Farg‘ona va Namanganda hokimiyat mas’ullarining pora va firibgarlik bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari DXX va tegishli idoralar tomonidan to‘xtatildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bog‘dod tuman hokimining o‘rinbosari 8 ming AQSh dollari olgan paytida ushlangani ma’lum qilindi. Tergovga qadar tekshiruv natijasida u "elektron onlayn auktsion" orqali ijaraga olingan yerni boshqa shaxsga mulk qilib berishni va’da qilgani aniqlandi.
Namanganda esa shahar hokimining mahalla masalalari bo‘yicha yordamchisi "Yashil makon" loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonini keyinchalik turar-joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilib, 6 ming dollar talab qilgani uchun mazkur pulni olgan vaqtda qo‘lga olindi.
Shuningdek, Yangi Namangan tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 12 sotix yerni hujjatlashitirib berish evaziga 16 ming dollar so‘ragan holda, oldindan 6 ming dollarni qabul qilib olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.






