Namangan shahrida avtomashina boshqarib ketayotgan paytda megafondan foydalangan haydovchiga nisbatan ma'muriy chora ko'rildi.
Bu haqda YHHX axborot xizmati ma'lum qildi.
Ma'lum bo'lishicha, Chevrolet Malibu rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan haydovchi megafon orqali boshqa haydovchilardan yo'lni bo'shatishni talab qilgan. U mazkur harakatlarini videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqatgan.
Surishtiruvlar davomida ushbu shaxs Abbos Yusupov ekani aniqlandi. Uning jamoat joyidagi harakatlari boshqa haydovchilarning noroziligiga sabab bo'lgan.
Huquqbuzar o'z qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, agar ovoz kuchaytirgich qurilmasi avtomobilga doimiy o'rnatilmagan bo'lsa, bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi, deb o'ylaganini aytgan.
Ma'lum qilinishicha, Malibu avtomashinasi jarima maydoniga joylashtirilgan, haydovchi foydalangan megafon esa daliliy ashyo sifatida olingan.
Sud qaroriga ko'ra, haydovchi 1,5 yil muddatga transport vositasiini boshqarish huquqidan mahrum etildi.






