G‘azoda so‘nggi 24 soat ichida Isroil armiyasining butun hudud bo‘ylab uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 71 kishi halok bo‘ldi. Isroilliklar bosib olingan G‘arbiy Sohil bo‘ylab reyd o‘tkazib, odamlarni hibsga oldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
So‘nggi 4 hafta ichida Isroil kuchlari tomonidan uyushtirilgan hujumlarda jami 549 falastinlik halok bo‘lgan, yana 4066 nafari jarohatlangan. Isroil G‘azoga qarshi urush boshlaganidan beri qurbonlar soni 56 259 kishidan oshgan, 132 458 kishi jarohat olgan.
Isroil qo‘shinlari bosib olingan G‘arbiy Sohil bo‘ylab hibsga olish harakatlarni olib bormoqda.
Isroil harbiylari so‘nggi 24 soat ichida bosib olingan G‘arbiy Sohil bo‘ylab bir nechta hududlarga bostirib kirgan, jumladan: Qalqilya, Azzun shaharlarida, Qabatiya, Jenin, Kafr Malek va Ramallohning sharqida hamda Nablus g‘arbidagi Tal qishlog‘ida reydlar o‘tkazilib, odamlar hibsga olingan.
G‘arbiy sohildagi Kafr Malek qishlog‘ida 3 nafar falastinlik 5 nafar isroillik ko‘chmanchi tomonidan o‘ldirilgan edi. Isroil politsiyasi 25 iyun kuni qotillikda gumonlanganlarni politsiya bo‘limiga olib ketgan. Biroq ularning aybi yo‘qligini aytib, qo‘yib yuborilgan.
Birlashgan Arab Amirliklari 26 iyun kuni bayonot berib, yuqoridagi hujumni qoralagan va Isroil hukumatini “to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, ushbu dushmanona amaliyotlarni to‘xtatishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga” chaqirgan.