AQShning Vashington shtatida H5N5 parranda grippi bilan kasallangan keksa bemor vafot etdi. Ma'lumotlarga ko'ra, marhumning uy hovlisida turli turdagi parrandalar bo'lgan, lekin virusning odamdan odamga yuqishiga oid hech qanday dalil topilmagan.
Sog'liqni saqlash idoralari bemor bilan aloqada bo'lgan shaxslardan virus aniqlanmaganini ma'lum qildi va umumiy xavf darajasi past ekanini ta'kidladi. AQShda so'nggi bir yarim yilda qayd etilgan deyarli barcha holatlar H5N1 bilan bog'liq edi. H5N5 bilan qayd etilgan ushbu o'lim esa yangi bosqich sifatida baholanmoqda.
CDCning ta'kidlashicha, ko'plab bemorlar virusni kasal qoramol yoki parranda bilan bevosita kontakt orqali yuqtirgan. Ayrim holatlarda kasallik yengil kechsa, boshqalarida og'ir simptomlar kuzatilmoqda.
So'nggi yillarda parranda grippi sutemizuvchilar orasida ham ko'proq aniqlanayotgani qayd etilgan.






