AsosiyJamiyat

Aprel oyida Toshkentdagi uylarning narxi qancha bo‘ldi?

Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikki oylik pasayishdan so‘ng, aprel oyida barqaror tiklanishni ko‘rsatdi.

'Aprel oyida Toshkentdagi uylarning narxi qancha bo‘ldi?'ning rasmi

Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikki oylik pasayishdan so‘ng, aprel oyida barqaror tiklanishni ko‘rsatdi. Oy davomida bitimlar hajmi 20 foizga oshib, 24 mingtani tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining hisobotida keltirilgan.

Aprel oyida ko‘chmas mulk bozoridagi hududiy dinamika barqaror o‘sishni ko‘rsatib, respublikaning hech qaysi hududida bitimlar hajmida pasayish qayd etilmadi.

Faollikning eng sezilarli o‘sishi Namanganda (39 foiz), Samarqand (29 foiz) va Buxoro viloyatlarida (27 foiz) qayd etildi.

Aprel oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narx o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga oshdi.

Yillik hisobda o‘sish 2,4 foizni tashkil etdi. O‘sish sur’atlari Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori qayd etilgan.

Aprel oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori nisbatan barqarorlikni ko‘rsatdi. Ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmagan (0,3 foiz pasayish).

Yillik hisobda ham birlamchi, ham ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlarida narxlarning pasayishi kuzatildi.

Ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,3 foizga kamaygan bo‘lsa, birlamchi uy-joy segmentida esa pasayish 4,2 foizni tashkil etdi. Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Chilonzor (10,7 foiz), Mirzo Ulug‘bek (9,4 foiz) va Yashnobod (8,2 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa (15,3 foiz), Shayxontoxur (13,3 foiz) va Yunusobod (8,8 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Aprel oyida Toshkent shahrida ijara narxlarining barqarorligi kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,4 dollarni tashkil etadi.

Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlarining pasayishi sekinlashib, 3 foizni tashkil etdi. Yil davomida ijara narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa, Yunusobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar