Ayol zoti borki, hamisha nimadandir ko`ngli to`lmaydi. Ayniqsa, go`zallik borasidagi talabchanlik bizga qon bilan kirgan. Va shunisi ham bor gapki, ba`zan yuzimizdagi kamchiliklar ko`ngilni xira qilganida tushkunlikka berilamiz. Kayfiyatni tushirishga hojat yo`q, vizajist – Elya ShABANOVA tavsiyalariga amal qiling.
- Tonal krem yordamida burun shaklini “o`zgartirish”ni istasangiz, kremingiz teringiz rangidan 1-2 hissa to`qroq bo`lsin.
- Kalta ammo hajmli burunni biroz cho`ziqroq va ensizroq ko`rsatish uchun burun yonlariga to`q, o`rtasiga esa och tonal krem surtish maqsadga muvofiq.
- Uzun va ingichka burunning uchiga va burun teshigiga to`q, markaziy qismiga esa ochroq tonal krem ishlating. Shunda burningiz kengroq va kaltaroq ko`rinadi.
- Qirra burunni “tekislash” uchun qosh o`rtasiga och tonal asos, qirraning o`ziga esa to`q tonal krem surtib, yaxshilab ishqalang, aks holda bu holat e`tiborni jalb qilishi mumkin. Burunning boshqa qismlarini oqartirish shart emas.
- Katta dumaloq burunni biroz “kichraytirish” uchun uning ikki yon tomonini to`q korrektor yordamida tuzatib chiqing.





