Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan 2017 yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e`lon qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko`tarishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
“O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularda ko`tarilgan masalalarni o`z vaqtida hal etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur kompaniyaning tarkibiy tuzilmalari hamda tumanlardagi filiallari faoliyati bilan bog`liq masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflarni to`g`ridan-to`g`ri kompaniya boshqaruvi raisiga yuborish uchun “O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining virtual qabulxonasi ishga tushirildi.
Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Muxtorali Qo`chqorov tabiiy gaz bosimi juda pasayib ketganligi, qishning sovuq kunlarida mahalla xonadonlari sovib ketayotganini aytib, “O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasiga murojaat qilgan.
– Yurtimizda tashkilotlarning virtual qabulxonalari ishga tushirilgani biz fuqarolarning og`irini engil qilmoqda, – deydi M.Qo`chqorov. – Gaz ta`minoti bilan bog`liq muammolar va nuqsonlar endi barham topadi, deb umid qilamiz. Shikoyatim ikki kun ichida o`rganilib, soha xodimlari mahallamizdagi gaz trubalari yaroqsiz holatda ekanligini aniqlab, yangisiga almashtirdi. Hozir «zangori olov» bosimi me`yorida. Muammolarimizni o`rganib, vaqtida hal etganlari uchun mazkur kompaniya xodimlariga mahallamiz nomidan tashakkurnoma yubordik, deya yozadi O`zA.
Ana shu mazmundagi ariza-murojaat Jizzax shahrining Olmazor mahallasidagi Toshloq ko`chasi, 7-uyda yashovchi Bobur Ismoilovdan ham kelib tushgan.
– Gaz ta`minotida muntazam uzilishlar bo`lib turardi, – deydi B.Ismoilov. – Shu bilan birga gaz bosimi pasayib ketardi. “O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining virtual qabulxonasi ishga tushganini eshitib, mazkur muammolarni hal etishda amaliy yordam so`rab, ariza bilan murojaat qildim. Uch kun ichida soha xodimlari kelib, muammoning echimini topdi. Aholi tomonidan ko`plab qo`lbola gaz uskunalari o`rnatilgani, noqonuniy gaz ta`minotidan foydalanayotgan shaxslarning nojo`ya hatti-harakatlari sababli ayrim fuqarolar jabrlanayotgani oshkor bo`ldi. Muammolar joyida hal etildi.
“O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining virtual qabulxonasi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini tubdan isloh etish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, samaradorligini oshirishda ayni muddao bo`ldi. www.uztg.uz virtual qabulxonasi, +99871 150-31-14 raqamli “ishonch telefoni” va kompaniya elektron pochta manziliga murojaat qilish va ko`tarilgan savollarga javob olish imkoniyati yaratildi.





