AsosiyDunyo

Germaniya byudjeti bosim ostida

Davlatning soliq tushumlari keskin kamaymoqda

'Germaniya byudjeti bosim ostida'ning rasmi

Germaniya iqtisodiyotidagi sust o‘sish hamda fuqarolar uchun joriy etilgan soliq imtiyozlari tufayli davlat byudjetiga kutilganidan 33 milliard yevroga kam mablag‘ tushadi. Bu holat Berlinni yaqin yillarda moliyaviy rejalashtirishni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Germaniya Iqtisodiyot vazirligining yangi prognoziga ko‘ra, 2029 yilgacha mamlakat federal byudjetiga tushadigan soliq tushumlari avvalgi hisob-kitoblarga qaraganda 33,3 milliard yevroga kam bo‘ladi. Butun davlat sektori, ya’ni federal daraja, yerlar va mahalliy hokimiyatlar bo‘yicha umumiy yo‘qotish 81,2 milliard yevroni tashkil qilishi kutilmoqda.

Soliq tushumlarining pasayishiga ikki asosiy omil sabab bo‘lmoqda:

1. Fuqarolar uchun yangi soliq imtiyozlarining joriy etilishi;

2. Iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasaygani sababli kompaniyalar kamroq foyda solig‘i to‘layapti.

2025 yilda Germaniya iqtisodiyoti umuman o‘smasligi, 2026 yilda esa bor-yo‘g‘i 1 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot vazirligi aprel oyida ma’lum qilgan edi.

Mamlakatning yangi moliya vaziri Lars Klingbayl bunday vaziyatda yagona yechim sifatida iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishni ko‘rib chiqmoqda:

“Bizga yangi moliyaviy manevrlar uchun imkoniyatlar kerak. Bunga faqat iqtisodiy o‘sish hisobiga erishish mumkin. Shu sababli hozir biz Germaniyada so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilmagan eng keng ko‘lamli modernizatsiyani boshlayapmiz”, — deydi u.

Germaniyada byudjet muvozanatini saqlash bo‘yicha qat’iy siyosat yuritilayotgani inobatga olinsa, bu moliyaviy tanqisliklar hukumat uchun jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin. Endilikda Berlin qattiq iqtisodiy intizom va tarkibiy islohotlar o‘rtasida muvozanat topishga majbur bo‘ladi.

    Boshqa yangiliklar