Vogue jurnalining avgust sonida Guess brendining yozgi to‘plamiga oid reklama chop etildi. Unda silliq terili, mukammal qomatli ayol modellar ko‘rinadi. Ammo reklamaning kichik burchagida “AI-generated” — ya’ni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan degan yozuv bor. Bu Vogue sahifasida ilk bor to‘liq sun’iy model ko‘rinish bergan holat hisoblanadi.
Mazkur reklama moda sanoatida ishlovchi haqiqiy modellarning haqlarini, shuningdek, yoshlar ongiga singayotgan ideal go‘zallik tasvirlarini muhokama markaziga olib chiqdi.
Mutaxassislar ushbu kampaniyani “insoniylikdan uzoq va salbiy ta’sir kuchiga ega” deya baholamoqda. Britaniyadagi Beat tashkiloti bu kabi suratlar tanani noto‘g‘ri qabul qilishga va ovqatlanish buzilishlariga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Guess bilan ishlagan Seraphinne Vallora kompaniyasi vakillari esa AI modellar haqiqiy modellarning o‘rnini bosmaydi, balki ularni “to‘ldiradi” deya izoh berdi. Biroq kompaniya vebsaytida bu texnologiyaning afzalligi sifatida vizajist, suratkash va model xarajatlarining yo‘qligi ko‘rsatilgan.
Jurnalga berilgan tanqidlar kuchaymoqda. Vogue esa bu reklama tahririyat qarori emas, balki oddiy tijorat e’loni ekanini ma’lum qildi. Shunga qaramay, moda olamida AI modellarining kelajagi yuzasidan munozaralar davom etmoqda.