lsa?.. 

Savollar bisyor, javob esa bitta. U ham bo`lsa — loqaydlik. Oldindan uzr so`ragan holda aytmoqchi edik, agar jabrlanuvchilar orasida tasodifan sizning yaqin kishilaringiz bo`lib qolganda, nima qilardingiz? Biz javob talab qilmaymiz. Ammo bu haqda chuqur mulohaza qilib ko`rish imkoniyati mavjudligini eslatib qo`ymoqchimiz, xolos.

Ismatulla MAMANOV,
Jinoyat ishlari bo`yicha 
Toshkent viloyat sudining sudyasi.

    Boshqa yangiliklar