Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan 8 davlat — Turkiya, Misr, Iordaniya, Indoneziya, Pokiston, Qatar, Sauudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Isroil tomonidan Al-Aqso masjidiga kirishga qo‘yilgan cheklovlarni qoraladi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur davlatlar tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot qabul qilgan. Unda Isroil hukumatining Ramazon oyida musulmonlarning Al-Aqso masjidiga kirishiga to‘sqinlik qilayotgani tanqid qilingan va xalqaro hamjamiyat bu holatga nisbatan chora ko‘rishiga chaqirilgan.
Bayonotda Quddusning Eski shahri va ibodat joylarida joriy etilgan xavfsizlik cheklovlari xalqaro qonunlar, jumladan, xalqaro gumanitar huquq normalariga zid ekani ta’kidlangan.
Vazirlar, shuningdek, Isroilni Al-Aqso masjidi eshiklarini ochishga, Quddusning Eski shahriga kirish cheklovlarini bekor qilishga va musulmon ibodat qiluvchilar uchun masjidga erkin kirish imkoniyatini ta’minlashga chaqirgan.






