Tramp xorij kinomahsulotlariga 100% boj kiritmoqchi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Gollivudning holatidan jiddiy tashvish bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Amerika kinoindustriyasi "juda tez o‘lib borayotgan" tarzda inqirozga yuz tutgan. Buning asosiy sababi sifatida boshqa mamlakatlar tomonidan amerikan kinoijodkorlarini, aktyor va studiyalarni o‘zlariga tortib olish harakatlari ko‘rsatildi.
"Gollivud va AQSHdagi ko‘plab kino markazlari bo‘shab qolyapti. Bu tasodifiy emas — boshqa davlatlar buni ataylab, muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirmoqda. Bu — Milliy Xavfsizlikka tahdiddir", — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida.
U shu munosabat bilan AQSH Savdo vazirligi va Savdo vakiliga chuqur tahlil asosida chet el filmlariga 100 foizli boj joriy qilish jarayonini tezda boshlashni buyurdi.
Ta’kidlash kerak, Amerika kinoindustriyasi Tramp joriy qilgan import bojlaridan ma’lum darajada allaqachon zarar ko‘rdi: Xitoy, bu bojlarga javob sifatida, o‘z kino bozorida AQSH filmlari uchun ajratilgan kvotani qisqartirishga qaror qildi.
"Xitoyga nisbatan bojlardan noto‘g‘ri foydalanish — AQSH hukumati tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xatodir. Bu albatta mamlakatimiz ichidagi auditoriyaning Amerika filmlariga bo‘lgan qiziqishini kamaytiradi", — deb bayonot berdi Xitoyning kinotarqatishni nazorat qiluvchi muassasasi.
"Biz bozor qoidalariga rioya qilamiz, auditoriya tanloviga hurmat qilamiz va Amerikadan import qilinadigan filmlar sonini ehtiyotkorlik bilan qisqartamiz", — deyiladi bayonotda.
Amerika kinosi, xususan Gollivud, 20-asr davomida dunyodagi eng nufuzli madaniy eksport vositasiga aylangan. «Gone with the Wind», «Titanic», «Star Wars» kabi filmlar nafaqat milliardlab dollar ishlagan, balki Amerika madaniyatini ham dunyoga tanitgan.
Biroq XXI asrga kelib, kinobozor globallashdi — Janubiy Koreya ("Parazitlar"), Hindiston (Bollywood), Xitoy (Tencent Pictures) va hatto Turkiya (Serdar Akar) o‘z kinoijodkorlari va tarmoqlari bilan xalqaro maydonga chiqmoqda.
Ayrim davlatlar o‘z studiyalariga katta subsidiyalar, soliq imtiyozlari, texnika va kadrlar uchun qulay sharoitlar yaratib, AQSH prodyuserlarini o‘z hududiga jalb qilmoqda. Misol uchun, Kanadada film suratga olish arzonroq, shu bois Netflix va Disney kabi studiyalar u yerda ko‘p ishlashmoqda.
Trampning fikricha, bu jarayonni cheklash uchun Amerika o‘z bozorini himoya qilishi shart. 100 foizli boj kiritilishi bilan, chet el filmlari AQSH kinoteatrlarida qimmatga tushadi, shu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarga kengroq yo‘l ochiladi.
Bu fikr, albatta, bahsli. Ayrim kino mutaxassislariga ko‘ra, bu nafaqat senzuraga olib kelishi, balki Amerika bozoridagi madaniy xilma-xillikni kamaytiradi. Ammo Tramp uchun mahalliy ish o‘rinlari, ijodkorlarni saqlab qolish va milliy kinonsoniyatni himoya qilish — birinchi o‘rinda.
Agar Tramp bojlari amalga oshirilsa Netflix, Hulu, Amazon kabi striming platformalar chet el kontentini kamaytirishi mumkin. Shuningdek, Gollivud qayta tiklanish imkoniga ega bo‘ladi, ammo bozorda raqobat hanuz katta. Qolaversa, Ayrim xalqaro prodyuserlar Amerika bilan kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Abdulloh Sayyid